O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Hudud taraqqiyotining huquqiy kafolati

2017-05-25 | Jamiyat

Joriy yil 22 may kuni o’tkazilgan viloyat hokimlik soati yig’ilishida uni boshqarib borgan viloyat hokimi O’. Barnoev may oyining ikkinchi o’n kunligida Prezidentimiz va respublika hukumati tomonidan Buxoro viloyati bo’yicha qabul qilingan o’ta muhim hujjatlar hudud iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotining yangi bosqichini boshlab berishini alohida ta’kidladi.

Mazkur yig’ilishda viloyat hokimi o’rinbosarlari, hokimlik apparati mas’ul xodimlari, tuman va shaharlar hokimlari, ularning o’rinbosarlari, korxona, tashkilot, muassasa rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdilar.

Hokimlik soati yig’ilishida dastlab O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoevning joriy yil 10-11 mart kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlari asosida ushbu viloyat bo’yicha qabul qilingan qarorlar ijrosini ta’minlash to’g’risidagi masala muhokama qilindi.

Xususan, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 15 maydagi 287-sonli "2017-2018 yillarda Buxoro viloyatini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to’g’risida"gi qarori hudud ijtimoiy-iqtisodiy hayotini yuksaltirishda nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mazkur qarorga asosan, 2017-2018 yillarda viloyat bo’yicha 7276 ta loyihani amalga oshirish hamda 5 trillion so’m va 183 million AQSh dollaridan ortiq mablag’lar o’zlashtirilishi hamda 42087 ta yangi ish o’rni yaratilishi ko’zda tutilgan.

Jumladan, sanoatni rivojlantirish bo’yicha qiymati 2,4 trillion so’m va 183,9 million dollarlik 907 ta investitsiya loyihalarining 1,1 trillion so’m va 12,3 million dollarlik 542 tasi joriy yilning o’zida amalga oshiriladi.

Shuningdek, servis va xizmat ko’rsatish bo’yicha qiymati 378 milliard so’mlik 1609 ta loyiha(2017 yilda 271 milliard so’mlik 858 ta loyiha), qishloq xo’jaligi (qoramolchilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik va boshqalar) bo’yicha qiymati 440 milliard so’mlik 1759 ta loyiha (2017 yilda 286 milliard so’mlik 821 ta loyiha) amalga oshiriladi.

Viloyatda irrigatsiya-melioratsiya tizimlarini yaxshilash bo’yicha 63 ta ob’ektda 72 milliard so’mlik (2017 yilda 59 ta ob’ektda 54 milliard so’mlik), yo’l-transport infratuzilmasi tizimini rivojlantirish bo’yicha 100 ta ob’ektda 279 milliard so’mlik (2017 yilda 79 ta ob’ektda 130 milliard so’mlik), suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimi bo’yicha 52 ta ob’ektda 353 milliard so’mlik (2017 yilda 23 ta ob’ektda 113 milliard so’mlik), elektr ta’minoti tizimi bo’yicha 111 ta ob’ektda 161 milliard so’mlik (2017 yilda 79 milliard so’mlik), gaz ta’minoti tizimi bo’yicha 6 ta ob’ektda 16 milliard so’mlik ish hajmi amalga oshiriladi.

Bundan tashqari qarorga muvofiq aloqa tarmog’i va telekommunikatsiya tizimi, namunali uy-joylar, maktabgacha ta’lim, umumta’lim maktablari, kasb-hunar ta’limi muassasalari, sog’liqni saqlash, madaniyat va sport ob’ektlari, bozorlar, yangi maydon va xiyobonlar qurilishi bo’yicha ham bunyodkorlik ishlari amalga oshiriladi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 19 maydagi PQ-2980-sonli "2017-2019 yillarda Buxoro viloyati va Buxoro shahri turizm salohiyatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida"gi qarori esa hududda sayyohlik industriyasini rivojlantirishda nihoyatda muhim dasturilamal bo’lib xizmat qiladi.

Mazkur qaror bilan tasdiqlangan Dasturga asosan,Buxoro shahrining Eski shahar qismida xorijiy sayyohlarning bo’sh vaqtlarini tunu kun mazmunli tashkil etish uchun 12 gektarlik "Qadimiy Buxoro" turistik zonasi, uning hududida zamonaviy past qavatli mehmonxonalar, savdo-ko’ngilochar markazlar, 500 o’rinli amfiteatr barpo etiladi. Shaharning tarixiy qismida yopiq bozor va hunarmandlar mahallasi tashkil qilinadi, "Buxoro Palas" va "Zarafshon" mehmonxonalari qayta quriladi va 11 ta to’rt yulduzli yangi mehmonxonalar bunyod etiladi.

"Yetti pir" ziyoratgohlari majmuasida milliy usuldagi mehmonxona, umumiy ovqatlanish punktlari, yordamchi bino-inshootlar, suvenirlar sotilishi uchun savdo hududlari barpo etiladi.

