O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Harakatlar strategiyasi o‘rganilmoqda
2017-05-26 | Jamiyat
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini o‘rganish va targ‘ib etishga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri maslahatchisi M.Quronov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari M.Aleuov, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professori B.Aliyev, “Nuroniy” jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi boshlig‘i Sh.Usnatdinov va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 7-fevraldagi farmoni bilan tasdiqlangan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi davlat va jamiyatni jadal rivojlantirish, mamlakatni modernizatsiyalash va hayotning barcha sohalarini liberallashtirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Davlat boshqaruvini takomillashtirish yo‘nalishida eng avvalo davlat xizmatini isloh qilish, iqtisodiyotda davlat boshqaruvini kamaytirish, davlat va xususiy sektorning o‘zaro foydali hamkorligining zamonaviy shakllarini, “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar o‘z samarasini bermoqda.
Iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirish yo‘nalishi bo‘yicha milliy valyuta va narxlar barqarorligini ta’minlash, valyutani tartibga solishning zamonaviy bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish, mahalliy byudjetlarning daromad bazasini, tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, eksportga mo‘ljallangan mahsulot va materiallar ishlab chiqarish uchun zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, soliq ma’murchiligini yaxshilash, bank faoliyatini tartibga solishning zamonaviy prinsip va mexanizmlarini joriy etish nazarda tutilmoqda.
– Davlatimiz rahbari tomonidan ishlab chiqilgan Harakatlar strategiyasi xalq fikrini bilish, uning xohish-istaklarini o‘rganish, uni o‘ylantirayotgan muammolarga yechim topishda muhim ahamiyat kasb etmoqda, – deydi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti professori G.O‘temuratova. – Taraqqiyotning besh ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha strategik vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha hududlarda chora-tadbirlar belgilanib, keng ko‘lamli ishlar boshlab yuborilgani bu hujjatning xalqchil va hayotiy ekanini tasdiqlab turibdi.
Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni ro‘yobga chiqarish maqsadida 2017-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasiga 1 trillion 257 milliard so‘m investitsiya kiritish ko‘zda tutilgan. Bu ko‘rsatkich yaqin besh yilda 8 trillion so‘mni tashkil etadi. Shu hisobdan amalga oshiriladigan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi.