O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ninchi yalpi majlisi to‘g‘risida axborot

2017-05-29 | Siyosat

2017-yil 27-may kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ninchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Vazirlar Mahkamasining taklif etilgan a’zolari, vazirliklar va idoralar rahbarlari, boshqa tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisni Oliy Majlis Senatining Raisi N.Yo‘ldoshev olib bordi. 

Senatorlar ishni “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida (80, 93, 108 va 109-moddalariga)”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunini ko‘rib chiqishdan boshladilar. 

Muhokama davomida ta’kidlanganidek, qonun 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan sud-huquq sohasini isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kengaytirish, ularning odil sudlovga erishish darajasini, odil sudlovni amalga oshirish samaradorligi va sifatini oshirish, sudyalar lavozimiga nomzodlarni tanlash va tayinlash tizimini yanada takomillashtirish, shuningdek, tabiatni muhofaza qilish va ekologik xavfsizlikni ta’minlash chora-tadbirlarini kuchaytirish vazifalarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan prinsipial qoidalardan iboratdir. 

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 21-apreldagi “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni bilan Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi etib qayta tashkil etildi hamda u o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot berishi belgilab qo‘yildi. 

Asosiy qomusimizning 80-moddasiga kiritilayotgan o‘zgartishlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining raisini tayinlash hamda uni lavozimidan ozod etishni, shuningdek, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining hisobotini eshitishni Oliy Majlis Senatining vakolatlaridan chiqarish nazarda tutilmoqda. 

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasiga kiritilgan tuzatishlarga muvofiq Konstitutsiyaviy sud O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oliy Majlis Senati tomonidan Sudyalar oliy kengashi tavsiya etgan shaxslar orasidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasining vakilini qo‘shgan holda saylanadi. 

Asosiy qomusimizning 108- va 109-moddalariga kiritilayotgan tuzatishlarda konstitutsiyaviy qonunlarning, xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunlarning imzolanguniga qadar Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish, Oliy sudning muayyan ishda qo‘llanilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risida sudlar tashabbusi bilan kiritilgan murojaatlarini ko‘rib chiqish, shuningdek, har yili Oliy Majlis palatalariga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risida axborot taqdim etish borasidagi Konstitutsiyaviy sudning vakolatlarini kengaytirish nazarda tutilmoqda. 

Senatorlarning fikricha, ushbu o‘zgartish va qo‘shimchalar ekologiya va atrof-muhit sohasidagi davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirishga, shuningdek, Konstitutsiyaviy sud faoliyatining samaradorligini va nufuzini oshirishga ko‘maklashadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. 

Shundan so‘ng Konstitutsiyaviy sudning vakolatlarini kengaytirishga, uni shakllantirish tartibini yanada demokratlashtirishga qaratilgan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni ko‘rib chiqildi.

Qonunda sudyalar vakolatlarining muddati va sudyalikka nomzodlarga qo‘yilgan talablar aniq belgilab qo‘yilgan, shu jumladan, Konstitutsiyaviy sud a’zolarining ikki martadan ortiq saylanishi mumkin emasligi, amaldagi 5-yillik vakolat muddati saqlanib qolishi belgilanmoqda. Sudyalikka nomzodlarga nisbatan yosh senzini 30 dan 35 yoshga ko‘tarish va sudya lavozimida bo‘lishning eng yuqori yoshi yetmish yoshni tashkil etishi nazarda tutilmoqda. Sudyalarning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish asoslari kengaytirilmoqda. 

Konstitutsiyaning ustuvorligi, taraflarning tortishuvi va teng huquqliligi kabi prinsiplar qo‘shilganligi hisobiga Konstitutsiyaviy sud faoliyatining asosiy prinsiplari kengaymoqda. Vazirlar Mahkamasi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Konstitutsiyaviy sudda ko‘rib chiqish uchun masalalar kiritish huquqiga ega bo‘lgan subyektlar qatoriga kiritildi. 

Huquqiy hujjatda Konstitutsiyaviy sud faoliyatining tashkiliy masalalari batafsil ochib berilmoqda. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. 

Yalpi majlisda “Sud va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sud qonunchiligini demokratlashtirish va liberallashtirish hamda sud tizimi mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha tadqiqot markazi xodimlarining mansab darajalari to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi. Ushbu qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 21-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi va 2017-yil 19-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Odil sudlov muammolarini o‘rganish tadqiqot markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorlariga muvofiq ishlab chiqilganligi qayd etildi. 

