O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Namangan shahrida 3 mingga yaqin “Damas” o‘rniga 155 “ISUZU” avtobusi qatnovi yo‘lga qo‘yildi
2017-05-25 | Jamiyat
Mamlakatimizda avtomobil transporti sohasida aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Yangi avtovokzal va avtostansiyalar barpo etilib, mavjudlari rekonstruksiya qilinayotir. Ayniqsa, qishloq joylarda avtotransport xizmati ko‘rsatish tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Buni Namangan viloyatida aholiga sifatli transport xizmati ko‘rsatish, yangi yo‘nalishlarda avtobuslar qatnovini yo‘lga qo‘yish borasida amalga oshirilayotgan ishlar misolida ham ko‘rish mumkin.
– Birinchi Prezidentimizning 2006-yil 9-martdagi “Avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish sohasidagi tadbirkorlik faoliyatining alohida turlarini amalga oshirishni tartibga solish to‘g‘risida”gi qarori asosida yakka tartibdagi xususiy tadbirkor maqomida yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanayotgan subyektlar uyushmalarga jalb etildi, – deydi O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi Namangan viloyati bo‘limi boshlig‘i Alisher Abdulhodiyev. – Viloyat ichki ishlar boshqarmasining yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi, davlat soliq boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan qo‘shma reydlar ham aholiga namunali transport xizmati ko‘rsatish samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda. Joriy yil birinchi choragida o‘tkazilgan qo‘shma reydlar davomida transport vositalarini tegishli litsenziyasiz boshqargan 400 dan ortiq holat yuzasidan sud idoralari orqali ma’muriy choralar ko‘rildi. 107 holat bo‘yicha 114 million 500 ming so‘m jarima undirildi. Litsenziya talab va shartlarini buzgan yo‘lovchi tashuvchi korxonalarga qarashli transport vositalari haydovchilariga nisbatan 400 ga yaqin dalolatnoma rasmiylashtirildi.
Boshqarmaning avtotransport sohasida shaharda va shahar atrofida tashish faoliyatini litsenziyalash bo‘yicha hududiy komissiyasi tomonidan yilning birinchi choragida 31 ho‘jalik yurituvchi subyektga 36 faoliyat turi bo‘yicha litsenziya berildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 29-iyuldagi “Shahar atrofi, shaharlararo va xalqaro yo‘lovchilar tashish avtomobil transportida ochiq tenderlar tashkil etish va o‘tkazish masalalari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan yo‘lovchi tashish transporti ishini boshqarish viloyat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan reja-jadvalga asosan yanvar-mart oylarida 2-marta tender tanlovi o‘tkazilib, 48 yo‘nalish tashuvchi korxonalarga biriktirildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 10-yanvardagi “Aholiga transport xizmati ko‘rsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori tizimda amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Mazkur hujjatga asosan 2017-2021-yillarda 415 yangi avtobus sotib olish rejalashtirilgan bo‘lib, o‘tgan to‘rt oyda uning 34 tasi keltirildi. Jumladan, “Elmurod Bekmurod trans” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 4 va “Turon-95 MBI” korxonasi tomonidan 30 avtobus xarid qilindi. Shahar ichi va shahar atrofi yo‘nalishlariga qatnayotgan avtobuslar xizmatidan aholi mamnun. Joriy yilda “Turon-95 MBI” va “Zumar” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan 28 “ISUZU” avtobusini keltirish va yo‘nalishga chiqarish rejalashtirilgan. Aholi ehtiyojini to‘la qondirish maqsadida yil davomida 9 xo‘jalik yurituvchi subyekt tomonidan 74 avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.
2017-2021-yillarda yangi avtobus yo‘nalishlari ochish tarmoq jadvaliga asosan Namangan viloyatida jami 26, jumladan, joriy yilda 7 yangi avtobus yo‘nalishi ochish ko‘zda tutilgan. Hozir Namangan shahrida 5, Chortoq tumanida 2 yo‘nalishda avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan birga dasturdan tashqari “Namangan – Jomashuy” yo‘nalishi bo‘yicha Namangan shahridagi “Musaffo avtotrans servis” korxonasiga qarashli 8 avtobus sinov qatnovlarini amalga oshirmoqda.
Viloyatda jamoat transporti infratuzilmasini yaxshilash, avtovokzal va avtostansiyalar qurish va rekonstruksiya qilishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. 2017-2021-yillarda yo‘lovchilar avtovokzali va avtostansiyalarini qurish va rekonstruksiya qilish tarmoq jadvaliga asosan viloyatda 6 yangi avtostansiya qurilishi, 1 avtostansiyani rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan. Ayni paytda Namangan tumanidagi avtostansiyani rekonstruksiya qilish uchun “Asakabank”ning Namangan filialidan Namangan tumanidagi “Otayo‘l Toshbuloq” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga 348 million so‘m kredit rasmiylashtirildi. Mingbuloq tumani markazida quriladigan avtostansiya uchun yer maydoni ajratilib, “Muhammad Bobur yengilmas trans” korxonasi tomonidan avtostansiya ma’muriy binosini qurish ishlari boshlab yuborildi.
Viloyat markazidagi Alisher Navoiy, Amir Temur va Boborahim Mashrab ko‘chalarida yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan 3 mingga yaqin “Damas” rusumli transport vositasi harakati cheklandi va ushbu ko‘chalarga bog‘liq bo‘lgan 15 yo‘nalishda 155 ta “ISUZU” avtobusining muntazam harakati yo‘lga qo‘yildi.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli Namangan shahrida yo‘lovchilarga transport xizmati ko‘rsatayotgan korxonalarning moliyaviy ahvoli yaxshilanib, bank kreditlari va boshqa qarzdorliklar bartaraf etildi. Ayni paytda yangi avtobus va mikroavtobuslar olib kelinib, Namangan shahrining Hamroh va Do‘stlik ko‘chalarida ham tartibli yo‘lovchi tashish xizmatini tashkil etish rejalashtirilmoqda.