27 may kuni "Marketing va boshqaruvda kommunikatsiya" mavzusida "4R" anjumani o‘tkazilmoqda
2017 yilning 27 may kuni soat 10:00 da, "O‘zekspomarkaz" milliy ko‘rgazmalar majmuasining ITC-konferens zalida "Marketing va boshqaruvda kommunikatsiya" mavzusiga bag‘ishlangan «4R» anjuman tashkil etilmoqda. Anjumanda marketolog, davlat idoralari axborot xizmatlari va turli soha vakillari faoliyatida zamonaviy aloqa turlari va usullaridan sifatli foydalanishning ahamiyatiga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkaziladi.
2017 yilning "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" deb e’lon qilinishini, davlatimiz rahbari tomonidan davlat idoralari oldiga jamoatchilik, xususan aholi va biznes vakillari bilan aloqalarni rivojlantirishning zamonaviy usul hamda vositalaridan foydalanish vazifasining qo‘yilgani -- bugun har bir soha vakilidan aholi va iste’molchilar bilan aloqalarni o‘rnatishning zamonaviy usullarini joriy qilish, jumladan oflayn va onlayn xizmatlar orqali o‘zaro ma’lumot almashish muhitini tashkil qilishni talab qilmoqda.
Bepul asosda tashkil etilayotgan anjuman qatnashchilari korporativ va jamoatchilik bilan o‘zaro aloqalarni rivojlantirishda markazlashgan kommunikatsiya tizimlarining ahamiyati, onlayn va oflayn media xizmatlarni joriy qilish orqali davlat boshqaruvida qulay erkin axborot almashish muhitini yaratishning zamonaviy tendensiyalari, axborot xizmatlari va OAV o‘rtasida samarali muloqotni tashkil etish kabi mavzularda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ladilar.
Anjumanda O‘zbekistonda marketing va jamoatchilik bilan aloqalarda yetakchi kompaniya rahbarlari, bu yo‘nalishda tajriba va malakaga ega peshqadam mutaxassislar, vazirlik va idoralarning axborot xizmatlari xodimlari ishtirok etadilar.