O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Qishloq qurilish bank” joriy yilda 5 ming 625 uy-joy qurilishini moliyalashtirmoqda
2017-05-24 | Iqtisodiyot
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki hamda “Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik tijorat banki hamkorlikda Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazdi.
“Qishloq qurilish bank” boshqaruvi raisi o‘rinbosari G‘.Abdurahmonov va boshqalar mamlakatimiz bank tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar bankning likvidlilik, ishonchlilik, to‘lovga qobiliyatlilik kabi qator asosiy ko‘rsatkichlari barqarorligi ta’minlanayotganini ta’kidladi.
Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoyalash, ularni jadal rivojlantirishga ko‘maklashish “Qishloq qurilish bank” faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib kelmoqda. Joriy yilning 19-may holatiga ko‘ra, istiqbolli investitsiya loyihalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini kreditlash maqsadida 424,3 milliard so‘m yo‘naltirdi.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, qoramol, qo‘y, echki, quyon boqish va go‘sht yetishtirish, parrandachilik va asalarichilikni rivojlantirish, ixcham issiqxonalar tashkil etish, xizmat ko‘rsatish va servis sohasini yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida bank xodimlari 422 ming 339 xonadonga borib, suhbat o‘tkazdi. Natijada qariyb 36 ming 300 fuqaro bankdan kredit olish istagini bildirdi. Hozir ularning 30 mingdan ko‘prog‘iga mablag‘ ajratildi.
Bank zamonaviy uy-joylar qurish jarayonida o‘z mablag‘lari bilan faol ishtirok etmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 21-oktabrdagi “2017-2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu borada yangi bosqichni boshlab berdi.
Dasturda 2017-yilda 15 mingta yangi arzon uy va kvartira qurish nazarda tutilgan. Uning 5 ming 625 tasini “Qishloq qurilish bank” moliyalashtirmoqda. Mazkur uy-joylarni barpo etishda xorijiy investitsiyalarni jalb etish choralari ko‘rilmoqda. Osiyo taraqqiyot banki va Islom taraqqiyot banki bilan uzoq muddatli hamkorlik bo‘yicha shartnoma imzolangan. Kuvayt arab iqtisodiy rivojlanish jamg‘armasi mablag‘larini jalb etish borasida kelishuvlar olib borilmoqda.
Matbuot anjumanida bank faoliyatidagi yangiliklar, aholiga ajratilayotgan imtiyozli sarmoyalar, yuridik va jismoniy shaxslar murojaatlari bilan ishlash va boshqa dolzarb masalalar yuzasidan savollarga javob berildi.