O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida (80, 93, 108, va 109-moddalariga)
2017-06-02 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
Qonunchilik palatasi tomonidan 2017 yil 23 mayda qabul qilingan
Senat tomonidan 2017-yil 27-mayda ma’qullangan
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga ushbu o‘zgartishlar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining mustaqilligini mustahkamlash maqsadida kiritilmoqda.
1-modda. 1992-yil 8-dekabrda o‘n ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining o‘n birinchi sessiyasida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, № 1, 4-modda; 1994-yil, № 1, 5-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-yil, № 3–4, 27-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 4, 162-modda; 2008-yil, № 12, 637-modda; 2011-yil, № 4, 100-modda, № 12/1, 343-modda; 2014-yil, № 4, 85-modda; 2017-yil, № 4, 135-modda) quyidagi o‘zgartishlar kiritilsin:
1) 80-moddaning:
5-bandi chiqarib tashlansin;
12-bandidagi «O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining» degan so‘zlar chiqarib tashlansin;
2) 93-modda birinchi qismining 13-bandidagi «O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining raisi» degan so‘zlar chiqarib tashlansin;
3) 108 va 109-moddalar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
«108-modda. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat hujjatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi ishlarni ko‘radi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tavsiya etgan siyosat va huquq sohasidagi mutaxassislar orasidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasining vakilini qo‘shgan holda saylanadi.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi o‘z tarkibidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining raisini va uning o‘rinbosarini saylaydi.
109-modda. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi:
1) O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlarining, hukumat, mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi davlatlararo shartnomaviy va boshqa majburiyatlarining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi;
2) O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan imzolanguniga qadar O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonunlarining, O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarini ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi;
3) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonunlarining O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa beradi;
4) O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalariga sharh beradi;
5) O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining muayyan ishda qo‘llanilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligi to‘g‘risida sudlar tashabbusi bilan kiritilgan murojaatini ko‘rib chiqadi;
6) Konstitutsiyaviy sudlov ishlarini yuritish amaliyotini umumlashtirish natijalari yuzasidan har yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risida axborot taqdim etadi;
7) O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari bilan berilgan vakolati doirasida boshqa ishlarni ko‘rib chiqadi.
Konstitutsiyaviy sudning hujjati rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Konstitutsiyaviy sudning hujjati qat’iy va uning ustidan shikoyat qilinishi mumkin emas.
Konstitutsiyaviy sudni tashkil etish va uning faoliyati tartibi qonun bilan belgilanadi».
2-modda. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi amaldagi tarkibining vakolatlari ushbu Qonun kuchga kirgan paytdan e’tiboran tugatilgan hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2017-yil 31-may
№ O‘RQ—430