O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

G‘allaorol tumanidagi 4 QVP negizida tez tibbiy yordam shoxobchalari tashkil etildi

2017-05-25 | Jamiyat

Prezidentimizning 2017-yil 16-martdagi “Shoshilinch tibbiy yordamni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda. Buni qishloq tumanlari aholisiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish tizimidagi o‘zgarishlar misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.

Jizzax viloyati G‘allaorol tumani aholisiga 1 ko‘p tarmoqli poliklinika, 25 qishloq vrachlik punkti xizmat ko‘rsatib kelayotgan edi. Davlatimiz rahbarining mazkur farmoni asosida qishloq vrachlik punktlari optimallashtirilib, beshtasi tuman ko‘p tarmoqli poliklinikasi, o‘n bittasi 3 qishloq poliklinikasi tarkibiga birlashtirildi. Tuman markazidan olisda joylashgan 4 qishloq vrachlik punkti negizida tez tibbiy yordam shoxobchalari tashkil etildi. 

Hududning kattaligi va aholi nufusi ko‘pligi hisobga olinib amalga oshirilgan bu optimallashtirish jarayoni shoshilinch tibbiy yordam tizimida nafaqat tashkiliy, balki tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati yaxshilanishida muhim omil bo‘ldi. 

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining tuman bo‘limi binosi 2016-yili mukammal ta’mirlangani bu borada katta qulaylik tug‘dirmoqda. Ayni paytda tumanda shoshilinch tibbiy xizmat tizimiga kiruvchi 30 o‘rinli stansionar, tez tibbiy yordam, reanimatsiya bo‘limlari mukammal ta’mirlanib, rentgen, ultratovush tekshiruvi, FGDS, EKG kabi tibbiy apparatlar bilan jihozlandi. 

Tez tibbiy xizmati bo‘limi “GM Uzbekistan” aksiyadorlik jamiyatida ishlab chiqarilgan hamda zamonaviy aloqa va tibbiyot vositalari bilan jihozlangan yengil avtotransport vositalaridan foydalanmoqda. “Tez yordam” sanitar mashinalariga GPS navigatorlari o‘rnatilib, internet tarmog‘i orqali shoshilinch tibbiy xizmat markazi bilan bog‘langani ularning harakatini kuzatish, ish samaradorligini oshirish, xavfsizligini ta’minlash imkonini bermoqda. Ayni paytda tuman tez tibbiy yordam xizmatida zamonaviy jihozlangan 2 sanitar mashinasida 2 yo‘nalish brigadasi faoliyat ko‘rsatayotir. 

– Qon bosimim surunkali ko‘tarilib, tez-tez “Tez yordam”ni chaqirib turaman, – deydi G‘afur G‘ulom nomidagi mahallada yashovchi mehnat faxriysi S.Muhiddinov. – Baraka topishsin, 5 daqiqaga qolmay yetib keladi. Ilgari kami yarim soat kutar edik. Keyingi paytlarda “Tez yordam” haqiqiy tez yordamga aylandi va bundan juda xursandmiz. 

Joriy yilda Guliston, Oqtosh qishloqlaridagi tez tibbiy yordam shoxobchalari “Damas” rusumidagi maxsus sanitar avtomashinalari bilan ta’minlandi. Qishloqlardagi tez tibbiy yordam xizmati shoxobchalarini modernizatsiya qilish ishlari davom ettirilayotir. 

– Davlatimiz rahbarining 2017-yil 16-martdagi farmoni qabul qilinganidan so‘ng tez tibbiy xizmatni sanitar mashinalari, yoqilg‘i-moylash materiallari, aloqa vositalari, dori-darmonlar bilan ta’minlash o‘tgan yilga nisbatan 2-2,5 barobar ko‘paydi, – deydi tuman tibbiyot birlashmasining shoshilinch tibbiy xizmat bo‘limi mudiri Z.Nurmatov. – Shunga monand ravishda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmat sifati va samaradorligi ham yuksaldi. Bu esa xalqimizning tez tibbiy xizmatga ishonchini oshirmoqda. 

Ma’lumki, tez yordam bo‘limiga aksariyat hollarda bemorlar favqulodda holatda keltiriladi. Bunday hollarda, avvalo, aniq tashxis qo‘yish va to‘g‘ri muolaja muhim ahamiyat kasb etadi. O‘n olti yildan buyon shoshilinch tibbiy xizmatning reanimatsiya bo‘limiga rahbarlik qilib kelayotgan oliy toifali shifokor Eson Normatov faoliyati davomida 15 mingdan ziyod jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli o‘tkazgan. Shuning uchun hamkasblari ham, bemorlar ham u kishini tajribali va qo‘li yengil shifokor sifatida hurmat qiladi. 

Tajribali shifokorning mehnati davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangan. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning farmoniga muvofiq u 1996-yilda I darajali “Sog‘lom avlod uchun”, 2013-yilda “El-yurt hurmati” ordenlari bilan mukofotlangan. 

– Shoshilinch tibbiy xizmatda birinchi yordamning malakali ko‘rsatilishi bemor sog‘ayib ketishining birinchi sharti hisoblanadi, – deydi E.Normatov. – Davlatimiz tomonidan shoshilinch tibbiy xizmatga qaratilayotgan alohida e’tibor, yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar tizimda mehnat qilayotgan shifokorlar mas’uliyatini yanada oshiradi, bilim va malakamizni muttasil oshirib borishni taqozo etadi.

 

Toshqul Beknazarov, O‘zA

Поделиться