O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qo‘mondonlik shtab-o‘quv mashqlari yakunlari
2017-05-26 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Bosh Vaziri – Fuqaro muhofazasi boshlig‘ining buyrug‘iga asosan o‘tkazilgan hamkorlikdagi qo‘mondonlik shtab – o‘quv mashqlari (HQShO‘M) 25 may kuni yakunlandi. O‘quv mashqining asosiy maqsadi Toshkent shahri va Toshkent viloyati FVDT hududiy quyi tizimi kuch va vositalari, boshqaruv organlari, qidiruv-qutqaruv tuzilmalarining zilzila oqibatida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha tayyorgarligini tekshirishdan iborat bo‘ldi.
O‘tkazilgan HQShO‘Mda Toshkent shahri va Toshkent viloyati hokimiyatlari, boshqaruv organlari hamda tegishli vazirlik, idoralar va xizmatlarning rahbarlari, mas’ul xodimlari ishtirok etishdi.
Tasdiqlangan rejaga asosan HQShO‘M qatnashchilari birinchi kuni boshqaruv organlari, FVDT xizmatlari, FM tuzilmalari rahbarlarini yig‘ish hamda aholini ogohlantirish, dala sharoitida harakatdagi boshqaruv punktini yoyish, shtab ishini tashkillashtirish, ma’lumot almashish, yuzaga kelgan favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha qarorlar ishlab chiqishni bajardilar.
O‘quv mashqining ikkinchi bosqichida esa shartli ravishda favqulodda vaziyat sodir bo‘lgan hududlarda avariya-qutqaruv va boshqa kechiktirib bo‘lmaydigan ishlarni olib borish, jabrlangan va ko‘chirilgan aholiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish hamda birlamchi xayotiy zarur vositalar bilan ta’minlash ishlarini tashkillashtirish, hududdagi ishdan chiqqan infrastruktura tizimini tiklash tadbirlari bajarildi.
HQShO‘M doirasida Toshkent viloyatining tegishli tumanlarida aholi yashash punktlari va iqtisodiyot ob’ektlarini sel va suv toshqinlaridan muhofaza qilish maqsadida qirg‘oqlarni mustahkamlash tadbirlari ham bajarildi.
Shuningdek, Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi kollej, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida “Fuqaro muhofazasi” kunlari o‘tkazilib, ularda jami 675 mingga yaqin o‘quvchi, tarbiyalanuvchi, o‘qituvchi va tarbiyachilar favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish bo‘yicha ko‘nikmalarini oshirdilar.
Uch kun mobaynida o‘tkazilgan o‘quv mashqi davomida dala sharoitida tashkil etilgan boshqaruv punktlaridagi FVDTning tegishli xizmatlari ma’lumotlar almashish, umumlashtirish, tahlil qilish va tegishli qarorlar ishlab chiqishni bajardilar.
HQShO‘Mga FVDT xizmatlarining jami 1047 nafar xodimlari va 215 ta turli maxsus avtotexnikalari jalb etildi.
25 may kuni Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani Texnologiya kasb-hunar kolleji hududida tashkil etilgan boshqaruv punktida Favqulodda vaziyatlar vaziri R.Djuraev rahbarligida o‘tkazilgan HQShO‘Mning yakunlariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent shahri va Toshkent viloyati tuman va shahar hokimiyatlari, kommunal va boshqa xizmatlar rahbarlarining o‘quv mashqi davomida amalga oshirgan ishlari bo‘yicha hisobotlari tinglandi. Shuningdek, yig‘ilishda boshqaruv organlari o‘rtasida ma’lumot almashinuvi hamda ishlab chiqarish sohasida band bo‘lmagan aholini favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilishga tayyorlashni yanada takomillashtirish masalalari ham muhokama etildi.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, bu kabi o‘quv mashqlarini o‘tkazish boshqaruv organlari FVDT xizmatlari, shuningdek, iqtisodiyot ob’ektlari fuqaro muhofazasi bo‘yicha mutaxassislarining sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar sharoitida o‘zaro hamkorlik qilish, fuqarolar va ularning mol-mulklarini muhofaza qilish, evakuatsiya va boshqa muhim tadbirlarni bajarishda bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirish imkonini beradi.