O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Barkamol avlod” sport o‘yinlari qatnashchilariga
2017-05-25 | Siyosat
Qadrli o‘g‘il-qizlarim!
Avvalo, mana shu unutilmas va hayajonli daqiqalarda siz, aziz farzandlarimizni, sizlarga omad va zafarlar tilab turgan muhtaram ustoz-murabbiylar, ota-onalarni, barcha sport muxlislarini go‘zal va betakror Jizzax shahrida “Barkamol avlod” sport o‘yinlarining tantanali ochilishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Sizlarga yaxshi ma’lum, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohot va o‘zgarishlar, keng ko‘lamli dasturlar yagona va ulug‘ bir maqsadga qaratilgan. U ham bo‘lsa, xalqimiz hayotini yanada obod va farovon qilish, farzandlarimizni har tomonlama yetuk va barkamol etib tarbiyalashdan iborat.
Bugun sizlar ishtirok etayotgan, yurtimizda yettinchi bor o‘tkazilayotgan “Barkamol avlod” sport o‘yinlari shu yo‘ldagi sa’y-harakatlarimizning yana bir amaliy namoyoni, desak, ayni haqiqat bo‘ladi.
E’tiborga molik jihati shundaki, bu musobaqalar birinchi marta bundan 17-yil oldin aynan mana shu qutlug‘ zaminda – mard va olijanob insonlar yurti bo‘lgan Jizzax viloyatida o‘tkazilgan edi.
O‘tgan davrda “kichik olimpiada” degan nom bilan xalqimiz o‘rtasida katta shuhrat qozongan bu bellashuvlar yuzlab, minglab navqiron o‘g‘il-qizlarimiz uchun chinakam chiniqish va mahorat maktabi, parvoz maydonchasi bo‘lib xizmat qilayotganini alohida ta’kidlashni istardim.
Ana shu sport o‘yinlarida toblanib, hozirgi kunda xalqaro maydonlarda Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib kelayotgan Hasanboy Do‘stmatov, Ruslan Nurudinov, Shahobiddin Zoirov, Nigina Sharipova, Fazliddin G‘oyibnazarov, Shahram G‘iyosov, Bektemir Meliqo‘ziyev, Barno Mirzayeva, Umida Abdullayeva, Rustam To‘laganov, Murodjon Ahmadaliyev, Gulnoza Matniyozova, Ixtiyor Navro‘zov, Elmurod Tasmuradov, Diyor O‘razboyev, Rishod Sobirov kabi mashhur sportchilarimizning nomlarini barchamiz hurmat va g‘urur bilan tilga olamiz.
Eng muhimi, qanchadan-qancha yoshlarimiz shu musobaqalar orqali sport bilan, sog‘lom turmush tarzi bilan oshno bo‘lganini hisobga oladigan bo‘lsak, “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada o‘yinlaridan iborat uch bosqichli tizimning mohiyati va ahamiyati yanada yaqqol ayon bo‘ladi.
Barchangiz xabardorsiz, 2016-yili Braziliyada bo‘lib o‘tgan, yer yuzining eng kuchli sportchilari qatnashgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilari 13 ta medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida 21-o‘rinni, Osiyo davlatlari orasida to‘rtinchi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligida ikkinchi, Markaziy Osiyoda birinchi o‘rinni egallagani, hech shubhasiz, ulkan tarixiy voqeadir.
Ishonchim komil, sizlar ana shunday marralarni zabt etayotgan mohir va fidoyi sportchilarimiz izidan borib, kelgusida bundan ham katta natijalarga erishasiz.
Hurmatli anjuman qatnashchilari!
Yurtimizdagi 1500 dan ziyod litsey va kollejlar vakillari ishtirok etadigan bugungi “Barkamol avlod” o‘yinlari yuksak saviyada, halollik, mardlik va adolat ruhida o‘tishiga, jo‘shqin va keskin kurashlarga boy bo‘lishiga, sizlarning har biringiz g‘alaba uchun bor kuch va imkoniyatingizni safarbar etishingizga, nafaqat jismoniy, ayni vaqtda xalqimizga xos noyob ma’naviy fazilatlarni ham namoyon qilishingizga ishonaman.
Ko‘pni ko‘rgan, hayot sinovlarida toblangan, ne-ne ulug‘ insonlar, kuragi yerga tegmagan pahlavonlar yurti bo‘lgan Jizzax ahli, ushbu viloyatdagi tengdoshlaringiz bilan bo‘ladigan samimiy muloqot va uchrashuvlar barchangizning xotirangizda o‘chmas iz qoldirishiga aminman.
Fursatdan foydalanib, yoshlik va nafosat bayrami, mahorat va kamolot ko‘rigi bo‘lgan bu musobaqalarni yuqori darajada o‘tkazish uchun zamonaviy sport inshootlari, infratuzilma obyektlari bunyod etgan, bu yo‘lda sidqidildan xizmat qilgan barcha fidoyi insonlarga, butun Jizzax ahliga o‘z nomimdan, xalqimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildiraman.
Qadrli o‘g‘il-qizlarim!
Bizning havas qilsa arziydigan buyuk tariximiz bor. Havas qilsa arziydigan ulug‘ ajdodlarimiz bor. Havas qilsa arziydigan beqiyos boyliklarimiz bor. Va ishonaman, Xudo xohlasa, havas qilsa arziydigan buyuk kelajagimiz ham bo‘ladi.
Ana shunday yorug‘ kelajakni avvalambor sizdek azmu shijoatli, jo‘shqin orzu-intilishlar bilan hayotga kirib kelayotgan, hech kimdan kam bo‘lmaydigan navqiron avlodimiz, butun O‘zbekiston yoshlari barpo etadi.
Shu ezgu yo‘lda barchangizga eng oliy saodatni – xalqimiz va Vatanimizga hamisha munosib farzand bo‘lish baxtini tilayman.
Sizlarni mamlakatimiz hayotidagi katta voqea – “Barkamol avlod” sport o‘yinlarining ochilishi bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.
Doimo sog‘-omon bo‘ling, omad va zafar sizlarga hamisha yor bo‘lsin!