O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilovning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati yalpi majlisidagi nutqi
2017-05-29 | Siyosat
(Toshkent shahri, 27-may 2017y.)
Hurmatli Nig‘matilla To‘lqinovich,
Hurmatli Senat a’zolari, majlis qatnashchilari!
Kun tartibiga olib chiqilgan masala - milliy iqtisodiyotga xorijiy sarmoyalarni jalb etish O‘zbekiston Prezidenti, hurmatli Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan davlatimiz tashqi siyosiy strategiyasida o‘ta muhim ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan.
Davlatimiz rahbarining ko‘rsatmalari, 2017-2021-yillar davomida mamlakatni rivojlantirish Strategiyasini amalga oshirish doirasida Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekistonning chet el mamlakatlaridagi vakolatxonalari xorijiy sheriklar bilan savdo-sarmoyaviy, ilmiy-texnologik, sayyohlik sohalaridagi hamkorlikni kuchaytirish hamda mamlakatimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini mustahkamlash bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirmoqda.
1. O‘tgan yil sentyabridan hozirgi vaqtgacha bo‘lgan davr mobaynida oliy darajada 12 ta tashrif tashkil etildi va o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning Turkmaniston, Qozog‘iston, Rossiya va Xitoyga buyurgan davlat tashriflari behad samarali bo‘ldi. Ularning yakunlari bo‘yicha 37,7 milliard AQSh dollari hajmiga teng 239 ta shartnoma va bitimlar imzolandi.
Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy-texnologik hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyalarning 12 ta yig‘ilishi, O‘zbekiston iqtisodiy delegatsiyalarining xorijiy mamlakatlarga 130 marotaba tashrifi, chet el biznes-delegatsiyalarining respublikamizga 266 ta tashrifi bo‘lib o‘tdi.
Umuman olganda, o‘tgan 9 oy davomida imzolangan savdo-sarmoyaviy bitimlar va shartnomalarning umumiy soni 320 dan ziyodni, mablag‘ hajmi bo‘yicha 44 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Ularning amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida 13 mamlakat bilan amaliy harakatlar rejalari (“yo‘l xaritalari”) tasdiqlandi.
Mamlakatlarimiz mahsulotlari eksportini kengaytirish yuzasidan yaqin va uzoq xorijdagi mamlakatlarga meva-sabzavot va to‘qimachilik mahsulotlari, qurilish materiallari, avtomobil, qishloq xo‘jaligi va maishiy elektr texnikalarini yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzishda milliy kompaniyalarimizga, shuningdek, o‘zbek korxonalarining Rossiya, Qozog‘iston, Ukraina, Pokiston, Afg‘oniston va boshqa mamlakatlarda savdo uylari ochilishida xorijiy ellardagi vakolatxonalarimiz tomonidan ko‘mak ko‘rsatildi.
Toshkentda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatiya korpusi va xalqaro tashkilotlarning vakolatxonalari, shuningdek, o‘zimizning diplomatiya vakolatxonalarimiz ko‘magida o‘tgan yili O‘zbekistonga 240 million AQSh dollaridan ziyod hajmda chet el grantlari va texnikaviy yordam jalb etildi.
2. Hisobot davrida vazirlik xorijiy ellarda O‘zbekistonning sarmoyaviy jozibadorligini oshirish, chet el biznes hamjamiyatlari o‘rtasida respublikaning ijobiy imijini - obro‘-e’tiborini shakllantirish bo‘yicha siyosiy-diplomatik ishlarni faol davom ettirdi. O‘zbekiston bilan Xalqaro mehnat tashkiloti, shuningdek, AQSh va boshqa qator Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan munosabatlar kun tartibidan “bolalar mehnati” deb ataladigan masala olib tashlandi.
Vazirlik hamda xorijdagi qator vakolatxonalarimizning besh yil davomida astoydil va sinchkovlik bilan olib borgan ishlaridan so‘ng Yevropa parlamenti O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi “To‘qimachilik protokoli”ni ma’qulladi. Ushbu bitimning kuchga kirishi o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlarining
Yevropa bozorlariga eksportini oshirish imkonini beribgina qolmasdan, G’arb sarmoyadorlariga O‘zbekistonga kapital kiritish uchun ijobiy ishorani ham yo‘llaydi.
O‘zbekistonning Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorligi qayta yo‘lga qo‘yilganini alohida qayd etish lozim. Bundan tashqari, Yevropa investitsiya banki bilan bitim tuzish masalasi ham faol ishlab chiqilmoqda.
Yalpi sayyohlik oqimini O‘zbekistonga jalb etish Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi vakolatxonalarimiz faoliyatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qolmoqda. Joriy yil yanvar - aprel oylari mobaynida diplomatiya vakolatxonalarimiz tomonidan 500dan ortiq tadbir, shu jumladan, seminarlar, taqdimotlar, davra suhbatlari, brifinglar, madaniyat kunlari, ko‘rgazmalar o‘tkazildi.
