O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oliy ta’lim muassasalariga qabul o‘rni oshadi
2017-05-26 | Ta’lim
2017-2018 o‘quv yilida mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalariga qabul qancha oshadi? Maxsus sirtqi bo‘limlarga qanday talablar asosida qabul qilinadi? To‘lov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi bo‘yicha qo‘shimcha qabulni amalga oshirish tartiblari qanday?
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan matbuot anjumanida bu masalalarga oydinlik kiritildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning «Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi, «2017/2018 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida»gi qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida mamlakatimizda kadrlar tayyorlash tizimi yanada takomillashayotgani ta’kidlandi.
Tadbirda vazirlikning kadrlar tayyorlash va oliy ta’lim muassasalarini tashkiliy-metodik ta’minlash bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari B.Rajabov mamlakatimiz oliy ta’lim tizimida kadrlar tayyorlash hamda 2017-2018 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul masalalariga oid axborot berdi.
Mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalariga joriy yilgi qabul o‘rinlari oshirilgani, bunda hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari va ish beruvchilarning joriy va istiqboldagi talablari inobatga olingani aytib o‘tildi.
2017/2018 o‘quv yilida 66 ming 316 bakalavr (davlat granti asosida – 18 ming 194), 5 ming magistr (davlat granti asosida – 1 ming 556) oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilinadi. Toshkent axborot texnologiyalari universitetining maxsus sirtqi bo‘limida 100 (davlat granti asosida – 15), Navoiy davlat konchilik institutida to‘lov-kontrakt asosida 90, Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida to‘lov-kontrakt asosida 80 abituriyent talaba bo‘ladi.
36 oliy ta’lim muassasasida bakalavr yo‘nalishi bo‘yicha 114, 42 o‘quv yurtida magistratura yo‘nalishi bo‘yicha 104 yangi mutaxassislik joriy etilmoqda. Toshkent davlat texnika va Toshkent davlat agrar universitetlarining Termiz filiallari uchun qabul kvotalari, shuningdek, yuqori malakali tibbiyot kadrlariga ehtiyoj katta bo‘lgan hududlar uchun yurtimizdagi tibbiyot oliy ta’lim muassasalariga maqsadli qabul kvotalari ham tasdiqlangan.
Oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi bo‘yicha qo‘shimcha qabul uchun kvota miqdori ta’lim muassasasining mavjud imkoniyatlari va ta’lim yo‘nalishlaridan kelib chiqib Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Davlat test markazining mas’ul xodimlari jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.