O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Interaktiv davlat xizmatlari tadbirkorlar uchun muhim qulaylik
2017-05-25 | Jamiyat
Oliy harbiy bojxona institutida «Interaktiv xizmatlar – bojxona organlari va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasidagi munosabatlarning yangi bosqichi» mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar vakillari, hududiy bojxona boshqarmalari xodimlari hamda tinglovchilar ishtirok etdi.
Davlat bojxona qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari B.Raimov, Oliy harbiy bojxona instituti boshlig‘i S.Abduxalilov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari E.Xolbo‘tayev va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgartirishlarni amalga oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, ishlab chiqarish salohiyatidan samarali foydalanish orqali aholi farovonligini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Tadbirkorlarning safi kengayib borayotgani, iqtisodiyotdagi hissasi jadal o‘sayotgani ularning erkin faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoit yaratilgani tufaylidir. Mazkur tarmoq nafaqat yalpi ichki mahsulotni shakllantirishda asosiy bo‘g‘in, balki aholi bandligi va daromadlari manbaining, farovonlikka erishishning muhim omiliga aylandi.
Davlatimiz rahbari tomonidan ishlab chiqilgan Harakatlar strategiyasida bojxona organlari oldiga ham aniq vazifalar qo‘yilgan. Shulardan biri «Elektron hukumat» tizimini takomillashtirish, tadbirkorlik subyektlariga interaktiv va davlat xizmatlari ko‘rsatishning samarasi va sifatini yuksaltirish, bu xizmatdan aholi hamda tadbirkorlik subyektlarining foydalanish imkoniyatini oshirishdir.
O‘zbekiston Respublikasining «Elektron hukumat to‘g‘risida», «Elektron hujjatlar aylanmasi to‘g‘risida», «Elektron raqamli imzo to‘g‘risida»gi qonunlari tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish va soddalashtirish borasida muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Tovarlarni bojxonada rasmiylashtirish uchun ketadigan vaqt bojxona organlari faoliyati samaradorligini belgilaydigan asosiy xalqaro mezonlardan biridir. Bu vaqtni qisqartirishga tizimga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va dasturlarini keng joriy etish orqali erishiladi.
– Bugungi kunda Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan tadbirkorlik subyektlariga tovarlarni elektron deklaratsiya qilish, tashqi savdo kontraktlarini ro‘yxatga qo‘yish, shartnomalar ijrosi bo‘yicha ma’lumotlar olish, bojxona to‘lovlari bo‘yicha solishtiruv dalolatnomalarini tuzish kabi 22 turdagi interaktiv xizmatlar ko‘rsatib kelinmoqda, – deydi Oliy harbiy bojxona instituti o‘qituvchisi Zafar Abdurahmonov. – Mazkur interaktiv xizmatlardan foydalanish natijasida har yili 1,3 milliard so‘m miqdoridagi xarajatlar tadbirkor ixtiyorida qoladi, 60 tonna qog‘oz iqtisod qilinadi. Asosiysi vaqt tejaladi.
Konferensiyada elektron davlat xizmatlarining huquqiy asoslari, tadbirkorlikni rivojlantirishda elektron tijoratdan foydalanish istiqbollari, bojxona organlari axborot texnologiyalarining istiqbolli yo‘nalishlari kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi. Tadbirkorlik subyektlarini yanada qo‘llab-quvvatlashga doir taklif va tavsiyalar berildi.
Nurillo Nasriyev, O‘zA