Vazirlik yirik va ishonchli xorijlik sarmoyadorlar, yuqori malakali mutaxassislar uchun kirish vizalari berish tartibini yengillashtirish ustida ham ish olib bormoqda. Hozirgi paytda tadbirkorlik maqsadlarida O‘zbekistonga keladigan 13 davlat (Avstriya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Latviya, Malayziya, Tailand, Fransiya, Chexiya, Shveysariya va Yaponiya) fuqarolariga nisbatan soddalashtirilgan viza berish tartibi amal qilmoqda. Turkiya va Xitoy Xalq Respublikasi biznesmenlariga soddalashtirilgan tartibda ko‘p martalik vizalarni rasmiylashtirish imkoniyatlari ishlab chiqilmoqda.
Xalqaro maydonda mamlakatimizning ijobiy obro‘sini ilgari surish bo‘yicha faoliyat doirasida yirik xorijiy nashrlarda 230dan ortiq maqola va materiallarning chop etilishi tashkil qilindi.
“Jahon” axborot agentligi va uning chet ellardagi muxbirlik punktlari ko‘magida 100 nafardan ziyod xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari mamlakatimizning zamonaviy rivojlanishi, uning iqtisodiy va sayyohlik salohiyatini yoritish uchun O‘zbekistonga kelishdi.
3. Biz vazirligimiz va diplomatiya vakolatxonalarimiz faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha faol chora-tadbirlar ko‘rmoqdamiz. Joriy yil boshida “O‘zbekiston diplomatiya vakolatxonalari va hukumatlararo komissiyalarning o‘zbek qismlari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Qarorda birinchi marta xorijiy vakolatxonalar faoliyati samaradorligini baholashning aniq mezonlari o‘z ifodasini topdi. Diplomatiya vakolatxonalari rahbarlari va savdo maslahatchilarining zimmasiga yuklatilgan vazifalar ijrosi yuzasidan ularning mas’uliyati belgilandi.
Bundan tashqari, bizning tomonimizdan hozirgi paytda ishlab chiqilayotgan “Diplomatiya xizmati to‘g‘risida”gi Qonun va yangi tahrirdagi Konsullik nizomi, shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi to‘g‘risidagi Nizomning yangi tahrirdagi loyihalarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalarni, chet el jamg‘armalari va yordam grantlarini jalb etish yuzasidan diplomatiya xizmati organlarining maqsad va vazifalarini sezilarli darajada kengaytirish ko‘zda tutilmoqda.
2017-2021-yillarda O‘zbekistonni yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish doirasida mamlakatimiz tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyati to‘g‘risidagi besh yillik dasturiy hujjatning loyihasi ishlab chiqildi.
Hurmatli Senat a’zolari,
Milliy iqtisodiyotga xorijiy investitsiyalar va ilg‘or texnologiyalarni jalb etish bo‘yicha amalga oshirayotgan sa’y-harakatlarimizga qaramasdan, Tashqi ishlar vazirligi va chet ellardagi vakolatxonalarimizning xorijda mamlakatimiz iqtisodiy manfaatlarini ilgari surish bo‘yicha ishlarini yetarli, deb hisoblab bo‘lmaydi.
Ishlar bo‘sh tashkil etilgani, Rahbariyat topshiriqlari ijrosiga nisbatan faoliyatsizligi va sustkashligi uchun 7 nafar elchi vazifasidan ozod etildi. Xizmat vazifalarini bajarishdagi mas’uliyatsizligi uchun yil boshidan buyon vazirning uch nafar o‘rinbosari va ikki nafar boshqarma boshlig‘i vazir buyrug‘i bilan qat’iy hayfsan oldi.
1. Diplomatiya vakolatxonalarimiz ishlaridagi asosiy kamchiliklar orasidan quyidagilarni alohida qayd etishni istar edim:
Birinchidan, jamoa boshqarilishining past darajasi va chet el sarmoyalarini jalb etish hamda tashqi bozorlarga eksport hajmlarini oshirish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri vazifalarining bajarilishi yuzasidan xodimlarga nisbatan talabchanlikning yo‘qolgani.
Ikkinchidan, vakolatxona faoliyat ko‘rsatayotgan biznes doiralari bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish, qo‘llab-quvvatlash va kengaytirish bo‘yicha ishlarning qoniqarsizligi.
