O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Orol dengiziga ikki kunlik mediatur tashkil etildi

2017-05-30 | Jamiyat

Orol dengizi, uning nabotot va hayvonot olami bilan tanishish maqsadida 27-28-may kunlari jurnalistlar va mutaxassislar ishtirokida mediatur tashkil etildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi ko‘magida Qoraqalpog‘iston axborot agentligi va O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan mediatur Prezidentimizning 2017-yil 28-fevraldagi "Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanini 2017-2018-yillarda iqtisodiy rivojlantirish va bandlikni ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish, Orol dengizi hududiga turistlarni keng jalb qilishni targ‘ib etish, hududning tabiati, tarixi, hayvonot olami va mintaqada yashayotgan aholining an’ana va urf-odatlari, qadriyatlari haqida maqola, teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar tayyorlashga qaratilgan. 

Tadbirning birinchi kunida jurnalistlar qadimiy Buyuk ipak yo‘li bo‘yidagi “Sudoche” ko‘lining fauna va florasi bilan tanishdi. Bu yerda tabiatda kam uchraydigan noyob flamingo qushlari har qanday kishini maftun etadi. Hududdagi XII-XIII asrlarga oid tarixiy obida – xavf-xatardan ogoh etuvchi baland minoraga bo‘lgan sayohat mediatur ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi. 

Mediaturning ikkinchi kuni Orol dengizida cho‘milish bilan boshlandi. Kemada sayr uyushtirildi. Mutaxassislar bilan uchrashuv dengiz taqdiri, uni asrab qolish, bu yerdagi hayvonot va o‘simlik dunyosini saqlash borasida olib borilayotgan ishlar xususida bo‘ldi. 

Ustyurt tekisligida – dengizning g‘arbiy qirg‘og‘idan 2 kilometr masofadagi tarixiy yodgorlik – XII-XIII asrlarga oid “Dauletgirey” qo‘rg‘oni arxeologik majmuasi, ko‘chmanchi qabilalar davriga oid qator tarixiy obyektlarga sayohat g‘oyat qiziqarli bo‘ldi. 

– Jurnalistlar uchun bunday mediatur birinchi marta tashkil etildi, – deydi Qoraqalpog‘iston axborot agentligi direktori Yesimxon Qanaatov. – Orol muammosi haqida yozadigan jurnalistlar ko‘p, lekin dengizni, hududdagi ekologik vaziyatni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, yuragidan o‘tkazib yozish boshqacha. Mo‘ynoq tumani ko‘pchilikning tasavvurida og‘ir ekologik hudud sifatida gavdalanadi. Ammo hududdagi 240 dan ortiq tur qushlar saltanati hukm surayotgan “Sudoche” ko‘lini, Ustyurt kengliklaridagi betakror arxeologik yodgorliklarni, Orol dengizi akvatoriyasini ko‘rgan kishining tasavvuri o‘zgarishi tabiiy. 

– Qoraqalpog‘istonda yashab turib, Orol dengizini ko‘rmaganlar ko‘p, – deydi Berdaq nomidagi qoraqalpoq davlat universiteti dotsenti Yakub Ametov. – Men ham shulardan biriman. Orol dengizini ko‘rish bolalik orzuim edi. Bunday go‘zal manzarani umrimda birinchi bor ko‘rib turibman. Mo‘ynoq tumanida shunday go‘zal maskanlar bor ekanki, bu yerda ekoturizmni rivojlantirish imkoniyatlari juda katta. 

Mediatur tafsilotlari haqida ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda, internet nashrlarida atroflicha yoritib borildi. Jurnalistlarga materiallar tayyorlashda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi mutaxassislari, olimlar yaqindan yordam ko‘rsatdi.

 

Aminboy Ortiqboyev, O‘zA

Поделиться