O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xorijda ta’lim olganlarning diplomlari sinovlarsiz qabul qilinadi
2017-05-30 | Jamiyat
Poytaxtimizda O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi siyosiy kengashi hamda partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda «Oliy ta’lim sohasini rivojlantirishning istiqbollari» mavzuida davra suhbati o‘tkazildi.
O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi siyosiy kengashi raisi N.Umarov va boshqalar mamlakatimizda ta’lim tizimiga davlat siyosati darajasida qaralishini, ushbu sohada olib borilayotgan islohotlar yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 3-apreldagi «Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) tartibi to‘g‘risida Nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qarori ijrosi yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
– Ilmiy-tadqiqot ishlari, mutaxassislarni tayyorlash darajasi va sifatini oshirish, oliy o‘quv yurtlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, hududlar va tarmoqlardagi mavjud ehtiyojni inobatga olgan holda mutaxassislar tayyorlash, oliy o‘quv yurtlarining innovatsion infratuzilmasini kuchaytirishga doir qo‘shimcha me’yoriy-huquqiy hujjatlar va maqsadli dasturlar ishlab chiqish partiyamizning eng muhim dasturiy maqsadlaridandir, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Qodir Jo‘rayev.
Davra suhbatida Vazirlar Mahkamasining qarori bilan joriy yildan boshlab xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash, ya’ni ekvivalentligini qayd etish tartibiga kiritilgan yangiliklar xususida so‘z yuritildi.
Ushbu hujjatga ko‘ra, dunyoning yetakchi, xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarda turgan xorijiy oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olgan bitiruvchilarning diplomlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri maxsus sinovlarsiz nostrifikatsiyalash amalga oshirilishi belgilangan. Ushbu yangilik xorijning yetakchi oliy ta’lim muassasasini tamomlagan oliy malakali kadrlarning o‘z bilimi va salohiyatini Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida sarflashiga xizmat qiladi. Mamlakatimiz mehnat bozorida oliy ma’lumotli kadrlar o‘rtasida raqobat muhitini kuchaytiradi.