O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tamakisiz sog‘lom hayot
2017-05-31 | Jamiyat
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, har yili dunyoda olti million kishi tamaki chekish tufayli eng og‘ir kasalliklarga chalinib, hayotdan ko‘z yumadi. Bu – sigaret har olti soniyada bir odamning umriga zomin bo‘lmoqda degani. Bugun dunyoda tamaki chekuvchilar soni 1,6 milliardga yaqinlashgan. Bu muammoga qarshi kurashishning eng samarali yo‘li sog‘lom hayot kechirishni tanlashdir.
Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida 31-may – Xalqaro kashandalikka qarshi kurashish kuni munosabati bilan «Tamakisiz sog‘lom hayot» mavzuida o‘tkazilgan anjumanda shular haqida so‘z bordi. Ibn Sino jamoat fondi «O‘zbekiston – Fransiya», «O‘zbekiston – Italiya» do‘stlik jamiyatlari bilan hamkorlikda tashkil qilgan tadbirda farmatsevtika sohasida faoliyat olib borayotgan nodavlat notijorat va xalqaro tashkilotlar vakillari, professor-o‘qituvchilar, tibbiyot sohasining yetakchi mutaxassislari ishtirok etdi.
Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti rektori H.Oqilov, Ibn Sino jamoat fondi boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi N.Mahmudov va boshqalar mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy madaniyatini oshirish, yoshlarni sog‘lom turmush tarzi asosida voyaga yetkazish borasidagi ishlar kashandalik illati yoyilishining oldini olish, har tomonlama sog‘lom farzandlarni tarbiyalashga xizmat qilayotganini ta’kidladi. 2011-yil 5-oktabrda qabul qilingan «Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida»gi qonun aholi, ayniqsa, yigirma yoshga to‘lmagan yigit-qizlarni tamaki mahsulotlarining zararli ta’siridan himoya qilishda muhim omil bo‘layotir.
Mutaxassislar fikricha, sog‘lom turmush tarzini yaratishda avvalo tamaki mahsulotlari iste’moliga chek qo‘yish zarur. Undagi nikotin moddasi inson salomatligi uchun xavfli bo‘lib, yurak, qon-tomir, nafas a’zolari kasalliklarini keltirib chiqarishi, organizmda xavfli o‘smalar paydo qilish ehtimoli kuchli. Tamaki chekuvchilarning tobora ko‘payib borishi aholi orasida «passiv chekish»ning avj olishiga sabab bo‘lmoqda. Ular orasida homilador ayollar, go‘daklar, bolalar, o‘smirlar va yoshlar hammadan ko‘p jabr ko‘rmoqda.
– Nikotin tamaki tutuni tarkibidagi eng kuchli alkoloid bo‘lib, dastlab asab tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, so‘ng qonga so‘rilib, ichki a’zolarga zarar yetkazadi, – deydi Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti valeologiya kafedrasi dotsenti Nodira Mamatova. – Oqibatda, asab tizimi yemiriladi, xotira susayib, diqqatni jamlash qiyinlashadi. Eng achinarlisi, chekish kasalligi nasl suradi: kashanda ota-onadan tug‘ilgan farzand ham chekishga moyil bo‘ladi.
Tadbirda chekishning organizmga va intellektual rivojlanishga salbiy ta’sirlari, bu global muammoning barqaror rivojlanishga solayotgan xavfi, uning oldini olish, xususan, yoshlar o‘rtasida sog‘lom hayot tarzini mustahkam qaror toptirish borasidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.