Nizomga kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq sudlarning, Sudyalar oliy kengashining, Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Odil sudlov muammolarini o‘rganish bo‘yicha tadqiqot markazining hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti va uning hududiy bo‘limlarining xodimlariga maxsus unvonlar – mansab darajalari berilishini nazarda tutuvchi tartib o‘rnatilmoqda. 

Ushbu o‘zgartish va qo‘shimchalar sud hokimiyati faoliyatining samaradorligini va nufuzini oshirishga ko‘maklashadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. 

Shundan so‘ng senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar. Qonun 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni bajarish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlarini ijro etish maqsadida ishlab chiqilganligi ta’kidlandi. 

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-apreldagi “Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashda ularning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, 2017-yil 21-apreldagi “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmonlariga hamda boshqa qonun hujjatlariga muvofiq “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunga, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining reglamenti to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining reglamenti to‘g‘risida”gi, “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi, “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi, “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritilmoqda. 

Qonunda o‘rnatilgan tartibga ko‘ra, Oliy Majlis Senati ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati to‘g‘risidagi axborotini, tashqi ishlar vazirining o‘z faoliyati haqidagi axborotini yiliga ikki marta eshitadi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi sog‘liqni saqlash vazirining o‘z faoliyati to‘g‘risidagi axborotini Oliy Majlis palatalarining tegishli qo‘mitalarida dastlabki tarzda ko‘rib chiqqan holda yiliga ikki marta eshitadi. 

Qonunda Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bundan buyon O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot berishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining raisini tayinlash hamda uni lavozimidan ozod etishni, shuningdek, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining hisobotini eshitishni Oliy Majlis Senatining vakolatlaridan chiqarish nazarda tutilmoqda. Oliy Majlisning 1996-yil 26-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilmoqda. 

Senatorlar ta’kidlaganlaridek, o‘zgartish va qo‘shimchalar davlat boshqaruvi organlari faoliyatining tizimliligini oshirishga, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligining faoliyati ustidan parlament nazoratini kuchaytirishga ko‘maklashadi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 21-apreldagi “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar kiritilmoqda. Ushbu o‘zgartishlar yerlardan xo‘jasizlarcha foydalanganlik yoki ularni yaroqsiz holga keltirganlik, yer osti boyliklarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish talablarini, suv zaxiralarini muhofaza qilish qoidalarini, sanoat, ro‘zg‘or chiqindilari va o‘zga chiqindilarni tashish, joylashtirish, utillashtirish, ko‘mib tashlash chog‘ida tabiatni muhofaza qilish talablarini buzganlik, shu jumladan, ushbu huquqbuzarliklarni takroran sodir etganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 9-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturiga muvofiq “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi hamda “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Mazkur o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan bolalar toifasini aniqlashni va vasiy yoki homiy etib tayinlanishiga to‘sqinlik qiladigan kasalliklarga chalingan shaxslarni vasiy yoki homiy etib tayinlashga taqiq o‘rnatishni nazarda tutmoqda. 

Tumanlarning mahalliy byudjetlari uchun qo‘shimcha manbalarni shakllantirish va mahalliy byudjetlarning respublika byudjetiga qaramligini bosqichma-bosqich kamaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Byudjet kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ushbu o‘zgartish va qo‘shimchalarda O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetining boshqa daromadlari tarkibiga aksiyalarning davlat ulushi (payi) bo‘yicha dividendlarni (daromadlarni) ham kiritish, bundan mahalliy davlat hokimiyati organlarining ulushi bo‘yicha dividendlar (daromadlar) mustasno, hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining boshqa daromadlari tarkibiga mahalliy davlat hokimiyati organlarining ulushi bo‘yicha dividendlarni (daromadlarni) ham kiritish nazarda tutilmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 5-oktabrdagi farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlash, xususiy mulkni har tomonlama muhofaza qilish va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir kompleks chora-tadbirlar dasturiga muvofiq “Davlat soliq xizmati to‘g‘risida”gi qonunga, Xo‘jalik protsessual kodeksiga, Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ushbu o‘zgartish va qo‘shimchalar davlat soliq xizmati organlari faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni yanada kengaytirishga, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar yig‘ishga sarflanadigan xarajatlar kamayishini ta’minlaydigan ma’muriyatchilik ishlarini takomillashtirishga, masofaviy (kameral) nazoratni keng joriy etishga va soliq to‘lovchilarning huquqiy savodxonligini oshirishga, sudlar va jarayon ishtirokchilari o‘rtasida hujjatlar ayirboshlash mexanizmini soddalashtirishga va tezkorligini oshirishga qaratilgan. 

