O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Parlament ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqdi

2017-05-29 | Siyosat

Sog‘liqni saqlash – davlatimiz rahbari katta e’tibor berayotganligi tufayli bugungi kunda uzluksiz rivojlanib borayotgan sohadir. 

Ishlarning haqiqiy ahvolini chuqur bilishga asoslangan tashabbuslar tibbiyot muassasalari faoliyatidagi tizimli kamchiliklarning sabablari va asoslarini izchil bartaraf etishga xizmat qiladi. Parlament nazorati doirasida ushbu jarayonlarda Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi bevosita ishtirok etmoqda. Parlament quyi palatasida aholiga tibbiy xizmatlar ko‘rsatish va dori vositalari bilan ta’minlashni yanada yaxshilash, ushbu sohadagi amaliyotda qonun hujjatlarining samarali qo‘llanilishiga ko‘maklashish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish uchun maxsus tashkil etilgan respublika komissiyasi ish olib bormoqda. 

Parlament nazoratining shakllaridan biri sifatida deputatlar tomonidan tibbiyot muassasalari rahbarlarining hisobotlarini eshitish amaliyotidan faol foydalanilmoqda. 

Chunonchi, 2017-yil 29-may kuni respublika tibbiyot markazlari rahbarlarining axborotlarini eshitishga doir ana shunday oltinchi eshituv tashkil etildi. Bu safar Sh.Alimov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi rahbarlari o‘z faoliyati haqida axborot taqdim etdilar. 

Majlisda shu narsa alohida ta’kidlandiki, Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida ushbu respublika tibbiyot markazlarining mutaxassislari tomonidan insonning eng asosiy huquqlaridan biri – malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilishiga bo‘lgan huquqini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Masalan, Sh.Alimov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan har yili 5 ming nafardan ziyod bemorga statsionar yordam ko‘rsatilmoqda. Markazning konsultativ poliklinikasida esa 2016-yilda 18 ming nafarga yaqin bemorga konsultativ va ambulator yordami ko‘rsatildi. 

Bunda mintaqa darajasida ishlarni tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilda joylarga 86-marta chiqish tashkil etilib, ular doirasida 2,4 ming nafardan ziyod bemorga tibbiy yordam ko‘rsatildi va maslahat berildi. Markaz mutaxassislari tomonidan 53 ta jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi, shundan 48 tasi yuqori texnologiyalar asosida bajarildi. Kasallarga tashxis qo‘yish va davolashning zamonaviy usullaridan foydalanish qamrovini kengaytirish maqsadida markaz mutaxassislari tomonidan malaka oshirish bo‘yicha treninglar va leksiya mashg‘ulotlari o‘tkazildi, ularda ushbu sohaning 1,7 ming nafarga yaqin mutaxassisi ishtirok etdi. 

Ta’kidlab o‘tilganidek, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida ham zamonaviy tibbiy texnologiyalardan faol foydalanilmoqda. Ushbu markazda har yili 10 ming nafardan ziyod bemorga statsionar yordam ko‘rsatilmoqda. Markazning konsultativ poliklinikasida 58 ming nafardan ziyod bemorga konsultativ va ambulator yordami ko‘rsatildi. 

Joriy yilda joylarga 39-marta chiqish tashkil etilib, ular doirasida 1,7 ming nafardan ziyod bemorga tibbiy yordam ko‘rsatildi va maslahatlar berildi. Markaz mutaxassislari tomonidan 76 ta jarrohlik amaliyoti bajarildi, shuningdek, malaka oshirish bo‘yicha treninglar va leksiya mashg‘ulotlari ham o‘tkazilib, ularda mazkur sohaning 1,9 ming nafarga yaqin shifokori o‘z malakasini oshirdi. 

Shu bilan birga, deputatlar yuqorida ko‘rsatilgan markazlar ishidagi ayrim kamchiliklarga ham to‘xtalib o‘tdilar, ularni bartaraf etish yuzasidan aniq takliflar va tavsiyalar bildirdilar. Chunonchi, ta’kidlandiki, ftiziatriya kasalliklariga chalingan bemorlarning epidemiya ko‘rsatkichlarini, shuningdek, laboratoriya sharoitlarida tashxis qo‘yish va dori menejmenti bo‘yicha ma’lumotlarni kuzatib borishning yagona elektron bazasini tashkil etish zarur. Sil kasalligi infeksiyasining ijtimoiy xavfini hisobga olgan holda tegishli preparatlar bilan ta’minlash tizimini yaxshilash talab etiladi, bu esa xavf guruhidagi bolalarni sil infeksiyasini yuqtirganlikning ilk bosqichlarida tezlik bilan aniqlash imkonini bergan bo‘lar edi. Toshkent va Xorazm viloyatlaridagi viloyat sil kasalliklari dispanserlarida, shuningdek, Namangan viloyatidagi kattalar uchun mo‘ljallangan ikkita respublika sil kasalliklari sanatoriylarida infeksiyaviy nazoratni va sanitariya-epidemiologiya rejimini yanada takomillashtirish zarurligi ta’kidlandi. 

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tizimida hozirgi vaqtda bor-yo‘g‘i 4 ta gamma-terapevtik qurilma ishlab turibdi. Joriy yilda 11 ta gamma-terapevtik qurilma hamda 7 ta braxiterapevtik qurilma sotib olish rejalashtirilgan, biroq hanuzgacha bunday xarid amalga oshirilmagan. Sog‘liqni saqlash tizimining boshlang‘ich bo‘g‘inlarida onkologiya sohasi mutaxassislari yetishmasligi muammosi mavjud. 

– Ikkita respublika markazi faoliyati to‘g‘risidagi axborotlarni eshitish yakunlariga ko‘ra, boshqa masalalar bilan bir qatorda mahalliy korxonalar tomonidan sil kasalliklariga qarshi preparatlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, onkologik kasalliklarga chalingan bemorlarning kimyoterapiyaga va target dori vositalariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun ajratilayotgan moliyaviy mablag‘lar hajmini ko‘paytirish zarurligi ta’kidlab o‘tildi, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Sattor Rahmatov. – Mazkur masalalar parlament nazoratiga olindi. 

– Tibbiyot markazlarining rahbarlari tomonidan o‘z faoliyati to‘g‘risida Qonunchilik palatasida axborot taqdim etishi, shak-shubhasiz, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirishga xizmat qiladi, – deb ta’kidlaydi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining aholiga tibbiy xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha mutaxassisi Olim Imomov. – Bugungi tadbir davomida yutuqlar bilan bir qatorda dolzarb muammolar ham har tomonlama muhokama etildi, aniq takliflar bildirildi. Parlamentning quyi palatasi bilan birgalikda olib boriladigan ishlar bizga qonunchilik darajasida ko‘plab amaliy masalalarni hal etish imkonini beradi. 

Majlis jarayonida muhokama etilgan barcha masalalar, shuningdek, ushbu markazlar faoliyatini takomillashtirish yuzasidan bildirilgan fikr-mulohazalar, takliflar va tavsiyalar Oliy Majlis Qonunchilik palatasining qabul qilingan qaroriga kiritildi. 

 
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi
Axborot xizmati

Поделиться