O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalqaro aloqalar rivoji – iqtisodiy taraqqiyotning muhim omili
2017-05-31 | Iqtisodiyot
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 24-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida mamlakatimizda investitsiya siyosatini kuchaytirish masalasiga alohida ahamiyat qaratgan edi. Xorijiy sarmoyalarni va ilg‘or texnologiyalarni iqtisodiyotga jalb etish uchun chet ellardagi diplomatik vakolatxonalarimiz jiddiy ish olib borishi lozim. Buning uchun Tashqi ishlar vazirligi faoliyatini kuchaytirish, chet mamlakatlardagi elchilarimiz nafaqat siyosiy, ayni vaqtda yurtimizga investitsiyalarni jalb qilish masalalari bilan ham faol shug‘ullanishlari darkor, deya ta’kidlagandi.
Bu vazifalar 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ham o‘z ifodasini topgan.
Bugungi kunda Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlardagi vakolatxonalari tomonidan xorijiy sheriklar bilan savdo-sarmoyaviy, ilmiy-texnologik, sayyohlik sohalaridagi hamkorlikni kuchaytirish hamda mamlakatimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini mustahkamlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan yilning sentabridan hozirgi vaqtgacha oliy darajada 12 tashrif amalga oshirildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmaniston, Qozog‘iston, Rossiya va Xitoyga davlat tashriflari samarali bo‘ldi. Ularning yakunlari bo‘yicha 37,7 milliard dollarlik 239 shartnoma va bitim imzolandi.
Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy-texnologik hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyalarning 12 yig‘ilishi, O‘zbekiston iqtisodiy delegatsiyalarining xorijiy davlatlarga 130 tashrifi, chet el biznes delegatsiyalarining mamlakatimizga 266 tashrifi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Oliy Majlis Senatining o‘ninchi yalpi majlisidagi nutqida ta’kidlaganidek, o‘tgan 9 oy davomida 44 milliard dollarlik 320 dan ziyod savdo-sarmoyaviy bitim va shartnoma imzolangan. Ularning amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida 13 mamlakat bilan amaliy harakatlar rejalari (“yo‘l xaritalari”) tasdiqlangan.
Vazirlikning chet ellardagi vakolatxonalari tomonidan mamlakatimiz kompaniyalariga meva-sabzavot va to‘qimachilik mahsulotlari, qurilish materiallari, avtomobil, qishloq xo‘jaligi va maishiy elektr texnikalarini eksport qilish bo‘yicha shartnomalar tuzishga, Rossiya, Qozog‘iston, Ukraina, Pokiston, Afg‘oniston va boshqa mamlakatlarda savdo uylari ochilishida ko‘mak ko‘rsatildi. O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar, shuningdek, vazirlikning diplomatik vakolatxonalari ko‘magida o‘tgan yili O‘zbekistonga 240 million dollarlikdan ziyod chet el grantlari va texnikaviy yordam jalb etildi.
Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xorijiy mamlakatlarda O‘zbekiston sarmoyaviy jozibadorligini yanada oshirish bo‘yicha siyosiy-diplomatik ishlar faol davom ettirilmoqda. O‘zbekistonning Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorligi qayta yo‘lga qo‘yildi. Yevropa investitsiya banki bilan bitim tuzish ustida faol ish olib borilayotir. Yevropa parlamenti O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi “To‘qimachilik protokoli”ni ma’qulladi. Bu bitimning kuchga kirishi O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlarining Yevropa bozorlariga eksportini yanada oshirish, xorijiy sarmoyadorlarning mamlakatimizga kiritayotgan investitsiyalari hajmini kengaytirish imkonini beradi.
O‘zbekiston sayyohlik salohiyatini xorijda keng targ‘ib etish, mamlakatimizga kelayotgan sayyohlar oqimini ko‘paytirish masalasi vazirlik va uning xorijdagi vakolatxonalari faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Joriy yilning yanvar-aprel oylarida mamlakatimizning diplomatik vakolatxonalari tomonidan bu borada 500 dan ortiq tadbir – seminarlar, taqdimotlar, davra suhbatlari, brifinglar, madaniyat kunlari, ko‘rgazmalar o‘tkazildi.
Tashqi ishlar vazirligi hamda xorijiy vakolatxonalarning investitsiya va zamonaviy texnologiyalar jalb etish sohasidagi faoliyatini yaxshilash, shuningdek, mamlakatimiz sarmoyaviy salohiyatini yanada oshirish maqsadida xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalar tuzilmasini optimallashtirish, sohada kadrlar tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirish borasidagi ishlarni faollashtirish, yetakchi xalqaro konsalting va reyting agentliklari, tadqiqot tashkilotlari bilan hamkorlikni kengaytirish, valyuta bozori va bank-moliya tizimini liberallashtirish, sarmoyadorlar huquq va manfaatlarining ishonchli himoyasini ta’minlash bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish borasidagi ishlarni davom ettirish, ochiq manbalarda sarmoyadorlar uchun investitsiyaviy faoliyatni amalga oshirishda zarur bo‘lgan iqtisodiy ma’lumotlar, jumladan, davlat byudjeti va uning bajarilishi, pul-kredit siyosati, tashqi savdo ko‘rsatkichlari va boshqa axborotlarning muntazam e’lon qilinishini ta’minlash ko‘zda tutilmoqda.
Vazirlik tomonidan amalga oshirilayotgan bunday keng ko‘lamli ishlar, ishlab chiqilayotgan yangi loyihalar Harakatlar strategiyasida belgilangan mamlakatimiz tashqi siyosatiga oid vazifa va maqsadlarni hayotga izchil tatbiq etishga, O‘zbekiston tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatini yanada takomillashtirish va mustahkamlashga, mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirishga, har sohada barqaror rivojlanishiga, pirovard natijada xalqimiz farovonligi yuksalishiga xizmat qiladi.