O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
IUT va UZINFOCOM kadrlarni tayyorlash sohsida hamkordik qiladilar
2017-05-31 | Texnologiyalar
Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT) va “UZINFOCOM” Kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish markazi DUK o‘zaro anglashuv to‘g‘risida memorandum imzolashdi.
2017 yilning 30 may kuni mazkur hujjatni IUT Rektori Sarvar Babaxodjayev hamda “UZINFOCOM” Markazi direktori Husan Isayevlar imzolashdi.
Memorandum doirasida tomonlar axborot texnologiyalari sohasidagi korxonalar uchun kadrlarni tayyorlash, IT bozori ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan dasturlarni amalga oshirish borasida hamkorlik o‘rnatishni rejalashtirishmoqda.
Jumladan, tomonlar axborot texnologiyalari tarmog‘ining har tomonlama rivojlanishiga ko‘maklashadigan innovatsion ishlanmalar va servislar sohasida turli tanlov va boshqa tadbirlarni tashkillashtirish orqali hamkorlikdagi tashabbuslarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini ko‘rib chiqadilar.
IUT va “UZINFOCOM” Markazi universitet talabalarining amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan texnologik startaplarni qo‘llab-quvvatlashadi hamda IT-texnologiyalarning rivojlanish sohasidagi tadbirlarni hamkorlikda o‘tkazishadi.
Tomonlar dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish, tadbiq etish va qo‘llab-quvvatlash, keyinchalik yanada takomillashtirish bo‘yicha Markaz tashkil etishni rejalashtirishmoqda. Mazkur Markaz o‘z faoliyatini IUT hududida olib boradi hamda O‘zbekiston Respublikasidagi IT-sanoatini rivojlantirish va targ‘ib etishga yo‘naltirilgan loyihalarni amalga oshirishga IUT talabalarini jalb etadi.
Markaz shuningdek, IUT talabalari hamda “UZINFOCOM” Markazi mutaxassislaridan tashkil topgan jamoa tomonidan amalga oshiriladigan loyihalar orqali talabalarga amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash uchun imkoniyat taqdim etadi.
Memorandum doirasida IUT talabalari “UZINFOCOM” Markazida malaka oshirish hamda amaliy bilim olish imkoniga ega bo‘lishadi. Shuningdek, IUT va “UZINFOCOM” Markazi respublika hamda xalqaro grantlar dasturida hamkorlikda ishtirok etib, tijorat loyihalarini amalga oshirishadi.