O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Islom ma'rifat yo'lidagi muhim bir qadam
2017-05-30 | Ta’lim
Toshkent islom universiteti delegatsiyasi ISESCOning Maxsus kafedrasini tashkil etish yuzasidan ISESCO Bosh qarorgohi Marokash poytaxti Rabot shahrida 22-25 may kunlari amaliy tashrif bilan bo‘lib qaytdi.
Ma’lumki, tinchlik va hamkorlik, dinlararo bag‘rikenglik, islom dinining ma’rifiy jihatini o‘rganish, tadqiq etish, umuminsoniy hamda islom qadriyatlari sohasidagi ilmiy faoliyatni rivojlantirish va takomillashtirish bugungi shiddatli davrda har jihatdan muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu jihatdan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentda o‘tkazilgan Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi 43-sessiyasida Toshkent islom universiteti tarkibida Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha islom tashkiloti – ISESCOning Maxsus kafedrasini tashkil etish tashabbusini ilgari surgan edi.
Mazkur tashabbus zamirida bevosita islom ma’rifatini yoshlar ongiga singdirish, umumbashariy sivilizatsiyaga benazir hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning ko‘p qirrali diniy-ma’naviy merosini o‘rganish va xalqaro miqyosda targ‘ib etishga qaratilgan ulkan vazifalar mujassamdir.
Toshkent islom universiteti delegatsiyasi, universitetda ISESCOning Maxsus kafedrasini tashkil etish yuzasidan ISESCO Bosh qarorgohi Marokash poytaxti Rabot shahrida 22-25 may kunlari amaliy tashrif bilan bo‘lib qaytdi.
Bugun ISESCO Bosh direktori va Toshkent islom universiteti o‘rtasida universitet tarkibida “Islom sivilizatsiyasini o‘rganish ISESCO” kafedrasini tashkil etish yuzasidan Anglashuv Memorandumi imzolandi. Toshkent islom universiteti delegatsiyasi ISESCO Bosh direktori Abdulaziz bin Usmon at-Tuveyjriy bilan ta’lim, fan va madaniyat sohalarida hamkorlik aloqalari muhokama etildi.
Kafedrani tashkil etishdan maqsad – musulmon dunyosidagi ta’lim, ilm-fan va madaniyat tarixi hamda ularning hozirgi holatini o‘rganish va ular haqida talabalarga chuqurlashtirilgan maxsus kurslarni o‘qitishdan iborat. “Islom sivilizatsiyasini o‘rganish ISESCO” kafedrasining umumiy yo‘nalishlari, tarkibiy tuzilishi, jihozlanishi, o‘qitiladigan fanlar, ilmiy faoliyati yuzasidan muayyan vazifalar belgilangan bo‘lib, bu esa, kafedraning diniy-ma’rifiy sohaning muhim va dolzarb yo‘nalishlarni qamrab olganligi hamda kelajakda yetuk kadrlar tayyorlashi bilan ahamiyatlidir.
Ta’kidlash lozimki, hozirda dunyo bo‘yicha 18 ta ISESCO kafedralari mavjud bo‘lib, Toshkent islom universitetidagi “Islom sivilizatsiyasini o‘rganish ISESCO” kafedrasi o‘ziga xosligi bilan ajralib turishi tabiiy. O‘zbekiston islom tamadduniga benazir hissa qo‘shgan allomalari bilan musulmon mamlakatlari tomonidan yuqori baholanadi. Albatta, Imom Buxoriy, Abu Iso Termiziy, Burhoniddin Marg‘iloniy kabi allomalarimizning nomlarini eshitgan dunyodagi har bir musulmon qalbida chuqur ehtirom uyg‘onishida shubha yo‘q. Shu bilan bir qatorda istiqlol yillarida yurtimizda diniy qadriyatlar, buyuk mutafakkirlarimiz ilmiy merosini o‘rganish, ma’rifiy islomni har tomonlama targ‘ib va tashviq qilish ishlariga alohida e’tibor berilmoqda. Natijada 10 dan ziyod din bilan bog‘liq bilimlarni o‘rgatishga mo‘ljallangan ta’lim muassasalari, ilmiy tadqiqot markazlari faoliyat yuritmoqda. Navbatdagi kafedraning ochilishi esa ushbu ishlarni yanada yuqori darajaga ko‘tarilishida muhim qadam bo‘ldi.