O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Musobaqalar Olimpiada talablari asosida o‘tadi
2017-05-25 | Sport
Jizzax shahrida “Barkamol avlod – 2017” sport musobaqalari final bosqichiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Respublika milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi rahbari A.Mavrulov, madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari M.Hojimatov, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi direktori M.Xolmuhamedov, Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari F.Turdiyev va boshqalar Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan uch bosqichli – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada sport o‘yinlari mamlakatimiz terma jamoalariga iqtidorli sportchilarni yetkazib berish, olimpiyachilar zaxirasini mustahkamlash, yosh iqtidor egalarini katta sport sari ilhomlantirishda va jamiyatda sog‘lom turmush tarzi qaror topishida muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod salomatligini mustahkamlash maqsadida sportni yanada keng ommalashtirishga qaratilgan qaror va ko‘rsatmalari bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarmoqda.
Jizzax shahrida “Barkamol avlod – 2017” sport musobaqalari final bosqichiga puxta hozirlik ko‘rildi. Amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari natijasida Jizzax shahrining qiyofasi butunlay o‘zgarib, qayta chiroy ochdi. Yangi ijtimoiy obyektlar barpo etilib, mavjud sport maydonlari va inshootlari, o‘quv yurtlari binolari ta’mirlandi, ko‘cha va xiyobonlar obodonlashtirildi.
“Barkamol avlod – 2017” musobaqalarining yakuniy bosqichida 898 sportchi qatnashadi.
Musobaqalar to‘rtta obyektda o‘tkaziladi. “So‘g‘diyona” universal sport majmuasida boks, badiiy gimnastika, suzish, yengil atletika, Jizzax olimpiya zaxiralari kollejida gandbol, basketbol, badminton, stol tennisi, erkin va yunon-rum kurashlari, dzyudo, taekvondo, og‘ir atletika, tennis, Jizzax politexnika institutida voleybol, futbol, Jizzax politexnika instituti qoshidagi akademik litsey sport zalida shaxmat sport turlari bo‘yicha musobaqalar bo‘lib o‘tadi.
Sport bayrami ishtirokchilarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish uchun badiiy-musiqiy kechalar, milliy kino va hujjatli filmlar namoyishi, taniqli shoir, yozuvchi, san’atkor va sportchilar bilan uchrashuvlar, Jizzax shahrining diqqatga sazovor maskanlariga sayohatlar uyushtirish kabi madaniy-ma’rifiy tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan.
“Barkamol avlod – 2017” sport musobaqalarining rasmiy veb-sayti www.barkamol-avlod.uz ishga tushirilgan bo‘lib, tezkor axborotlar o‘zbek, rus va ingliz tillarida uzatilmoqda.
Matbuot anjumanida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldi.