O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekistondagi tibbiy islohotlar Jenevada e’tirof etildi
2017-05-26 | Jamiyat
Shu yilning 22 mayidan o‘z ishini boshlagan Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining 70 sessiyasi qizg‘in pallaga kirdi. Jenevada o‘tayotgan ushbu tadbirda 194 ta a’zo davlatlar qatorida Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.
Har yili Jenevada o‘tkaziluvchi Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining sessiyasida JSSTga a’zo davlatlar vakillari ishtirok etib, sog‘liqni saqlash sohasi bo‘yicha kuzatilayotgan global muammolar va ularning yechimlari borasida muhokamalar o‘tkazadi. Bu yilgi sessiyada ishtirokchilar sog‘liqni saqlash sohasiga doir favqulodda vaziyatlar, xalqaro tibbiy-sanitariya qoidalari, poliomiyelit, mikrobga qarshi dori vositalariga nisbatan chidamlilik, dori vositalari va vaksinalar ta’minoti kabi dolzarb mavzularda muhokamalar bo‘lishi kutilmoqda.
Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasi 70-sessiyasida Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov ma’ruza qildi. O‘z chiqishida A.Shodmonov global muammolar va tahdidlarga javoban BMT boshchiligida dunyoni o‘zgartirishga qodir barqaror rivojlanish dasturi va unda belgilangan asosiy vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.
— 2015 yilning sentyabrida O‘zbekiston ham BMTning barcha a’zo davlatlari qatorida 17 ta maqsad va ularga biriktirilgan 169ta maqsadli ko‘rsatkichlardan tashkil topgan Barqaror rivojlanish maqsadlarini qo‘llab-quvvatlagan edi. Mazkur ro‘yxatdagi 3-ustuvor maqsad sog‘lom turmush tarzi va shunga muvofiq har qanday yoshda har bir kishi uchun farovonlikni ta’minlashga qaratilgan, — dedi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov.
— Bu maqsad o‘zida sog‘liqni saqlash tizimining barcha ustuvor vazifalarini, xususan, reproduktiv salomatlikni, ona va bola salomatligini muhofaza qilish; yuqumli va yuqumli bo‘lmagan kasalliklar, shuningdek, atrof-muhit zararlanishi oqibatida yuzaga keluvchi kasalliklarga qarshi kurash; aholini tibbiy xizmat bilan qamrab olish; xavfsiz, samarali va sifatli dori vositalari va vaksinalar bilan ta’minlash masalalarini qamrab olgan. O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimining rivojlanish istiqbollarida milliy maqsad va manfaatlarimizga mos keluvchi 3-ustuvor maqsad hech qanday o‘zgarishsiz qabul qilindi.
Shundan so‘ng A.Shodmonov mamlakatimizda Barqaror rivojlanish maqsadlarining 3-ustuvor maqsadi bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarga to‘xtalib o‘tdi. O‘zbekiston o‘z oldiga onalar, chaqaloqlar va besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limini kamaytirish, yuqumli va virusli kasalliklar, yuqumli bo‘lmagan xastaliklar ko‘rsatkichini yanada pasaytirishni asosiy maqsad qilib qo‘yganini ta’kidladi.
— Ayni paytda O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlarida nazarda tutilgan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish uchun keng qamrovli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda va davlat ham mazkur maqsadlarga nisbatan kuchli siyosiy majburiyatini ko‘rsatmoqda, — dedi A.Shodmonov.
Vazir o‘z ma’ruzasi davomida mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan yurtimizda sog‘liqni saqlash sohasida olib borilayotgan islohotlar xususida ma’lumot berib o‘tdi. Birlamchi tibbiy yordam, shoshilinch tibbiy xizmat, ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam, dori-darmon ta’minotini yanada yaxshilashga qaratilgan me’yoriy hujjatlar qabul qilinib, ijobiy natijalarga erishilayotganini alohida qayd etib o‘tdi.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirining ma’ruzasidan so‘ng JSST Bosh direktori Tedros Gebreyesus va Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasi Raisi Veronika Skvorsova O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasida olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.
Eslatib o‘tamiz, Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining 70-sessiyasi shu yilning 31 mayigacha davom etadi.