Shuningdek, 5 ta zamonaviy restoran quriladi va 6 ta ob’ektda turistlarning kechki vaqt dam olishlari uchun teatr-lashtirilgan konsertlar va musiqali shoular tashkil etiladi.

Turizm namoyish ob’ektlariga olib boruvchi avtomobil yo’llari quriladi va qayta ta’mirlanadi.

Shahar markazida sovg’a va suvenirga ixtisoslashgan do’konlar tarmog’i joylashtirilgan yangi savdo ko’chasi barpo etiladi, turizm infratuzilma ob’ektlarida bankomat va terminallar o’rnatiladi.

"Ipak va ziravorlar", "Qovun sayli", "Shahar kuni", "Sharq taomlari", "Buxoro hunarmandlari" festivallari o’tkaziladi.

Yangi turistik yo’nalishlar tashkil etish maqsadida Shofirkon tumanidagi Og’itma ko’li atrofida turizm infratuzilmasi rivojlantiriladi. "Jayron" ekologiya markazining "Tashrif markazi" kapital ta’mirlanib, uning atrofida zoologiya bog’i barpo etiladi. Peshko’ tumanidagi Qoraqir ko’lida ov, plyaj va sport turizmi bilan shug’ullanish uchun sharoitlar yaratiladi, "Afshona" muzeyi atrofida ixtisoslashtirilgan uy-shifoxonalar quriladi.

Davlatimiz rahbarining 19 mayda qabul qilingan "Buxoro viloyatida zamonaviy paxtachilik-tikuvchilik klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to’g’risida"gi qarori esa hududda qishloq xo’jaligiga zamonaviy innovatsiyalarni tatbiq etishda mutlaqo yangi bosqichni boshlab beradi.

Mazkur qarorga asosan viloyatda "Buxara kotton tekstil klaster" MChJ shaklida xorijiy korxona tashkil etiladi. Unda paxta xomashyosini hamda boshqa qishloq xo’jaligi mahsulotlarini yetishtirish, ularni qayta ishlash va ishlab chiqarish bo’yicha zamonaviy klaster barpo etiladi.

Unda quyidagi loyihalar amalga oshiriladi:

8 ming gektar maydonda paxta xomashyosi va boshqa qishloq xo’jaligi mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash, chigitni qayta ishlash asosida yog’-moy mahsulotlarini ishlab chiqarish, tayyor tikuvchilik va to’qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish, chorvachilik kompleksini tashkil etish, sut va go’sht ishlab chiqarish va ularni qayta ishlash, 20 gektar maydonda sabzavot va ko’kat yetishtirish bo’yicha zamonaviy issiqxona kompleksini tashkil etish, g’o’zapoyalar va mahalliy o’g’itni qayta ishlash, tabiiy bo’yoq ishlab chiqarish singari loyihalar bo’yicha "Buxara kotton tekstil klaster" MChJ tomonidan 2017-2021 yillarda 123,1 million dollarlik ish amalga oshiriladi.

Buxoro viloyatiga oid qabul qilingan nihoyatda muhim hujjatlardan yana biri O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 15 maydagi "Buxoro davlat tibbiyot institutining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash to’g’risida"gi farmoyishidir.

Unga ko’ra Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro viloyat filialining qabul-diagnostika bo’limini qurish, 120 o’rinli davolash korpusini rekonstruktsiya qilish, 2017-2019 yillar davomida 900 o’quv o’ringa mo’ljallangan Buxoro davlat tibbiyot instituti o’quv binosini bosqichma-bosqich qurish, shahar markaziy kasalxonasi negizida Buxoro davlat tibbiyot institutining 200 o’rinli klinikasi binosini barpo etish mo’ljallangan.

Viloyat rahbari o’tgan hafta davomida birgina viloyatimizga oid qabul qilingan ushbu to’rt muhim hujjat hudud hayotining kelgusi bir necha o’n yillik taraqqiyotining muhim huquqiy asosi ekanligini ta’kidlab, ularning ijrosini o’z vaqtida va so’zsiz ta’minlash yuzasidan tegishli mutasaddilarga ko’rsatmalar berdi.

Shuningdek, hokimlik soatida kun tartibidagi shahar va tumanlarda militsiya tayanch punktlarini ta’mirlash va jihozlash ishlarining ahvoli, tumanlarda uy-joy shirkatlarini tashkil etish, ularga tijorat banklari tomonidan kreditlar ajratish, Buxoro va Kogon shaharlaridagi ko’p qavatli uy-joy fondini kuz-qish mavsumiga tayyorlash, ilgari xususiylashtirilgan bo’sh turgan va faoliyat ko’rsatmayotgan korxonalardan samarali foydalanish, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash, bolalar yozgi dam olish oromgohlarini mavsumga tayyorlash singari viloyat hayotidagi dolzarb masalalar ham muhokama qilindi.

Поделиться