O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Aholi uchun qulay turmush sharoiti yaratish – doimiy e’tiborda
2017-05-26 | Jamiyat
Bugungi kunda shahar va qishloq aholi punktlarining zamonaviy arxitektura qiyofasini shakllantirish, uy-joy va ijtimoiy-maishiy qurilishni jadal rivojlantirish, shaharsozlik sohasiga oid dolzarb masalalarni hal etish muhim vazifalardan hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda “O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazkur sohadagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.
Ushbu hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasining shaharsozlik sohasida yagona davlat va ilmiy-texnikaviy siyosatni olib borish jarayonidagi rolini oshirishga qaratilgan bo‘lib, qo‘mita faoliyatiga oid asosiy vazifa va yo‘nalishlar belgilab berilgan.
Farmonda yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilikka, jumladan, aholi punktlarini loyihalash va qurish, loyiha-qidiruv va qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish, qurilish materiallarini ishlab chiqarishda, buyurmachilar tomonidan texnik nazorat hamda loyihalash tashkilotlarining mualliflik nazoratini olib borishda shaharsozlik me’yorlariga rioya etish bo‘yicha qat’iy nazorat o‘rnatilishiga alohida e’tibor qaratilgan.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasining Loyiha va qurilish-montaj ishlari sifatiga rioya etilishi ustidan davlat nazorati bosh boshqarmasi qo‘mita huzuridagi Arxitektura-qurilish nazorati davlat inspeksiyasi etib qayta tashkil etildi.
Toshkent arxitektura-qurilish va Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutlari, mamlakatimizning o‘n to‘rtta hududida bittadan arxitektura-qurilish yo‘nalishidagi kasb-hunar kollejlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tizimiga o‘tkazildi.
Ushbu farmon bilan shaharlar qiyofasini shakllantirishda arxitektura-shaharsozlikning muhim o‘rin egallashi inobatga olinib O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashining yangilangan tarkibi tasdiqlandi va vazifalari belgilandi.
Xulosa o‘rnida aytganda, mazkur sohadagi o‘zgarishlar aholi uchun qulay turmush sharoiti yaratish, rivojlangan ishlab chiqarish, ijtimoiy, muhandislik-transport infratuzilmasiga ega obod aholi punktlarini barpo etishga muhim ahamiyat kasb etadi.