O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Narimon Umarovning Farg‘ona viloyati saylovchilari bilan uchrashuvi
2015-03-11 | Siyosat
O'zbekiston "Adolat" sotsial-demokratik partiyasidan O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov 10-mart kuni Farg'ona viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.
Uchrashuvni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o'tkazuvchi 11-Farg'ona okrug saylov komissiyasining raisi N.Sobirov ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili M.Xoldorov yig'ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov o'z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so'zladi.
Dasturda iqtisodiyotning istiqboldagi talablaridan kelib chiqqan holda, kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirishga alohida e'tibor qaratilgan. O'zbekistonning har bir fuqarosi sifatli bepul ta'lim olish imkoniyatiga ega va u mehnatiga munosib haq to'lanadigan ish topishi, malakali mutaxassis bo'lishi, imkoniyati bo'lsa, o'zining ishini yaratishi zarurligi belgilangan. Oliy o'quv yurtlarining innovatsion faoliyatini qo'llab-quvvatlash, ularning fan, ishlab chiqarish va iqtisodiyot bilan hamkorligini mustahkamlash, ilm-fan va ta'limga sarmoyalar jalb etish, shuningdek, yangi texnologiyalar kiritish masalalari muhim vazifalar sifatida belgilangan.
Uchrashuvda Marg'ilon shahar tug'ruq majmuasi bosh shifokori M.Salimova, Farg'ona politexnika instituti o'qituvchisi Sh.Abbosova va boshqalar nomzodning saylovoldi dasturi haqida o'z fikr-mulohazalarini bildirib, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi ko'ppartiyaviylik asosida o'tayotgani mamlakatimizda xalqaro demokratiya tamoyillariga amal qilinayotgani, milliy saylov tizimi xalqaro normalarga to'la mos kelishidan dalolat ekanini ta'kidladi.