O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ish beruvchilar va ishchi-xizmatchilar diqqatiga!
2017-05-25 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi tomonidan “Elektron mehnat huquq inspektori” (inspektor@mehnat.uz) interfaol xizmati test rejimida yo‘lga qo‘yildi.
Bu tizim orqali har bir shaxs o‘z faoliyatida mehnat qonunchiligiga rioya etilishi holatini mustaqil tarzda o‘zini-o‘zi tekshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
“Elektron mehnat huquq inspektori” - mustaqil ravishda dastlabki tekshiruvdan o‘tish, kamchilik va xatoliklarni aniqlash hamda zarur tavsiyalar asosida ularni davlat mehnat organi inspektori tekshirishga kelguniga qadar bartaraf etishga tezkor yordam ko‘rsatadi.
Tizimning ishlash mexanizmi.
Ish beruvchi, ishchi yoki har qanday jismoniy shaxs o‘zini qiziqtirgan mavzuni tanlashi va “Elektron mehnat huquq inspektori”da avtomatik ravishda ketma-ket shakllanadigan savollarga mavjud haqiqiy holat, rasmiy hujjatlar va real ahvolga mos javob tanlanishi lozim bo‘ladi.
Tizimda mustaqil tekshirish yakuni bo‘yicha “Dalolatnoma” va “Tavsiyalar” shakllanadi hamda ushbu hujjatlar mehnatga oid masalalarda mehnat organlari tomonidan aynan shu tashkilotda kelgusida o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan tekshirish reja jadvaliga kiritilmasligi bo‘yicha ijobiy ko‘rsatkich sifatida e’tiborga olinishida xizmat qiladi.
Aziz yurtdoshlar, “Elektron mehnat huquq inspektori” mehnat munosabatlari masalasida har birimizning yaqin ko‘makchimiz bo‘lishi mumkin.
Mehnat vazirligi mazkur tizimni yanada takomillashtirish va rivojlantirish maqsadida taklif va mulohazalaringiz uchun minnatdorchilik bildiradi.