O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Zamonaviy texnologik uskunalar – raqobatbardosh mahsulotlar tayyorlash asosi
2017-05-27 | Iqtisodiyot
"O‘zbekcharmpoyabzali" uyushmasi tasarrufidagi korxonalar 2010-yilda 21,7 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqargan bo‘lsa, 2017-yilga kelib bu ko‘rsatkich 612,8 milliard so‘mga yetdi.
Bu haqda O‘zbekiston Milliy matbuot markazida mamlakatimizda charm va poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarish sohasini rivojlantirish, eksport ko‘lamini oshirish hamda maqsadli dasturlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha joriy yilda olib borilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
"O‘zbekcharmpoyabzali" uyushmasi boshqaruvi raisi o‘rinbosari Sh.Sheraliyev va boshqalar mamlakatimizda ishlab chiqarish korxonalari modernizatsiya qilinib, texnik va texnologik jihatdan yangilanayotgani, xorijiy hamkorlar uchun qulay investitsiyaviy muhit yaratib berilayotgani natijasida charm-poyabzal sanoatida yuksak samaradorlikka erishilayotganini ta’kidladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 15-sentabrdagi “2016-2020-yillarda charm-poyabzal sanoatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
"O‘zbekcharmpoyabzali" uyushmasi tarkibida yuzdan ortiq korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘tgan davrda uch yuzdan ortiq yangi modeldagi poyabzallar va yetmish turdagi yangi charm-attorlik mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Mahalliylashtirish dasturi doirasida import o‘rnini bosuvchi 1,7 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi.
Bu jarayonda chet el sarmoyasi ishtirokida qator zamonaviy korxonalar bunyod etilib, ichki va tashqi bozorda raqobatbardosh bo‘lgan mahsulotlar tayyorlanmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida yuqori qo‘shimcha qiymatga ega charm mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 28,2 foiz o‘sgani buning yaqqol tasdig‘idir.
Ayni paytda “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” yorlig‘i bilan mahsulotlar Italiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Xitoy, Pokiston Hindiston, MDH davlatlari va boshqa xorijiy mamlakatlarga eksport qilinmoqda.
Mazkur tizimdagi mavjud quvvatlar modernizatsiya qilinib, eng zamonaviy texnologik uskunalar bilan jihozlanayotgani muvaffaqiyatlarning asosi bo‘lmoqda. Joriy yilda 189 investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. 2019-yilgacha jami ellikdan ortiq ana shunday loyiha hayotga tatbiq etiladi. Shu maqsadda 2017-yilda 44,5 million dollar, 2018-yilda 49,4 million dollar investitsiya o‘zlashtirilishi bilan 1 ming 612 ish o‘rni yaratiladi, 758,5 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqariladi.
Anjumanda sohaning eksport salohiyatini oshirish, amaliyotga tatbiq etilayotgan investitsiya loyihalari, ularning ahamiyati haqida ma’lumot berildi. Jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.