O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tabiat bayrami – hayot bayrami
2017-06-04 | Ekologiya
Poytaxtimizning G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida Jahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri o‘tkazildi.
O‘zbekiston Ekologik harakati va Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Ekoharakat deputatlar guruhi qator tashkilotlar bilan birga tashkil qilgan tadbirda parlament a’zolari, Ekoharakat faollari, diplomatik korpus vakillari, yoshlar, keng jamoatchilik ishtirok etdi.
O‘zbekiston Ekologik harakati Markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi B.Alixonov, Malayziyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Dato Norayni binti Abd Hamid, Qozog‘iston Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Yerik Utembayev va boshqalar istiqlol yillarida O‘zbekistonda ekologik xavfsizlikni ta’minlash va atrof-muhitni muhofaza qilishning mustahkam huquqiy bazasi shakllantirilgani, bugun mazkur sohada davlat boshqaruvini tubdan takomillashtirish, ekologik holatni yaxshilash, chiqindilarning fuqarolar sog‘ligiga zararli ta’sirining oldini olish, aholi turmush darajasi va sifatini oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish borasida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbarining shu yil 21-apreldagi "Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida"gi farmoni bu borada dasturilamal bo‘lmoqda.
1972-yil 5-iyunda Stokgolm shahrida Birlashgan Millatlar Tashkilotining atrof-muhitga bag‘ishlangan konferensiyasida xalqaro hamjamiyat e’tiborini atrof-muhitni muhofaza qilish muammolariga qaratish hamda global ekologik inqirozning oldini olish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish maqsadida Jahon atrof-muhitni muhofaza qilish kunini nishonlash to‘g‘risidagi hujjat qabul qilingan. Shundan buyon dunyoning qator mamlakatlarida ushbu sanaga bag‘ishlab turli tadbirlar, jumladan, “yashil” konsertlar, ko‘rik-tanlovlar, bog‘lar yaratish, shuningdek, atrof-muhit tozaligiga qaratilgan turli ekologik aksiyalar o‘tkaziladi. Bu jarayonda O‘zbekiston Ekologik harakati atrof-muhitni va aholi salomatligini muhofazalash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik ta’lim-tarbiyani takomillashtirish, xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, jamoat ekologik nazoratini amalga oshirish bilan bog‘liq ustuvor vazifalarni hayotga tatbiq etish borasida izchil ish olib borayotir.
Tadbir doirasida O‘zbekiston Ekologik harakati, Xalq ta’limi vazirligi va “Tong yulduzi” gazetasi tahririyati hamkorligida umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Onajonim tabiat” ijodiy tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan, tabiat manzaralarini tarannum etuvchi rasmlar bilan boyitilgan 100 ga yaqin insho, she’r va rasmlar orasidan saralab olingan ijodiy ishlar mualliflari diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
– Purviqor tog‘lar, bepoyon qir-adirlar, yaylovlar, fasllar tarovati aks etgan suratlar chizishni yoqtiraman. Bugun ana shu rasmlarim bilan mazkur ko‘rik-tanlovda g‘olib chiqdim, – deydi Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi 43-umumta’lim maktabining 7-sinf o‘quvchisi Mohinur Nizomova. – Orzum – rassom bo‘lish, O‘zbekistonimiz tabiatining go‘zalligini dunyoga tanitishga hissa qo‘shish.
Bugun keskin iqlim o‘zgarishlari insoniyatni jiddiy tashvishga solmoqda. Ushbu muammoning oldini olish, uning salbiy oqibatlarini yumshatish borasida mamlakatimizda ham qator ishlar olib borilmoqda. Iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlariga turli sohadagi bo‘lg‘usi mutaxassislar e’tiborini jalb etish maqsadida Ekoharakat qator vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda oliy o‘quv yurtlari talabalari va magistrlari o‘rtasida “Global iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha eng yaxshi g‘oya” tanlovini o‘tkazdi. Tadbir doirasida ushbu tanlov g‘oliblari ham taqdirlandi.
Bayram tadbirida XV Respublika ekojurnalistika tanlovi, “Tibbiyot, onalik va bolalikni muhofaza qilish va ekologiya” mavzuidagi ijodiy tanlov g‘oliblari e’lon qilinib, ularga esdalik sovg‘alari topshirildi.
San’atkorlar ijrosida ona tabiatni, olam va odam uyg‘unligini madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangradi.