O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Madaniy va ilmiy aloqalar rivojlanmoqda
2017-05-26 | Jamiyat
Temuriylar tarixi davlat muzeyida «Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash» loyihasi ijrosining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi va Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida amalga oshirilgan loyiha taqdimotida temurshunos olimlar, shoir va yozuvchilar, diplomatik vakolatxonalar vakillari, yosh tadqiqotchilar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasining vitse-prezidenti B.Abduhalimov, Turkiya Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Yildirim Tug‘rul Turkesh, Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi raisi N.Habibullayev, TIKAning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Suleyman Kiziltuprak va boshqalar O‘zbekistonda buyuk ajdodlar merosini asrab-avaylash borasidagi keng ko‘lamli sa’y-harakatlar natijasida Amir Temur shaxsi qadr topgani, uning jahon tarixidagi o‘rni, dunyo tamadduniga qo‘shgan beqiyos hissasi e’tirof etilib, ilmiy tadqiq qilinayotgani va bu boradagi xalqaro ilmiy aloqalar yanada mustahkamlanayotganini ta’kidladi.
Bugungi kunda Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi buyuk ajdodimiz hayoti va faoliyatini tadqiq qiluvchilar uchun ilmiy markaz vazifasini o‘tamoqda, bu yerda ko‘plab ilmiy-ommabop kitoblar chop ettirilmoqda.
– Sohibqiron shaxsiyati va Temuriylar davri tarixini ilmiy o‘rganish turkiyalik olimlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda, – deydi fond raisining birinchi o‘rinbosari To‘lqin Hayit. – Bu o‘z-o‘zidan ikki davlat o‘rtasida ilmiy-madaniy aloqalarning mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda. Bugungi tadbir ham ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini kuchaytirish yo‘lidagi sa’y-harakatlar hamda buyuk bobomiz Amir Temur siymosiga bo‘lgan chuqur hurmat-e’tiborning amaldagi ifodasidir.
– Amir Temur amalga oshirgan ulkan ishlar nafaqat o‘zbek xalqi, balki turk xalqi uchun ham ahamiyatli va qadrlidir, – deydi Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Suleyman Kiziltuprak. – Sohibqironning hayoti, davlat boshqaruvi uslubi, san’at, madaniyat sohalaridagi ezgu amallari turkiyalik olimlar tomonidan ilmiy o‘rganilmoqda. Bunday tadqiqotlar natijasida o‘ndan ortiq ilmiy tadqiqot va kitoblar chop etilgan. Mazkur loyihaning amalga oshirilishi ham o‘zaro ilmiy hamkorligimizni yanada mustahkamlaydi.
Tadbir ishtirokchilari fond faoliyati, hamkorlikdagi loyiha asosida amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.