Xo‘jalik ishlarini, shu jumladan, elektron shaklda shakllantirish tartibi belgilanmoqda. Bu esa dasturiy ta’minot ishlab chiqishni, shuningdek, sud majlislari zallarida zamonaviy komputerlar, skanerlar va boshqa uskunalar o‘rnatishni nazarda tutadi. 

Senatorlarning fikricha, mazkur tuzatishlarning kiritilishi soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar yig‘ishga sarflanadigan xarajatlarning kamayishini ta’minlaydi, jarayon ishtirokchilarining moliyaviy xarajatlarini va ketadigan vaqtini qisqartirish, shuningdek, soliq organlari, sudlar va soliq to‘lovchilarning vaqtini tejash imkonini beradi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-yanvardagi “Tadbirkorlik maqsadlarida foydalanish uchun davlat mulki obyektlarini sotishni jadallashtirish va uning tartib-taomillarini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq ayrim qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ushbu o‘zgartish va qo‘shimchalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga ko‘ra xususiylashtiriladigan obyektlarni, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisiga, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlariga davlat mulkining strategik bo‘lmagan obyektlarini, shu jumladan, davlatning ko‘chmas mulk obyektlarini investitsiya majburiyatlarini qabul qilgan holda “nol” qiymatida sotib olish bo‘yicha realizatsiya qilish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish huquqi berilishi munosabati bilan ayrim obyektlarni davlat tasarrufidan chiqariladigan va xususiylashtiriladigan obyektlar ro‘yxatidan chiqaradi. 

O‘zbekiston Respublikasining “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonuniga ham o‘zgartishlar kiritilmoqda. Jumladan, Bosh prokuror zimmasiga yuklatilgan vazifalarning sifatli ijrosini ta’minlash maqsadida alohida hollarda, prokuratura organlaridagi xizmatga iqtisodiyot, moliya, sotsiologiya, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida va boshqa sohalarda oliy ma’lumotga, zarur bilim va tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislarni qabul qilish huquqi berilmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasining “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi qonunini (yangi tahriri) hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-fevraldagi “Dori vositalarini va tibbiyot buyumlarini sotish, farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorini ijro etish maqsadida qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritilmoqda. Xususan, dori vositalari, tibbiyot uchun mo‘ljallangan buyumlar kabi tushunchalarga yangi ta’riflar berildi, tibbiy texnika, dorivor o‘simlik xomashyosi kabi yangi tushunchalar kiritildi. 

Bundan tashqari, farmatsevtika faoliyatining turini – dori vositalarini va tibbiyot uchun mo‘ljallangan buyumlarni chakana realizatsiya qilishni litsenziyalash bo‘yicha vakolatlarni O‘zbekiston Respublikasining Sog‘liqni saqlash vazirligidan mahalliy davlat hokimiyati organlariga o‘tkazib berilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritilmoqda. 

Shuningdek, qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilmoqda. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. 

Shundan so‘ng senatorlar bir qator xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunlarni ko‘rib chiqdilar. “O‘zbekiston Respublikasi bilan Turkmaniston o‘rtasidagi Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomani (Ashxobod, 2017-yil 6-mart) ratifikatsiya qilish haqida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi, bir tomondan, va Yevropa Hamjamiyatlari hamda ularga a’zo-davlatlar, ikkinchi tomondan, o‘rtasida sherikchilik ta’sis etuvchi Sherikchilik va Hamkorlik to‘g‘risidagi Bitimga ikki tomonlama to‘qimachilik Shartnomasining amal muddati tugaganini hisobga olib, Bitim qoidalarini to‘qimachilik mahsulotlarining ikki tomonlama savdosiga kengroq ko‘lamda qo‘llash maqsadida Bitimga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida Bayonnomani (Toshkent, 2011-yil 7-aprel) ratifikatsiya qilish haqida”gi, hamda “Qayta tiklanuvchi energiya bo‘yicha Xalqaro Agentlik ustavini (Bonn, 2009-yil 26-yanvar) ratifikatsiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunlari shular jumlasidandir. 

