O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Shavkat Mirziyoyev: ilm-ma’rifatni rivojlantirsak, hech qachon kam bo‘lmaymiz
2017-06-02 | Siyosat
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrifini “Bog‘i Bobur” istirohat bog‘i bilan tanishishdan boshladi.
Mazkur istirohat bog‘i Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 510-yilligi munosabati bilan foydalanishga topshirilgan. Bobur xalqaro jamoat fondi tasarrufidagi so‘lim maskan 357 gektar maydonni egallagan. Bog‘da Bobur Mirzoning ramziy qabri va haykali, “Bobur va jahon madaniyati” muzeyi barpo etilgan. Bobur hayoti va merosini o‘rganishga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy ekspeditsiya tomonidan olib kelingan noyob qo‘lyozmalar, kitoblar va tarixiy ashyolar o‘rin olgan muzey mamlakatimizdagi diqqatga sazovor maskanlardan biriga aylangan.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan istirohat bog‘ini yanada obod qilish, muzeyni ta’mirlash va faoliyatini kengaytirish rejalashtirilgan.
Har bir hududga borganda o‘sha yerning tarixini o‘rganish va tiklashga e’tibor qaratmoqdamiz. Bobur Mirzo xalqimizning buyuk farzandi. Adabiyot, ilm, ma’rifat nuqtai nazaridan u hamon yashayapti. Bu maskanni yanada obod qilib, tarbiya o‘chog‘iga aylantirish zarur. O‘zligimizni anglab, buyuk tariximizni yoshlarga tushuntirsak, ilm-ma’rifatni rivojlantirsak, hech qachon kam bo‘lmaymiz, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz muzey eksponatlari bilan tanishdi. Olimlar va nuroniylar bilan muloqotda bo‘ldi.