O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari yig‘ilishlarida davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2016-yildagi va 2017-yil birinchi choragidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobot deputatlar tomonidan dastlabki tarzda muhokama qilish asosida ko‘rib chiqilmoqda.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida hisobot davrida tasdiqlangan ko‘rsatkichlar asosida mamlakatimizda iqtisodiy dasturlarning eng muhim ustuvor vazifalari tizimli ravishda amalga oshirilishi natijasida o‘sishning barqaror yuqori sur’atlarini va makroiqtisodiy muvozanatlilikni saqlash, mamlakat iqtisodiyotini modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash ta’minlanganligi ta’kidlab o‘tildi.
Yig‘ilishda ijtimoiy sohaga va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tadbirlariga ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi, byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi hamda Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi daromadlarining shakllantirilishi va ular xarajatlarining maqsadli va manzilli sarf etilishiga alohida e’tibor qaratildi.
Fraksiya vakillari erishilgan yutuqlar bilan birgalikda yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklar xususida ham to‘xtalib o‘tdi.
Yig‘ilish yakunida fraksiya a’zolari kun tartibidagi masalalar yuzasidan o‘z nuqtai-nazarini shakllantirib, hisobotni ma’qulladi va tegishli qaror qabul qildi.
* * *
O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari mamlakatimiz davlat byudjetining 2016-yilgi ijrosini dastlabki tarzda muhokama qilish chog‘ida ijtimoiy adolat g‘oyalariga tayangan holda asosiy e’tiborni, ayniqsa, ta’lim-tarbiya, madaniyat, sog‘liqni saqlash sohalaridagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishiga qaratdi.
Deputatlar tomonidan ushbu mablag‘lar sarflanishi holatini sinchiklab muhokama qilish asnosida ta’lim tizimidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, ta’lim jarayoni darajasi hamda sifatini takomillashtirishga qaratilgan ta’lim standartlari va dasturlarini mukammallashtirish, shuningdek, umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va oliy o‘quv yurtlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashni davom ettirish borasida ko‘rilayotgan choralar tahlil qilindi.
«Adolat» SDP saylovoldi dasturidan kelib chiqib, fraksiya a’zolari sog‘liqni saqlash muassasalarini zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlash va kasalliklarning profilaktikasiga yo‘naltirilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga alohida to‘xtaldi.
Deputatlar qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida yakka tartibda uy-joylar qurish bo‘yicha maqsadli davlat dasturining amalga oshirilishi borasida olib borilayotgan ishlarni atroflicha muhokama qildi. Ushbu dasturning jami xarajatlardagi ulushi 2015-yildagi 2,4 foizdan 3,3 foizgacha ko‘payganligi ta’kidlandi. Shuning barobarida fraksiya vakillari partiyaning dasturiy maqsadlaridan kelib chiqib namunaviy loyihalar asosida qurilayotgan uylarga kelgusida energiya tejamkor texnologiyalarni joriy qilish hamda ijtimoiy obyektlarni bunyod etish yuzasidan taklif, tavsiyalarini bildirdi.
Qizg‘in muhokamalardan so‘ng deputatlar fraksiya nuqtai-nazarini belgilab, davlat byudjetining ijrosi yuzasidan hisobotni ma’qullash to‘g‘risida qaror qabul qildi.
* * *
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhi yig‘ilishida 2016-yilda davlat byudjetidan atrof-muhitni muhofaza qilish uchun, xususan, havo, suv va yer resurslari, o‘simlik va hayvonot dunyosi muhofazasiga, oqova suv tozalash inshootlarini qurish va qayta ta’mirlashga, o‘rmonchilik va ko‘kalamzorlashtirish, bioxilma-xillikni va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni saqlash va yangilarini barpo etishga va ekologik yo‘nalishdagi boshqa tadbirlarga sarflangan mablag‘lar ko‘lami atroflicha tahlil qilindi.
Muhokamalar chog‘ida Ekoharakat deputatlari guruhi investitsiyalardan foydalanish samaradorligini, davlat byudjetidan atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik muammolarni hal etishga yo‘naltirilgan mablag‘lar hajmining oshganligini alohida ta’kidladi.
Deputatlar tomonidan atrof-muhitni muhofaza qilish, aholi salomatligini yaxshilash va ekologik muammolarni hal etish uchun davlat byudjetidan ajratilayotgan mablag‘lardan maqsadli foydalanish hamda byudjet intizomiga rioya qilinishi yuzasidan nazoratni kuchaytirish, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan foydalanishga qaratilgan dasturlarning davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan chora-tadbirlari ijrosini to‘la ta’minlash yuzasidan fikrlar bildirildi.
Tadbir yakunida deputatlarning fikr-mulohazalari va takliflar muhokama qilinib, hisobot yuzasidan Ekoharakat deputatlar guruhining tegishli qarori qabul qilindi.
Nurillo Nasriyev, O‘zA