O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Dunyo polvonlari O‘zbekiston Prezidenti sovrini uchun gilamga chiqdi
2017-05-29 | Sport
Termiz shahrida kurash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun Hakim at-Termiziy xotirasiga bag‘ishlangan XIII xalqaro turnir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, mamlakatimiz kurash federatsiyasi, Surxondaryo viloyati hokimligi va Kurash xalqaro assotsiatsiyasi tomonidan qator davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan nufuzli turnirda dunyoning ellikka yaqin davlatidan eng kuchli polvonlar g‘oliblik uchun bellashdi.
Turnirning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi raisi R.Qurbonov, Surxondaryo viloyati hokimi E.Turdimov, Kurash xalqaro assotsiatsiyasi prezidenti H.Farmon va boshqalar uch yarim ming yillik tarixga ega milliy qadriyatimiz – kurash mustaqillik yillarida tom ma’noda dunyo sportiga aylanganini alohida qayd etdi. Hozir kurash bir yuz o‘ttizga yaqin davlatda keng ommalashmoqda. Kurash xalqaro assotsiatsiyasi, Osiyo-Okeaniya, Yevropa, Panamerika va Afrika kurash konfederatsiyalari tomonidan kurashning jahondagi nufuzini yanada oshirish, uni yozgi Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritish bo‘yicha samarali ishlar olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun Hakim at-Termiziy xotirasiga bag‘ishlangan an’anaviy xalqaro turnir dunyo sport jamoatchiligini kurash bilan yanada kengroq tanishtirish, mazkur sport turiga bo‘lgan qiziqish va intilishni kuchaytirish, dunyo polvonlarini o‘zbek kurash maktabi an’analari bilan yaqindan tanishtirishga xizmat qilmoqda.
Xalqaro turnirda polvonlar uch vazn toifasida gilamga tushdi. Vazni 73 kilogramm bo‘lgan polvonlar bellashuvida barcha sovrinli o‘rinlar mamlakatimiz sportchilariga nasib etdi. Hikmatilla To‘rayev birinchi, Davlat Abrayev ikkinchi, Suhrob Xudoyberdiyev va Sherbek Abloqulov uchinchi o‘rinni egalladi.
Vazni 90 kilogramm bo‘lgan kurashchilar o‘rtasida ham polvonlarimizga teng keladigani topilmadi. Yahyo Imomov shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Shuhrat Arslonov kumush, Dilshod Choriyev va Kamoliddin Rasulov bronza medal bilan taqdirlandi.
– Kurash falsafasi, mohiyati va uning jozibasi butun dunyoni lol qoldirmoqda, – deydi Xan Su Kim (Janubiy Koreya). – Xalqingizning milliy sport turi Janubiy Koreya yoshlari orasida ham tobora ommalashib bormoqda. Meni ham kurashning mardlik, halollik, kamtarlik kabi ezgu fazilatlar bilan yo‘g‘rilgani o‘ziga maftun etgan. Kurash bilan ancha yildan beri shug‘ullanaman. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun Hakim at-Termiziy xotirasiga bag‘ishlangan an’anaviy xalqaro turnirda qatnashganimdan xursandman. Ta’kidlash joiz, turnirni tashkil etishga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rilgan.
Xalqaro turnirning mutlaq vazn toifasi finalida surxondaryolik Abdulla Xoliyorov rossiyalik Artyom Osipenkoni mag‘lubiyatga uchratib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini – 25 000 AQSh dollarini qo‘lga kiritdi. Artyom Osipenko ikkinchi, Bekmurod Oltiboyev va Baxtiyor Mengliqulov uchinchi o‘rinni egalladi.
– Nufuzli turnirda g‘olib bo‘lib, Prezident sovrinini qo‘lga kiritganimdan xursandman, – deydi Abdulla Xoliyorov. – Musobaqada Rossiya, Gruziya va Turkmanistondan kelgan kuchli polvonlar bilan bellashdim. Ular ham o‘zbek kurashining sir-asrorini puxta egallagani uchun g‘alaba qozonishim oson bo‘lmadi. Prezidentimiz sovrinini qo‘lga kiritganim kelgusida kurash bo‘yicha xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishishimda yangi kuch bag‘ishlaydi.
Musobaqa ishtirokchilari va mehmonlari Termiz shahridagi tarixiy yodgorliklar, mustaqillik yillarida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, barpo etilgan zamonaviy inshootlar bilan tanishdi.