O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Har bir hujjat vaqtida va sifatli ijro etilishi shart
2017-05-30 | Siyosat
29-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmaniston, Qozog‘iston, Rossiya, Xitoy mamlakatlariga tashriflari davomida hamda Turkiya rahbari bilan o‘tkazilgan oliy darajadagi uchrashuvlari yakunlari bo‘yicha imzolangan bitimlar, shartnomalar va muayyan sohalarda o‘zaro sheriklikni rivojlantirishga doir loyihalarni amalga oshirish jarayonining holatini tahlil qilish va baholashga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Bosh vazir, uning o‘rinbosarlari, tegishli vazirliklar va idoralar rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshqardi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston rasmiy delegatsiyasining Turkmaniston, Qozog‘iston, Rossiya va Xitoyga joriy yildagi tashriflari 2016-yilgi Prezident saylovidan keyingi ilk xorijiy safarlar bo‘lib, ularning natijalari strategik sheriklar bilan o‘zaro munosabatlarni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Qayd etish kerak, har bir tashrif yakunida bitim va shartnomalar qatorida qiymati bir necha milliard AQSh dollariga teng bo‘lgan ko‘plab loyihalar imzolandi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mazkur davlatlar rahbarlari bilan muzokaralar chog‘ida har bir loyihani alohida muhokama qilib, to‘la amalga oshirishga oid masalalar, jumladan, moliyalashtirish imkoniyatlari yuzasidan atroflicha fikr almashdi. Loyihalarning “yo‘l xaritalari” tasdiqlanib, ularning bosqichlari, ijro mexanizmlari va mas’ul shaxslar belgilab olindi.
Davlatimiz rahbari bu borada muhim kelishuvlarga erishilganiga qaramay, ayrim rahbar xodimlar imzolangan hujjatlar ijrosini ta’minlashga eskicha yondashayotgani, iqtisodiy hayotimizda ustuvor ahamiyat kasb etadigan, yangi ish o‘rinlari tashkil etish, aholining turmush farovonligini oshirish imkonini beradigan bu masalaga yetarlicha mas’uliyat bilan qaramayotganini chuqur tahlil asosida, aniq misollar orqali ko‘rsatib berdi.
Barcha zarur hujjatlar qabul qilingani, yangi tuzilmalar tashkil etilgani, eksportchi va sarmoyadorlar uchun har tomonlama qulaylik va imtiyozlar berilgani, bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizdagi xalqaro iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik subyektlarining samarali ishlashi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilganiga qaramasdan, hozircha aniq natijalar ko‘zga tashlanmayapti, ijro muddatlari ortga surilmoqda.
Buning sabablaridan biri ishonchli xorijiy sherik va moliya manbalari mavjud bo‘lmagan holda samarasiz loyihalar tayyorlash, amalda foyda bermaydigan hujjatlar imzolash holatlari bilan bog‘liqdir. Bunday loyihalarning monitoringini yuritish bo‘yicha tizimli ish olib borilmayapti. Iqtisodiyotimizga xorijiy sarmoyalarni jalb etish borasidagi ahvol qoniqarli emas.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bu masalada kamchilik va qoloqlikka yo‘l qo‘yayotgan har bir vazirlik va idora faoliyatiga tanqidiy nuqtai nazardan baho berdi.
Xususan, Turkmanistonga tashrif asnosida qishloq xo‘jaligi texnikasi, mineral o‘g‘itlar, avtomobillar, qurilish materiallari, maishiy texnika va boshqa mahsulotlar yetkazib berish bo‘yicha umumiy qiymati 151 million AQSh dollariga teng hujjatlar imzolangan edi. O‘tgan uch oy davomida eksport hajmi 12 million dollarni tashkil etdi. Bu umumiy kelishilgan miqdorning 8 foizi, xolos.
Qozog‘iston, Rossiya va Xitoyga tashriflar hamda Turkiya rahbari bilan o‘tkazilgan muzokaralarda ham bir necha milliard dollarlik yirik kelishuvlarga erishildi. Lekin ularning ijrosiga oid natijalar kutilganidek emas.
Davlatimiz rahbari yig‘ilishda hisobot bergan mutasaddi rahbarlar o‘z mas’uliyatini keskin oshirishi zarurligini, bajarilmayotgan va kechikayotgan loyiha va shartnomalar uchun ular shaxsan javobgar ekanini alohida ta’kidladi. Har bir loyihaning bajarilishi bo‘yicha birinchi galdagi chora-tadbirlarni aniq-ravshan belgilash, moliyalashtirish va ijro jarayonlari bo‘yicha zamonaviy va tizimli asosda monitoring olib borish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Sheriklik to‘g‘risidagi hujjatning imzolanishi avvalo uning ijrosi bilan muhimdir. Davlatimiz rahbari faqat qog‘ozda aks etadigan, amalda hech qanday foyda bermaydigan loyihalar tuzishdek eskicha amaliyotdan butunlay voz kechish, bunday odat va kayfiyat bilan ishlashga mutlaqo chek qo‘yish lozimligiga alohida urg‘u berdi.
Erishilgan barcha kelishuvlarning moliyaviy manbalari, ijro mexanizmlari, logistikasi, mas’ul idoralar va shaxslar hamda boshqa masalalar to‘liq hal qilingan bo‘lishi, ish puxta va qat’iy amalga oshirilishi kerak.
Prezidentimiz tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga chet davlatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalar va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish borasida maqsadli investitsion strategiya hamda qabul qilingan kelishuvlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha Nizom ishlab chiqish vazifasini topshirdi.
Ushbu tizimni takomillashtirish maqsadida mas’ul ijrochilarning har haftada bir marta Vazirlar Mahkamasida va har oyda bir marta Prezident huzurida xorijiy sheriklar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan joriy va ishlab chiqilishi ko‘zda tutilayotgan yangi investitsion loyihalar yuzasidan hisobot berish tartibi o‘rnatiladi.
Loyihalarning o‘z vaqtida moliyalashtirilishi, mutasaddilarning ijro intizomi, mas’ul shaxslarning mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanishini nazorat qilish Hisob palatasi va Bosh prokuratura zimmasiga yuklandi.
Yig‘ilishda dabdabali raqamlar va balandparvoz hisobotlar ortidan quvish emas, yangicha samarali usul va mexanizmlarni tatbiq etish, ahvolni qisqa muddatda sinchiklab o‘rganib chiqish va zarur chora-tadbirlar belgilash yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.