O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat
2015-03-12 | Jamiyat
Termizda ona va bola salomatligini mustahkamlash masalasiga bag'ishlangan davra suhbati o'tkazildi.
O'zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan "Mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarining oila institutini mustahkamlash masalalarini yoritish bo'yicha salohiyatini oshirish" loyihasi doirasida tashkil etilgan tadbirda ommaviy axborot vositalari xodimlari, nodavlat tashkilotlari vakillari, ta'lim, tibbiyot sohasi mutaxassislari ishtirok etdi.
Surxondaryo viloyati hokimi o'rinbosari, xotin-qizlar qo'mitasi raisi Mavluda Qobulova va boshqalar oilalarda tibbiy madaniyatni yanada yuksaltirish, onalar va bolalarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko'rikdan o'tkazish, salomatligini muhofaza qilish yuzasidan amalga oshirilayotgan keng ko'lamli chora-tadbirlar yuksak samaralar berayotganini ta'kidladi.
– Ona va bola salomatligi millat genofondini saqlashning muhim omilidir, – dedi O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo'limi raisi Norquvvat To'rayev. – Mamlakatimizda bu borada ko'rsatilayotgan e'tibor va g'amxo'rlik odamlarning turmush darajasini yuksaltirib, umrini uzaytirishga, yosh avlodning har tomonlama barkamol ulg'ayishiga xizmat qilayotir. Bunday ulug'vor ishlarning mazmun-mohiyatini aholiga yetkazishda ommaviy axborot vositalarining o'rni katta. Tadbirda ona va bola salomatligini muhofaza qilishga qaratilayotgan alohida e'tibor hamda ularning samaralari aniq, sodda tushuntirilib, tajribali mutaxassislar hamkorligida ushbu mavzuni muntazam yoritib borish zarurligi qayd etildi.
Davra suhbatida Qumqo'rg'on tumanida onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar va ularning samaralari atroflicha tahlil qilindi.
– Aholi, ayniqsa, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilishda tuman xotin-qizlar qo'mitasi, "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati tuman bo'limi, mahalla fuqarolar yig'ini va birlamchi tibbiyot muassasalari hamkorligi muhim ahamiyat kasb etayotir, – deydi Qumqo'rg'on tumani tibbiyot birlashmasi bosh mutaxassisi Kumush Xudoyqulova. – Homilador ayollarni o'z vaqtida nazoratga olish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, tibbiy madaniyatini yuksaltirish, sog'lom oilani shakllantirish masalalariga qaratilayotgan e'tibor o'z samarasini bermoqda.