O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ochiq axborot tizimi takomillashmoqda
2017-05-31 | Jamiyat
Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi tomonidan “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonunning ijrosini ta’minlashda arxivlarning roliga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
“O‘zarxiv” agentligi bosh direktori U.A’lamov va boshqalar mamlakatimizda arxivlarning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, arxivlar faoliyatini tubdan takomillashtirish, arxiv ma’lumotlarini sifatli saqlash va aholiga yetkazish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Davlat arxivlariga turli vazirlik va idoralar, qo‘mita va tashkilotlar tomonidan ularning faoliyatlari to‘g‘risidagi ochiq ma’lumotlar qabul qilinishi belgilangan. Davlat arxivlariga ma’lumotlar “pdf”, “WAV” (MP3) audio, “AVI” (MP4) video hamda “JPEG” formatda qabul qilinmoqda.
Mazkur ishlar 2016-yilda ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati to‘g‘risidagi axborotni axborot-kutubxona va arxiv muassasalariga taqdim etish tartibi to‘g‘risida”gi nizom hamda “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan axborot-kutubxona va arxiv muassasalariga taqdim etilgan hujjatlar bilan ishlash tartibi to‘g‘risida”gi yo‘riqnoma asosida amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda yuridik shaxslar vakillari va jismoniy shaxslar davlat arxivlariga kelib, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati to‘g‘risidagi ochiq axborotlar bilan tanishish imkoniyatiga ega.
Aholining arxiv hujjatlaridan foydalanishi uchun keng imkoniyatlar yaratish maqsadida agentlikning www.archive.uz sayti muntazam faoliyat ko‘rsatmoqda. Fuqarolarning murojaatlariga tezkor, qulay va o‘z vaqtida javob qaytarilishi arxiv muassasalari bilan fuqarolar o‘rtasida amaliy aloqalar mustahkamlanishiga zamin yaratmoqda.
Anjumanda ayrim vazirlik va idoralarning faoliyatini aks ettiruvchi axborotlar davlat arxivlariga o‘z vaqtida topshirilmayotganligi ko‘rsatib o‘tildi. Vazirlik va idoralarda ochiq ma’lumotlar ro‘yxati shakllantirilmaganligi, ularni axborot-kutubxona va arxiv muassasalariga topshirish bo‘yicha mas’ul shaxs tayinlanmaganligi buning asosiy sababi sifatida qayd etildi.
Jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldi.
Manba: O'zA