O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yurt obod – ko‘ngil obod
2015-03-12 | Jamiyat
Yurtimizda ko'klam shukuhi kezmoqda. Tabiat jonlanib, dov-daraxtlar uyg'onmoqda, yashil maysalar yal-yal tovlanib, olamga xushbo'y ifor taratayotir. Navro'zi olam kirib kelmoqda.
Mamlakatimizning barcha shahar, qishloq va ovullarida Navro'z bayramini milliy urf-odatlarimizga mos tarzda kutib olishga taraddud ko'rilmoqda. Hovli-joylar, ko'p qavatli uylar, bog'-rog'lar, dalalarda tozalik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Prezidentimizning «2015-yilgi Navro'z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish to'g'risida»gi qarori, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 7-martda qabul qilingan farmoyishi bu boradagi sa'y-harakatlarni birlashtirish, ezgu ishlarni uyushqoqlik bilan tashkil etishda muhim dasturilamal bo'layotir. Mart-aprel oylari obodonlashtirish va ko'kalamzorlashtirish oyligi, deb e'lon qilindi. Uning doirasida 14-15-mart kunlari umumxalq xayriya hasharini o'tkazish rejalashtirilgan.
Bundan maqsad Navro'z umumxalq bayramiga munosib taraddud ko'rish, xalqimiz orasida o'zaro mehr-oqibat, hamjihatlikni yanada kuchaytirish, hududlarni obodonlashtirish va ko'kalamzorlashtirish, sanitariya holatini yaxshilash, «Keksalarni e'zozlash yili» Davlat dasturida ko'zda tutilgan vazifalarni amalga oshirishdir.
Poytaxtimizning Yashnobod tumanidagi mahalla fuqarolar yig'inlari bu yo'nalishda hamkor tashkilotlar bilan birgalikda chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqib, keng ko'lamli ishlarni amalga oshirmoqda.
«Mahalla» xayriya jamoat fondi Yashnobod tuman bo'linmasi raisi Ilhom Eshmurodovning aytishicha, tumandagi korxona, tashkilot, muassasalarning barchasi mamlakatimiz bo'ylab keng quloch yoygan «Mustaqilligimizning 24-yilligiga 24 tup ko'chat» loyihasiga munosib ulush qo'shishga intilmoqda. Joriy yilgi ko'kalamzorlashtirish mavsumida hududlarga o'ttiz ming tupdan ko'proq mevali, manzarali daraxt, gul ko'chatlari ekish rejalashtirilgan. Mahalla hududida foydalanilmay bo'sh turgan maydonlarda yangi bog'lar barpo etishga kirishildi. Binokor, Go'zal, Olmos mahallalarida aniqlangan ana shunday maydonlar chiqindilardan tozalanib, ko'chat ekishga tayyorlanmoqda.
Poytaxtimizda «Namunaviy mahalla» loyihasi asosida bunyodkorlik ishlari yanada keng tus olayotir. Yashnobod tumanidagi o'ndan ziyod mahallada shunday loyihalar amalga oshirildi. Mahallalar, ko'p qavatli uylar atrofida joylashgan noqonuniy qurilmalar olib tashlanib, ularning o'rniga avtomashinalar qo'yiladigan maydonchalar, sport majmualari, bolalar o'yin maydonchalari barpo etildi. Tumandagi bir yuz qirqdan ziyod zamonaviy o'yin qurilmalari bilan jihozlangan ana shunday bolalar maydonchalari xizmatidan aholi mamnun.
– Obodonlashtirish va ko'kalamzorlashtirish ishlarida mahallamiz ahli faol ishtirok etmoqda, – deydi «Navro'z» mahalla fuqarolar yig'ini raisi Mavluda Turdiboyeva. – Bugungi kungacha ikki yuz tupdan ko'proq mevali va manzarali daraxt, gul ko'chatlari ekildi. «Namunaviy mahalla» loyihasi asosida noqonuniy qurilmalardan bo'shagan maydonlarga zamonaviy savdo va maishiy xizmat ko'rsatish majmuasi qurilmoqda. Bunday yaratuvchilik ishlari mahallamizga fayz bag'ishlab, xalqimizning farovon turmush kechirishiga xizmat qilayotir.
Bu yilgi Navro'z bayrami taraddudi mamlakatimizdagi yana bir muhim siyosiy jarayon – Prezident sayloviga tayyorgarlik tadbirlari bilan uyg'un kechmoqda. Shu bois ommaviy hasharlar jarayonida mahallalar hududida tashkil etilgan saylov uchastkalari atrofini obodonlashtirish, xalqimizning ushbu siyosiy tadbirda faol ishtirok etishini ta'minlashga alohida e'tibor qaratilayotir. Navro'z mahallasida tashkil etilgan 345- va 346-saylov uchastkalarida ham bu borada keng qamrovli ishlar amalga oshirilganiga guvoh bo'ldik. Saylov uchastkalariga boradigan yo'llarga maxsus ko'rsatkichlar o'rnatilgan. Tevarak-atrofdagi daraxtlarga shakl berilib oqlangan. Yo'llar, ariq va lotoklar tozalanib, chiqindilar belgilangan joyga tashib ketilgan.
Obodonlashtirish va ko'kalamzorlashtirish oyligi doirasidagi tadbirlarni tashkil etishga yoshlar tashkilotlari ham munosib ulush qo'shayotir. «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati tuman kengashi tashabbusi bilan «O'tganlar ruhini shod etaylik» loyihasi doirasida qabristonlarda obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Tumandagi oliy o'quv yurtlari talabalari, kollej va litsey o'quvchilarining aksariyati har kuni darsdan keyin ushbu xayrli ishda qatnashayotir. Nuroniylarga e'zoz va ehtirom ko'rsatish, xalqimizning mehr-oqibat, o'zgalar ko'magiga muhtojlarni qo'llab-quvvatlash kabi tuyg'ularini yoshlar ongiga chuqur singdirish maqsadida yakka-yolg'iz qariyalarga uy ishlarida ko'maklashish, hovli-joylarni tartibga keltirish, yangi ko'chatlar o'tqazish ishlari olib borilayotir.
"Qadriyat, urf-odat, an'ana va yoshlar" festivalini tashkil etish va yuqori saviyada o'tkazishga qizg'in taraddud ko'rilmoqda. Ushbu festival doirasida xalq o'yinlari, milliy va zamonaviy liboslar ko'rgazmasi, varraklar sayli kabi madaniy-ma'rifiy tadbirlar tashkil etiladi.
Bunday yaratuvchilik, bunyodkorlik ishlari, bayram tadorigi yurtimizning barcha shaharu qishloqlarida uyushqoqlik bilan tashkil etilayotir.