O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Nav yaratish istiqbollari

2017-05-31 | Iqtisodiyot

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining «Urug‘chilik to‘g‘risida»gi qonuni ijrosini nazorat-tahlil doirasida o‘rganish yakunlariga oid kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi.

Quyi palataning Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisi T.Eshnazarov va boshqalar mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida serhosil, ertapishar, kasalliklarga chidamli yangi navlarni yaratish borasida samarali ishlar amalga oshirilayotgani, bunda seleksiya ishlari muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi. 

Prezidentimiz rahnamoligida ishlab chiqilgan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ham mazkur masalaga alohida e’tibor qaratilgan. Unda tuproq-iqlim sharoitiga mos, sho‘rlangan hamda qurg‘oqchilikka, kasalliklarga chidamli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining yangi navlarini joriy qilish muhim vazifa sifatida belgilangan. 

1996-yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining "Urug‘chilik to‘g‘risida"gi qonuniga muvofiq ishlab chiqilgan ellikdan ortiq qonunchilik hujjati soha rivojida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur normativ-huquqiy hujjatlar hayotga tatbiq etilishi natijasida mamlakatimizda tabiiy-iqlim sharoitiga moslashtirilgan ertapishar, serhosil, intensiv navlarni yaratish, ko‘paytirish, qishloq xo‘jaligini yuqori sifatli urug‘liklar bilan ta’minlash, urug‘chilikka jahon tajribasi yutuqlarini joriy etish borasida salmoqli yutuqlarga erishildi. 2015-2016-yillarda 50 dan ortiq yangi g‘o‘za navlari bo‘yicha birlamchi elita urug‘chilik ishlari olib borilib, o‘rtacha o‘ttizdan ortiq g‘o‘za navi sinovdan o‘tkazildi. O‘zbekiston sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari mustaqillik yillarida sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkaning yuzga yaqin navlarini yaratgan. 

Tadbirda «Urug‘chilik to‘g‘risida»gi qonun normalarining ijrosi borasida ayrim muammo va kamchiliklar ham mavjudligi qayd etildi. Xususan, mavjud genofondni saqlash, serhosil va yuqori sifatli urug‘liklar bilan ta’minlash borasida belgilangan rejalar to‘la amalga oshirilmayotgani ta’kidlandi. Mamlakatimizda urug‘chilikka ixtisoslashgan 257 fermer xo‘jaligi mavjud bo‘lsa-da, ularda yem-xashak ekinlari urug‘chiligi bo‘yicha vazifalar talab darajasida bajarilmagan. 

Tadbirda ishtirokchilar tomonidan «Urug‘chilik to‘g‘risida»gi qonunni takomillashtirish borasida ham taklif va tavsiyalar bildirildi.

 

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA

Поделиться