O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sog‘liqni saqlash vaziri A.Shodmonov JSSTning yangi rahbari T.Gebreyesus bilan uchrashdi
2017-05-24 | Siyosat
Avval xabar berganimizdek, 22-maydan boshlab, Jenevada JSSTning yuqori organi hisoblanuvchi Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining 70-sessiyasi o‘z ishini boshladi. Unda Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov boshchiligida O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.
Sessiya kun tartibiga ko‘ra, 23-may kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga yangi rahbar saylandi. Bu lavozimga JSSTga a’zo davlatlar tomonidan efiopiyalik nomzod, mazkur mamlakatning sog‘liqni saqlash va tashqi ishlar bo‘yicha sobiq vaziri 52 yoshli Tedros Gebreyesus saylandi. Yangi rahbar o‘z ishini 2017-yilning 1-iyulidan boshlaydi.
Jeneva safari davomida Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov JSSTning yangi rahbari Tedros Gebreyesus bilan ikki tomonlama alohida uchrashuv o‘tkazdi. Suhbat davomida T.Gebreyesus o‘zi olib borgan saylovoldi kampaniyasida ilgari surgan g‘oyalarining asosiy qismi O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan ustuvor maqsadlar bilan o‘zaro mos kelishini ta’kidladi. Shuningdek, u O‘zbekiston va JSST o‘rtasida O‘zbekiston manfaatlarini himoya qiluvchi ko‘p tomonlama o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga har doim tayyorligini bildirdi.
JSSTning yangi rahbariga mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar darajasining oshirilayotgani, shuningdek, sohada qabul qilinayotgan me’yoriy hujjatlar, istiqboldagi rejalar va dasturlar haqida ma’lumot berildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Axborot xizmati