O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Erkin iqtisodiy zonalar — ilg‘or texnologik ishlab chiqarish markazlari

2017-05-31 | Jamiyat

Mamlakatimiz mintaqalarining ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan kompleks va samarali foydalanishni ta’minlash, transport, muhandislik-kommunikatsiya hamda ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, ishlab chiqarish jarayonlariga yangi samarali texnologiyalarning tatbiq etilishini jadallashtirish maqsadida erkin iqtisodiy zonalarni tashkil etish muhim ahamiyat kasb etadi.

Aynan shuning uchun ham O‘zbekistonda mahalliy xomashyo va ishlab chiqarish zaxiralaridan keng foydalanish, shu asnoda erkin iqtisodiy zonalarda zamonaviy raqobatbardosh mahsulotlar tayyorlashga katta e’tibor qaratilmoqda. Mazkur jarayonni huquqiy jihatdan ta’minlashda sohaga oid qonunchilikning ham o‘ziga xos o‘rni bor.

Shu nuqtayi nazardan kelib chiqib, joriy yilning 30 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi Angren erkin iqtisodiy zonasida davra suhbati tashkil etdi. Tadbirda qatnashgan quyi palata deputatlari, Vazirlar Mahkamasining mas’ul xodimlari, tegishli vazirlik, qo‘mita va idoralar, respublikada tashkil etilgan barcha erkin iqtisodiy zonalar hamda sanoat korxonalari rahbarlari O‘zbekistonning ishlab chiqarish hamda resurslar salohiyatidan kompleks va samarali foydalanilishini ta’minlashda erkin iqtisodiy zonalarining roli xususida muhokamalar olib bordilar.

Tadbirni o‘tkazish uchun Angren erkin iqtisodiy zonasi bejiz tanlangani yo‘q. “Angren” erkin iqtisodiy zonasida Janubiy Koreya, Singapur, Avstriya, Buyuk Britaniya, Bolgariya kabi davlatlarning yetakchi firma va kompaniyalari hamkorligida turli o‘lchamdagi mis quvurlar, texnik kremniy, energiya tejovchi diod lampalar, ko‘mir briketlari va zamonaviy qurilish-pardozlash materiallari, shuningdek, shakar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar ishga tushirildi. Shuningdek, Angrenga temir yo‘l borgani va uning elektrlashtirilgani, vodiyga eltuvchi avtomobil yo‘lining talab darajasiga keltirilganligi, shaharning markazga yaqinligi hamda Angrendan poytaxtga kirmasdan mamlakatimizning boshqa viloyatlariga o‘tish imkoniyati mavjudligi sarmoyadorlarning “Angren” erkin iqtisodiy zonasiga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirmoqda.

Tadbir ishtirokchilari tomonidan mamlakatimizda erkin iqtisodiy zonalardagi korxonalar tomonidan tashqi bozorlarda talab katta bo‘lgan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni ta’minlaydigan, mineral-xom ashyo resurslarini yanada chuqurroq qayta ishlash bo‘yicha yangi zamonaviy quvvatlarni barpo etish, buning uchun hududlarga chet el investitsiyalarini jalb etishni kengaytirish maqsadida xorijlik investorlarga yangi imtiyoz va preferensiyalar berilayotgani ta’kidlab o‘tildi.

Ayni paytda mazkur sa’yi-harakatlar tufayli erkin iqtisodiy zonada faoliyat ko‘rsatadigan korxonalarga kiritiladigan investitsiyalar hajmiga qarab, 3 yildan 7 yilgacha bo‘lgan muddatga soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar qo‘llanilishidan tashqari, u yerda faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarga barcha qulay shart –sharoitlar yaratilmoqda.

Bu borada mamlakatimiz Prezidentining 2017 yil 12 yanvardagi “Urgut”, “G‘ijduvon”, “Qo‘qon” va “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoniga to‘xtalar ekanlar, ishtirokchilar mazkur hujjat hududlarda zamonaviy ishlab chiqarish korxonalarini barpo etish, yangi ish o‘rinlari tashkil etish hamda aholi daromadlarini oshirish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qilishini alohida ta’kidlab o‘tdilar.

Shu bilan birga, tashkil etilayotgan iqtisodiy zonalarning jadal rivojlanishini ta’minlash uchun ayrim foydalanilmagan imkoniyatlar va zaxiralarni ishga solish yuzasidan fikrlar-mulohazalar bildirildi. Jumladan, deputatlar erkin iqtisodiy zonalar xususiyatlari, beriladigan soliq va bojxona imtiyozlari haqida xorijiy investorlarni keng xabardor qilish chora-tadbirlarini kuchaytirish lozimligiga e’tibor qaratdilar.

Tadbir davomida deputatlar Angren maxsus industrial zonasida faoliyat olib borayotgan “Angren quvur zavodi” unitar korxonasi va “O‘z-Prista Resaykling” qo‘shma korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Davra suhbati yakuni bo‘yicha muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Поделиться