O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Kardiologlar tajriba almashdi

2017-05-25 | Jamiyat

Poytaxtimizda kardiologiya va kardiojarrohlikni rivojlantirish borasidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimiz olimlari, shifokorlar, Shveytsariya, Polsha, Yaponiya, Rossiya, Turkmanistondan kelgan yetakchi mutaxassislar ishtirok etdi. 

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari A.Hojiboyev, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi direktori R.Qurbonov va boshqalar mamlakatimizda tibbiyot tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar xalqimiz salomatligini mustahkamlash va inson manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilayotganini ta’kidladi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash masalalariga oid videoselektor majlislarida, soha vakillari bilan uchrashuvlarda belgilab bergan vazifalar izchil amalga oshirilmoqda. Sog‘liqni saqlashning turli yo‘nalishlari, jumladan ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamni takomillashtirish, jahon tibbiyoti yutuqlarini joylardagi tibbiyot muassasalari amaliyotiga tatbiq etish, shifokorlarning malaka va mahoratini yanada oshirish yuzasidan ilmiy-amaliy ishlar, xalqaro aloqalar kengaytirilayotir. 

Kardiologiya va kardiojarrohlik sohasidagi ishlar ham yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Aholiga bu yo‘nalishda zamonaviy tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha o‘ziga xos tizim yaratilgan. Qishloq vrachlik punktlari, oilaviy poliklinikalarda tibbiy-profilaktika va diagnostika ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Yurak kasalliklarining oldini olish va asoratlarini kamaytirishga oid skrining va patronaj ishlari kengaymoqda. Tuman tibbiyot birlashmalarida kardiologiya xonalari, viloyat markazlarida kardiologiya dispanserlari aholi xizmatida. 

Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi bu yo‘nalish bo‘yicha mintaqamizdagi yetakchi tibbiyot muassasalaridan biridir. Shifo maskanida yurak va qon-tomir kasalliklarini davolashning ilg‘or standartlari joriy etilgan. Yurak aritmiyalarini elektrofiziologik usulda davolash, yurak tojsimon arteriyalarining toraygan qismlarini aniqlash, yurak ishemik kasalliklarining og‘ir turlarida aorta koronar shuntlash kabi yangicha amaliyotlar bunga misoldir. Ushbu yangi texnologiyalarning amalga tatbiq etilishi natijasida ilgari davolash mushkul bo‘lgan ko‘plab og‘ir xastaliklar sog‘lomlashtirilmoqda. 

Tibbiyotning ushbu yutuqlari hududlardagi shifo muassasalarida ham tatbiq etilmoqda. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi kardiologiya dispanseri, Namangan viloyat kardiologiya markazi, Farg‘ona viloyat ko‘p tarmoqli shifoxonasi, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi Urganch filialida koronarografiya va stentlash amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Boshqa viloyatlarda ham bu borada ish olib borilmoqda. 

– Prezidentimizning Surxondaryo viloyatiga tashrifi asnosida tibbiyot muassasalari faoliyatini takomillashtirish, xususan, kardiologik xizmatni rivojlantirish bo‘yicha bergan topshiriqlarini bajarish maqsadida qator loyihalarni amalga oshirmoqdamiz, – deydi Surxondaryo viloyati kardiologiya dispanseri bosh shifokori Bahodir G‘afforov. – Dispanserimizning moddiy-texnika bazasi mustahkamlanmoqda. Kardiojarrohlik yo‘nalishini tashkil etish, bo‘limni zamonaviy angiografiya apparati bilan jihozlash choralari ko‘rilmoqda. Xorijdagi yetakchi klinikalar va Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazida bir guruh mutaxassislarimiz yangicha davolash amaliyotlarini qo‘llash bo‘yicha malakasini oshirdi. Butun viloyatimizda ham xususiy shifo muassasalari faoliyati kengaymoqda. Bu chora-tadbirlar samarasida viloyat aholisiga kardiologiya va kardiojarrohlik yordami ko‘rsatish sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tariladi. 

Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazining jahondagi yetakchi tibbiy-ilmiy markazlar bilan hamkorligi tibbiyot yutuqlarini chuqur o‘zlashtirish, tibbiy xizmat sifatini oshirishda muhim omil bo‘lmoqda. Ko‘plab mutaxassis va yosh tadqiqotchilar Rossiya, Janubiy Koreya, Shveytsariya, Polsha kabi xorijiy davlatlarda malaka oshirdi. Xorijdagi nufuzli klinikalarda ishlayotgan kardiolog va kardiojarroh olimlar yurtimizga qaytib, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazida xalqimizga xizmat ko‘rsatmoqda. 

– O‘zbekistonda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamni yanada rivojlantirish, chekka hududlarda yashayotgan aholini zamonaviy tibbiy xizmatlar bilan qamrab olish borasida olib borilayotgan ishlar e’tiborga sazovor, – deydi Rossiya kardiologlar jamiyati prezidenti, akademik Yevgeniy Shlyaxto. – Zero, tibbiyotning barcha yutuqlari odamlarning baxtli va farovon yashashiga xizmat qilishi kerak. O‘zbekistonda bu borada orttirilgan o‘ziga xos tajriba va erishilayotgan yutuqlar o‘rganishga loyiqdir. Ushbu anjuman ana shunday muhim tibbiy-ijtimoiy loyihalar bo‘yicha tajriba almashish, ilm-fan yutuqlarini tahlil etish, kardiologiya va kardiojarrohlik sohasidagi dolzarb muammolarning yechimini topish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. 

Ilmiy-amaliy anjumanda yurak qon-tomir kasalliklarini aniqlashning zamonaviy usullari, kardiologiya va kardiojarrohlikda qo‘llanilayotgan yangi texnologiyalar, yurak qon-tomir kasalliklarini jarrohlik yo‘li bilan davolashda yangicha yondashuvlar, innovatsion texnologiyalarga oid ma’ruzalar tinglandi. 

Tadbir doirasida Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazida, Samarqand, Buxoro va Andijondagi tibbiyot muassasalarida mahorat darslari o‘tkaziladi.

 

Bahor Xidirova, O‘zA

Поделиться