O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Barkamol avlod – 2017” sport o‘yinlari mash’alasi Jizzaxga yo‘l oldi
2017-05-24 | Sport
Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi “Fizika-Quyosh” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasining Materialshunoslik institutida Jizzax viloyatida bo‘lib o‘tadigan “Barkamol avlod – 2017” sport musobaqalari mash’alasini quyosh nurlaridan alanga oldirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining Respublika texnik va amaliy sport turlari markazi, vazirlik va idoralar, keng jamoatchilik vakillari, sportchilar ishtirok etdi.
“Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada musobaqalari mash’alalarini "Fizika-Quyosh" ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasining Materialshunoslik institutida alanga oldirish an’anaga aylangan.
Mamlakatimizda joriy qilingan uch bosqichli sport musobaqalari Olimpiya o‘yinlariga qiyoslanib mash’ala yoqish marosimi bilan boshlanishida ramziy ma’no bor. Chunki yurtimizda sport bilan muntazam shug‘ullanayotgan yoshlarning jahon va qit’a chempionatlari, Olimpiya o‘yinlarida Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishdek oliy maqsadlari ro‘yobga chiqishida mazkur uch bosqichli sport musobaqalarining ahamiyati beqiyos.
Musobaqa mash’alasining dastagi ishlangan yong‘oq daraxti – teran tomirlarimiz, boy tariximiz, xalqimizning mustahkam irodasi, aql-zakovati, mustaqilligimizning boqiyligiga ishora, uzoq umr, sog‘lom hayot belgisidir. Nihol ko‘rinishidagi shakllar – yurtimiz yoshlarining jismoniy va ma’naviy sog‘lom, Vatanimiz ravnaqiga hissa qo‘shishga qodir, komil insonlar bo‘lib voyaga yetishi ifodasi, Olimpiya o‘yinlari xalqalari esa uch bosqichli sport tizimining yoshlarimizga Olimp cho‘qqilari sari dadil intilishi uchun yaratilgan keng imkoniyatlarga ishora.
Ushbu noyob qurilma yordamida quyosh nurlaridan alanga olgan mash’ala yoshlarimizni xalqimizga xos yaratuvchanlik, bunyodkorlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi. Sport bilan shug‘ullanib voyaga yetayotgan yoshlarimizni jahon arenalarida ulkan muvaffaqiyatlar sari ilhomlantiradi.
...Maydonga tantanali musiqa sadolari ostida taniqli sportchilar, “Barkamol avlod – 2017” sport musobaqasi ishtirokchilari kirib keladi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangraydi.
“Barkamol avlod – 2017” o‘yinlarining mash’alasini kemamodel bo‘yicha uch karra jahon chempioni, mamlakatimizda xizmat ko‘rsatgan sportchi Shavkat Ismatillayev yoqadi.
– Vatanim quyoshi nurlarini o‘ziga singdirgan bu mash’ala ezgu orzu-umidlarimizning o‘ziga xos timsoli, muvaffaqiyatlarimiz mayog‘idir, – deydi Sh.Ismatillayev. – “Barkamol avlod – 2017” musobaqalarida ishtirok etayotgan sportchilar kelajakda Olimpiya o‘yinlari, jahon va Osiyo chempionatlarida yuksak marralarni egallashiga, xalqimizning ishonchini oqlashiga ishonchimiz komil. Yoshlarimizning bugungi salohiyati, iqtidori, biz uchun yaratilgan beqiyos shart-sharoit buning muhim omilidir.
“Barkamol avlod – 2017” sport o‘yinlari mash’alasi Jizzax viloyati sari yo‘l oldi. Mash’ala olib o‘tiladigan shahar va qishloqlarda tantanali marosimlar, sportchilarning chiqishlari o‘tkaziladi. Taniqli shoir va yozuvchilar, san’atkorlar, keng jamoatchilik vakillari, o‘quvchi-yoshlar ishtirokidagi madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlari o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchi-yoshlarining sport, go‘zallik, birdamlik bayramiga hamohang kuy-qo‘shiq va raqslarga ulanadi.