Uchinchidan, vakolatxona faoliyat ko‘rsatayotgan davlatdagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat hamda iqtisodiyot tarmoqlari rivojlanishi tamoyillari va sur’atlari, shuningdek, mamlakat tashqi iqtisodiy siyosati ustuvorliklarining samarali tahlil tizimi va doimiy monitoringi yo‘lga qo‘yilmagani. Savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchilar chet el sarmoyalarini jalb etish va mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirishning uddasidan chiqa olishmayotir. Asosiy sabab – bizning nazarimizda, ularning kasbiy tayyorgarligi darajasi yetarli emasligi, xorijlik sheriklar bilan muzokaralar olib borishning amaliy tajribasi yetishmasligi, axborot-tahlil materiallarni tayyorlay olmasligi, hamda xorijiy tillarni bilish darajasining zaifligidir.
2. Bundan tashqari, Tashqi ishlar vazirligi boshqa vazirlik va idoralar bilan ishlarni muvofiqlashtirish bilan aloqador tizimli ahamiyatga molik bo‘lgan qator muammolarga duch kelmoqda. Ular orasida quyidagi hollarni alohida qayd etishni istar edim:
Birinchi – sarmoyalar jalb etish masalalari yuzasidan vazirlik va idoralar o‘rtasidagi vazifalarda aniq va qat’iy taqsimot mavjud emas.
Ikkinchi – xorijiy vakolatxonalarimizdan kelib tushadigan chet ellik sheriklarning takliflari vazirlik va idoralar tomonidan ko‘rib chiqilishi asossiz ravishda cho‘zilishi.
Ko‘pgina tashabbuslar mamlakatimiz uchun yaqqol foydali ekanligi ko‘rinib turgan bo‘lishiga qaramasdan, ular lozim darajada qo‘llab-quvvatlanmaydi, yoki inkor etiladi. Odob-ahloq nuqtai nazaridan, xorijlik sheriklarning murojaatlariga munosabat bildirmaslik mumkin emas, hatto ularning takliflari bizda qiziqish uyg‘otmasa ham.
Uchinchi – loyiha hujjatlari, ularning texnik-iqtisodiy asoslanganligi va sarmoyaviy takliflarning puxta tayyorlanmasligi. O‘zbekiston tarmoq idoralari va kompaniyalarining sarmoyaviy loyihalari hamda takliflarining sifatini ko‘pgina xorijlik ekspertlar “bo‘sh” yoki “xalqaro andozalarga javob bermaydi” deb baholashadi. Ularda marketing tadqiqotlari natijalari, taklif etilayotgan loyihalar istiqbolligi asoslanishi, ularning afzalligi va iqtisodiy samaradorligiga doir ma’lumotlar bo‘lmaydi – umum qabul qilingan oddiy talablar – pochta manzili, telefon va faks raqami, elektron pochta manzilini yozishni-ku aytmay qo‘ya qolaylik. Mutlaqo ko‘rsatilmaydi.
Hurmatli majlis qatnashchilari,
Ulkan sarmoyaviy salohiyatga ega bo‘lishiga qaramay, O‘zbekiston o‘z iqtisodiyotiga xorijiy mablag‘larni jalb etish borasida ko‘plab davlatlardan orqada qolmoqda. Iqtisodiyotimizni xorijiy sarmoya bilan ta’minlashda davom etib kelayotgan past ko‘rsatkichning sabablarini aniqlash maqsadida Vazirlik tomonidan diplomatik vakolatxonalar bilan birgalikda O‘zbekistonda faoliyat yuritish tajribasiga ega bo‘lgan xorijiy sarmoyadorlar, biznesmenlar va nufuzli moliya tashkilotlarining ekspertlari o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazildi. Uning yakunlariga ko‘ra, xorijiy biznes hamjamiyatlari vakillari O‘zbekistonga sarmoya oqimini to‘xtatib qo‘yayotgan bir qator omil va sharoitlarni tilga oldilar. Ana shu masalalarning ayrimlarini keltiraman:
- valyuta konvertatsiyasi va foydani repatriatsiya qilish;
- bank-kredit tizimining takomillashmaganligi;
- sarmoyadorlar huquqlarining zaif himoyasi va yetarli darajada samarali bo‘lmagan sud tizimi;
- ma’muriy-byurokratik to‘siqlar. Ko‘plab xorijiy kompaniyalar o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya va ruxsat olish tartib-qoidalaridan norozi;
- past investitsiya reytingi.
Sizlarga ma’lumot uchun shuni aytishni istardimki, xorijiy sarmoyalarni jalb etish muammolarini har tomonlama o‘rganib, O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi Senati va Tashqi ishlar vazirligining Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda, vazirlik va idoralar ishtirokida Investitsiya muhitini yanada takomillashtirish, iqtisodiyot tarmoqlari va mamlakat hududlariga xorijiy sarmoya hamda zamonaviy texnologiyalar jalb etilishini rag‘batlantirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar davlat dasturi loyihasi ishlab chiqildi va ko‘rib chiqish uchun Rahbariyatga kiritildi.
