O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkentda Kurash xalqaro assotsiatsiyasi (IKA) kongressi bo‘lib o‘tdi
2017-05-29 | Sport
Unda Kurash xalqaro assotsiatsiyasi kongressi va ijroiya qo‘mitasi a’zolari, kurash bo‘yicha mintaqaviy konfederatsiyalar rahbarlari, sport jamoatchiligi, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Kurash mustaqillik yillarida yangi bosqichga ko‘tarildi. Birinchi Prezidentimizning 1999-yil 1-fevraldagi “Xalqaro “Kurash” assotsiatsiyasini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoni milliy sportimiz rivojida muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bugun 130 ga yaqin mamlakatda kurash federatsiyalari faoliyat yuritmoqda. Kurash xalqaro assotsiatsiyasi hamda unga a’zo Osiyo-Okeaniya, Yevropa, Panamerika va Afrika kurash konfederatsiyalari tomonidan mazkur sport turi bo‘yicha jahon va qit’a chempionatlari, xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
Kurash xalqaro assotsiatsiyasi prezidenti Haydar Farmon va boshqalar mardlik, olijanoblik, halollik va bag‘rikenglik xislatlarini o‘zida mujassam etgan kurash dunyoda jadal ommalashayotgan sport turlaridan ekanini ta’kidladi.
Kongressda milliy sportimizni dunyoda yanada rivojlantirish, kurashni yozgi Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritish, joriy yil Istanbul (Turkiya) shahrida kattalar o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati va Ashxobodda (Turkmaniston) yopiq inshootlarda va jang san’atlari bo‘yicha beshinchi Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik jarayonlari va boshqa masalalar muhokama qilindi.
Kongressda tashkiliy masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Komil Yusupov Kurash xalqaro assotsiatsiyasining yangi ta’sis etilgan asoschi raisi, Xalqaro press-klub raisi Sherzod Qudratxo‘jayev Kurash xalqaro assotsiatsiyasi vitse-prezidenti etib saylandi.