O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Samarali boshqaruv tizimi
2017-05-31 | Iqtisodiyot
Milliy matbuot markazida «O‘zneftmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasida zamonaviy korporativ boshqaruv usullarini joriy etishga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Kompaniya boshqaruvi raisi o‘rinbosari K.Usmonov va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatining samaradorligini tubdan oshirish, korxonalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, zamonaviy korporativ boshqaruv usullarini joriy etish, korxonalarni strategik boshqarishda aksiyadorlar rolini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2015-yil 24-apreldagi «Aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
«O‘zneftmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasi 2016-yil 30-sentabrda korporativ boshqaruv kodeks tavsiyalariga rioya etish majburiyatini olgan. O‘z faoliyatining ochiqligini ta’minlash maqsadida jamiyat kuzatuv kengashi tomonidan «Axborot siyosati to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlangan.
Kompaniyada zamonaviy korporativ boshqaruv usullarini joriy qilish, strategik boshqarishda aksiyadorlar rolini kuchaytirish uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida korporativ boshqaruv tizimini yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilangan. Xalqaro tajribani chuqur tahlil qilish va shu asosda zamonaviy korporativ boshqaruv usullarini joriy etish, ishlab chiqarish, investitsiya, moddiy-texnik, moliyaviy va mehnat resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, chet el kapitali ishtirokida yangi tashkilot va korxonalarni tashkil etish bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Hozirgi kunda kompaniyada xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish uchun sharoitlar yaratish, yetakchi xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik asosida boshqaruv xodimlarini tayyorlash va ularning kasb malakasini oshirish, jamiyat faoliyatining ochiqligini ta’minlash, xalqaro standartlar asosida audit va moliyaviy hisobot axborotini nashr qilish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Korporativ axborot yagona portali www.openinfo.uz hamda kompaniyaning www.unm.uz veb-saytida jamiyatning moliyaviy hisobotlari, muhim faktlar, emissiya risolalari va xalqaro standartlar asosida auditor xulosalari joylashtirib borilmoqda.
Anjumanda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida kompaniya oldiga qo‘yilgan muhim vazifalar xususida atroflicha so‘z yuritildi.
Jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.