O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Suv resurslaridan oqilona foydalanishga barchamiz mas’ulmiz
2017-05-26 | Jamiyat
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 4-maydagi “2017-2021-yillarda yer osti suvlari zaxiralaridan oqilona foydalanishni nazorat qilish va hisobga olishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimiz aholisini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash tizimini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Ushbu qaror yer osti suvlari zaxiralaridan foydalanish samaradorligini oshirish, shu asosda aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash sifatini yanada yaxshilash hamda ayrim shahar va tumanlar markazlarida yer osti suvlari sathlari ko‘tarilishining oldini olishga yo‘naltirilgan.
Hujjatda yer osti suvlarini hisobga olish va ulardan foydalanishda nazoratni ta’minlash uchun vakolatli davlat organlari, suvdan foydalanuvchilar va iste’molchilarning suv resurslaridan oqilona foydalanish, olinayotgan suv hajmini to‘liq hisobga olish hamda uning ifloslanishi va kamayishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha vazifalari belgilangan.
Mazkur qaror bilan tasdiqlangan 2017-2021-yillarda yer osti suvlari zaxiralaridan oqilona foydalanishni nazorat qilish va hisobga olishni tartibga solish chora-tadbirlari dasturi sohada muhim o‘rin tutadi.
Ushbu dastur yer osti suvlari zaxiralaridan oqilona foydalanishni nazorat qilish va ularni hisobga olishni tartibga solish chora-tadbirlari kompleksini, yer osti chuchuk suvlari zaxiralarini ko‘paytirishning maqsadli parametrlarini va boshqa shu kabi masalalarni o‘z ichiga oladi.
Shu o‘rinda eslatib o‘tamiz, bugungi kunda mamlakatimizdagi 69 shahar, 335 posyolka va 2 ming 902 qishloq aholisining ehtiyoji yer osti suvlari zaxiralari hisobiga qondirilmoqda.