O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Savdo-iqtisodiy hamkorlik rivojlanmoqda

2017-05-26 | Iqtisodiyot

“O‘zekspomarkaz”da 25-may kuni Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Turkiya hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ikki mamlakatning iqtisodiyot, bank-moliya, savdo-sanoat, sarmoya, energetika, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, turizm, madaniyat, axborot texnologiyalari, transport va transport kommunikatsiyalari, logistika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, to‘qimachilik, elektrotexnika kabi sohalar uchun mas’ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, komissiya hamraisi Rustam Azimov va boshqalar O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi hamkorlik barcha yo‘nalishlarda izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar bunda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yilning 14-mayida Pekinda “Bir makon, bir yo‘l” forumi doirasida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on bilan uchrashuvi, 2016-yil 17-18-noyabr kunlari Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘onning mamlakatimizga tashrifi o‘zaro munosabatlarga yangi sur’at bag‘ishladi. 

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning huquqiy asosi tobora mustahkamlanib bormoqda. Davlatlarimiz savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish borasida ulkan salohiyatga ega. Hozirgi kunda O‘zbekistonda Turkiyaning 441 firma va kompaniyasi faoliyat yuritmoqda. 2016-yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 1,2 milliard dollarni tashkil qildi. 

Hukumatlararo komissiya majlisida O‘zbekiston va Turkiya o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini yanada oshirishdan, keng ko‘lamli savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekani ta’kidlandi. Mamlakatlarimiz iqtisodiyot, moliya, sayyohlik, transport, kommunikatsiyalar kabi sohalarda aloqalarni rivojlantirish borasida katta salohiyatga ega ekani qayd etildi. 

Anjumanda o‘zaro savdo nomenklaturasi hajmini oshirish va kengaytirish, investitsiyaviy va moliyaviy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish, Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish, qurilish materiallari sanoati, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi doirasida yuqori texnologiyali zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. 

Mehmonlar O‘zbekistonda olib borilayotgan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy siyosat samaralari, mamlakatimizda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun yaratilayotgan sharoitlar, erkin iqtisodiy zonalardagi imkoniyatlarni yuqori baholadi. O‘zaro hamkorlikni yanada faollashtirish uchun mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solish lozimligi ta’kidlandi. 

Turkiya Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, komissiya hamraisi Yildirim Tug‘rul Turkesh o‘zbek va turk xalqlari ko‘p asrlik tarix, mushtarak qadriyatlar va o‘xshash urf-odatlarga ega ekanini alohida qayd etdi. 

– Hamkorligimiz iqtisodiyot, savdo, sarmoya, turizm, transport kabi ko‘plab sohalarda izchil rivojlanib borayotgani bizni quvontiradi, – dedi Yildirim Tug‘rul Turkesh. – Turkiya va O‘zbekistonning yetakchi kompaniyalari qator qo‘shma loyihalarni birgalikda amalga oshirish borasida faol ish olib bormoqda. O‘zaro manfaatli hamkorligimizni barcha sohalarda mustahkamlash, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini yanada oshirish niyatidamiz. 

Tadbirda o‘zaro hamkorlikda qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish, savdo hajmini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Turkiya ishbilarmonlari bilan hamkorlikda elektrotexnika, oziq-ovqat, to‘qimachilik, ko‘nchilik, farmatsevtika mahsulotlari, qurilish materiallari, xalq iste’mol tovarlari ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga doir masalalar muhokama qilindi. 

Turkiyaning yetakchi turistik kompaniyalarini jalb etgan holda O‘zbekistonda sayyohlik infratuzilmasini yanada rivojlantirish, tarixiy shaharlarimizda xalqaro talablarga mos zamonaviy sayyohlik majmualari barpo etish, sohada malakali mutaxassislar tayyorlashga kelishib olindi. 

– O‘zbekiston va Turkiya ishbilarmonlarining muntazam uchrashuvlari o‘zaro savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va moliyaviy-texnikaviy aloqalarni yanada kengaytirishga, hamkorlikning yangi imkoniyatlarini kashf etish va biznes loyihalarini amalga oshirishga zamin yaratayotir, – dedi Turkiya iqtisodiyot vaziri Nihat Zeybekchi. – “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar mamlakatlarimiz o‘rtasida izchil rivojlanayotgan hamkorlikning yorqin namunasidir. Ikki mamlakat ishbilarmonlari uchrashuvlari, turli anjumanlar, shuningdek, Turkiya va O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan xalqaro ko‘rgazmalar o‘zaro hamkorlikni har sohada yanada taraqqiy ettirishga xizmat qiladi. 

Hukumatlararo komissiya majlisi yakunida qo‘shma protokol va boshqa hujjatlar imzolandi. 

Shu kuni O‘zbekiston va Turkiya ishbilarmon doiralarining investitsiya forumi va kooperatsion birjasi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakatning iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyati, mavjud imkoniyatlardan yanada kengroq foydalanish masalalari muhokama qilindi.

 

Nodira Manzurova, O‘zA

Поделиться