Senatorlarning fikricha, ushbu hujjatlarning ratifikatsiya qilinishi mamlakatimizning xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan munosabatlarini yangi strategik bosqichga olib chiqadi, keng qamrovli hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga, mamlakatimizning eksport salohiyatini kuchaytirishga, yangi bozorlarni o‘zlashtirishga, to‘qimachilik mahsulotlari savdosini xalqaro ko‘lamda yangi bosqichga olib chiqishga, shuningdek, energiya tejovchi texnologiyalarni va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish borasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qiladi. 

Shundan so‘ng senatorlar Xorazm viloyatining Xiva shahri va Xiva tumanining chegaralarini o‘zgartirish hamda Xiva shahrini viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlar turkumiga kiritish to‘g‘risidagi, Shahrisabz shahrini viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlar turkumiga kiritish to‘g‘risidagi, shuningdek, Jizzax viloyatining Zomin va Zarbdor tumanlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masalalarni ko‘rib chiqdilar. 

Ta’kidlanganidek, mamlakat hukumati tomonidan kiritilgan ushbu takliflarning ma’qullanishi Jizzax, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarining ma’muriy-hududiy tuzilishini, hududlar batartib joylashishini va ularni boshqarish samaradorligini takomillashtirishga, mahalliy aholining yashash sharoitlarini yaxshilashga ko‘maklashadi, turizm sohasining yanada ildam rivojlanishiga turtki beradi. 

So‘ngra senatorlar O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va mamlakat mintaqalariga xorijiy investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni jalb etish, turizmni rivojlantirish hamda O‘zbekistonning xalqaro nufuzini mustahkamlash sohasidagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini eshitdilar va muhokama qildilar. Bu sohada katta ishlar amalga oshirilganligi ta’kidlandi. 

Oxirgi 9 oy davomida yuksak darajadagi 10 ta tashrif va hukumat delegatsiyalarining 460 ta safari uyushtirildi, ular doirasida ko‘plab investitsion va savdo bitimlari imzolandi. 

Shu bilan birga, senatorlar o‘z nutqlarida Tashqi ishlar vazirligining va O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi vakolatxonalarining faoliyatida jiddiy kamchiliklar, o‘z yechimini topishni kutayotgan muammolar va foydalanilmagan imkoniyatlar borligini qayd etdilar. 

Xususan, mamlakatimiz mintaqalariga xorijiy investitsiyalarni va ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish, mamlakatimiz eksportchilarining mahsulotlarini yangi bozorlarga olib chiqish bo‘yicha ishlar yetarli darajada faollashmadi. Kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlashda kamchiliklar mavjud, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining xorijning yetakchi oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorligi lozim darajada yo‘lga qo‘yilmagan. 

Muhokama chog‘ida senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining faoliyatini yanada takomillashtirishga va hisobotni eshitish chog‘ida qayd etilgan mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ta’sirli choralar ko‘rishga qaratilgan bir qator taklif va tavsiyalarni bildirdilar. Muhokama yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining tegishli qarori qabul qilindi. 

“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunga, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining reglamenti to‘g‘risida”gi va “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi qonunlarga muvofiq senatorlar davlat ehtiyojlari uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining ta’minotchi, xizmat ko‘rsatuvchi hamda boshqa tashkilotlar oldidagi qarzdorligini keltirib chiqaruvchi sabablar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Z.T.Mirzayevga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risida qaror qabul qildilar. 

Shundan so‘ng senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining raisini va raisi o‘rinbosarini saylash, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi va a’zolarini saylash, O‘zbekiston Respublikasining Belgiya Qirolligidagi Favqulodda va muxtor elchisini lavozimga tayinlash hamda O‘zbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisini lavozimga tayinlash to‘g‘risidagi masalalarni ko‘rib chiqdilar. 

Yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining vakolatiga kiradigan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi. Tegishli qarorlar qabul qilindi. 

Senatning o‘ninchi yalpi majlisida mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning samaradorligini tubdan oshirishga, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturini bosqichma-bosqich ijro etishga qaratilgan 21 ta masala, shu jumladan, 7 ta qonun ko‘rib chiqildi. Senatning o‘ninchi yalpi majlisida qabul qilingan qarorlar fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari kafolatlarini yanada mustahkamlashning, aholi turmush darajasini oshirishning, mamlakatda barqarorlik va farovonlikni mustahkamlashning muhim omili bo‘lishi ta’kidlandi. 

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ninchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi.

Поделиться