Hurmatli senatorlar,
Tashqi ishlar vazirligi va xorijiy vakolatxonalarning sarmoya va zamonaviy texnologiyalar jalb etish sohasidagi faoliyatini yaxshilash, shuningdek, mamlakatning sarmoyaviy salohiyatini oshirish maqsadida quyidagi chora-tadbirlarni qabul qilishni maqsadga muvofiq deb hisoblagan bo‘lardik:
1) Biz tomonimizdan aloqador vazirlik va idoralar bilan birga ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasining 2017 – 2021-yillardagi tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyati Strategiyasini tasdiqlash.
2) O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari tuzilmasini optimallashtirish va tanqidiy tahlil qilgan holda xorijiy vakolatxonalar shtat jadvalini qayta ko‘rib chiqish;
Elchixonalar faoliyatida iqtisodiy yo‘nalishni mustahkamlash lozim bo‘lgan muhim davlatlar ro‘yxatini aniqlashtirish va shu bilan birga, zarur bo‘lganda qo‘shimcha savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchi shtatini kiritish;
3) Tashqi ishlar vazirligi apparatida Vazirlik huzurida xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari bilan shug‘ullanadigan mustaqil bo‘linma tashkil etish. Bu borada ishlar boshlab yuborilgan;
4) xalqaro iqtisodchi-mutaxassislarni tayyorlashning asoslarini tubdan qayta ko‘rib chiqish, bunda, eng avvalo, ushbu sohaga tegishli o‘quv yurtlarining, shu jumladan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining faoliyatini takomillashtirishga e’tibor qaratish;
5) dunyo tajribasi asosida loyihalashga oid takliflarni tayyorlashning yagona standartlarini ishlab chiqish. Investitsiya loyihalari hamda korxona va ob’ektlarni xususiylashtirish borasidagi takliflarni sifatli tayyorlash bo‘yicha texnik hujjatlarni ishlab chiqishga G’arb davlatlarining yetakchi konsalting kompaniyalarini faol jalb qilish;
6) valyuta bozori va bank-moliya tizimini liberallashtirish, sarmoyadorlar huquq va manfaatlarining ishonchli himoyasini ta’minlash bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish borasidagi ishlarni davom ettirish;
7) xalqaro reyting agentliklari va tadqiqot tashkilotlari bilan hamkorlikni kengaytirish. Ochiq manbalarda sarmoyador uchun investitsiyaviy faoliyatini amalga oshirishda zarur bo‘lgan iqtisodiy ma’lumotlarni, jumladan, davlat budjeti va uning bajarilishi, pul-kredit siyosati, tashqi savdo ko‘rsatkichlari va boshqa axborotlarni muntazam e’lon qilinishini ta’minlash.
Hurmatli Nig‘matilla To‘lqinovich,
So‘zim yakunida hurmatli senatorlarimiz e’tiborini shunga qaratmoqchi edimki, Tashqi ishlar vazirligi majburiyatlari doirasiga mamlakatga investitsiya va ilg‘or texnologiyalarni jalb qilishdan tashqari, xalqaro maydonda milliy manfaatlarni himoya qilish va ilgari surish, yirik mamlakatlar va mintaqalardagi ta’sir doirasi kuchli davlatlar bilan har tomonlama tenglik tamoyiliga mos, barqaror va istiqbolga ega bo‘lgan aloqalarni o‘rnatish, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, O‘zbekiston atrofida farovonlik va barqarorlik hududini shakllantirish, xalqaro hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish, xorijiy davlatlarda O‘zbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish kabi ustuvor vazifalar ham kiradi.
Shuningdek, transchegaraviy daryolar manbalaridan oqilona va adolatli foydalanishning ta’minlanishini tartibga solish, davlat chegaralarining delimitatsiya va demarkatsiyasi masalalarini hal qilish, qo‘shni davlatlar bilan konstruktiv va do‘stona aloqalarni yo‘lga qo‘yish vazifalari ham shular jumlasidandir. Ifodali qilib aytganda, Tashqi ishlar vazirligining asosiy vazifasi – bu mamlakatning xavfsizligi va barqarorligini uning yaqin atrofida ham, uzoqda ham ta’minlashdan iboratdir.
Sizlarni ishontirib ayta olamanki, Tashqi ishlar vazirligi va xorijiy vakolatxonalarimiz oldimizga qo‘yilgan siyosiy-diplomatik faoliyat bilan birga, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy ustuvor vazifalarni ham o‘z vaqtida va samarali bajarish uchun bor kuch-g‘ayratini ishga soladi. Bu borada biz Senat korpusi, Prezident devoni va Hukumat a’zolarining har tomonlama ko‘magiga va qo‘llab-quvvatlashiga tayanamiz.
E’tiboringiz uchun rahmat!