O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Serhosil va yuqori sifatli urug‘lik oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega
2017-05-31 | Jamiyat
Mamlakatimiz iqtisodiyotini yangi bosqichga olib chiqishda agrar tarmoqni barqaror rivojlantirish ustuvor ahamiyat kasb etadi. Ayni jarayonda urug‘chilik faoliyatiga jiddiy e’tibor qaratish hayotiy zarurat bo‘lib, bu yurtimizda oziq-ovqat xavfsizligi va mustaqilligini ta’minlashda alohida o‘rin tutadi.
Binobarin, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida tuproq-iqlim sharoitiga mos, qurg‘oqchilikka, sho‘rlanishga, turli kasallik va zararkunandalarga chidamli, ertapishar hamda hosildor qishloq xo‘jalik ekin navlarini yaratish, bu boradagi ilmiy-tadqiqot ishlarini kengaytirish, yuqori mahsuldorlikka ega yangi seleksion navlarni joriy qilish dolzarb vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi tomonidan “Urug‘chilik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ijrosini nazorat-tahlil doirasida o‘rganish yakunlariga oid o‘tkazilgan yig‘ilishda shular xususida so‘z yuritildi. Unda parlament quyi palatasi deputatlari, tegishli vazirlik va idoralar vakillari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda 1996 yilda qabul qilingan “Urug‘chilik to‘g‘risida”gi Qonun hamda sohaga oid ishlab chiqilgan 50 dan ortiq qonunosti hujjatlari yurtimiz va jahonning bu boradagi genofondini saqlab qolish hamda undan samarali foydalanishda, respublikaning turli tabiiy-iqlim mintaqalariga moslangan yangi tezpishar, serhosil, intensiv navlarini yaratish va ko‘paytirishda, qishloq xo‘jaligini yuqori sifatli urug‘liklar bilan ta’minlash hamda urug‘chilik ishlariga ilg‘or yutuqlarni joriy etishda muhim asos bo‘lmoqda.
Soha mutaxassislarining qayd etishicha, keyingi yillarda paxta, g‘alla urug‘chiligi bo‘yicha salmoqli natijalarga erishilmoqda. Masalan, 2015-2016 yillar mobaynida 50 dan ortiq yangi g‘o‘za navlari bo‘yicha birlamchi elita urug‘chilik ishlari olib borilgan. Bir yilda o‘rtacha 30 dan ortiq yangi g‘o‘za navlari sinovdan o‘tkazilayapti. Shuningdek, sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan mustaqillik yillarida sabzavot ekinlarining 69 ta, polizning 20 ta va kartoshkaning 10 ta, jami 99 ta navlari hamda F1 duragaylari yaratilgan.
Yig‘ilishda “Urug‘chilik to‘g‘risida”gi Qonun ijrosini ta’minlashda yutuqlar bilan birga, ayrim muammo va kamchiliklar borligi aytib o‘tildi. Xususan, mavjud genofondni saqlash, yangi navlar yaratish, serhosil va yuqori sifatli urug‘liklar bilan kafolatlash borasida belgilangan rejalar bajarilmasdan qolayapti. Shuningdek, belgilangan urug‘liklarni import va eksport qilish talablari ham amaliyotda to‘liq bajarilmayotir. Bugungi kunda respublikada 257 ta urug‘chilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi mavjud bo‘lsa-da, ularda yem-xashak ekinlari urug‘chiligi bo‘yicha hech qanday ish olib borilmagan. Bundan tashqari, sug‘urta fondlari tashkil etilmagan.
Ishtirokchilar “Urug‘chilik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini davr talablaridan kelib chiqib, takomillashtirish yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Yakunda amaldagi qonun hujjatlariga to‘la rioya etilishiga oid tavsiyalar berildi hamda qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.