O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Ichki ishlar organlari yong‘in xavfsizligi bo‘linmalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

2017-05-24 | Hujjatlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda izchil amalga oshirilgan kompleks chora-tadbirlar natijasida aholi hayoti va sog‘lig‘i, davlat mulki, jismoniy va yuridik shaxslar mulkining ishonchli himoyasini ta’minlaydigan yaxlit yong‘in xavfsizligi tizimi shakllantirildi. 

Lekin yong‘in xavfsizligi sohasida qabul qilingan qonun hujjatlariga qaramay, bugungi kunda mamlakatimizda aholi, tadbirkorlar, davlat organlarining yong‘inlarning oldini olish va ularni bartaraf etish masalalariga tegishli munosabat shakllanmadi, shu bilan birga, ichki ishlar organlarining yong‘in xavfsizligini ta’minlash sohasidagi nazorat faoliyatining shakl va usullari zamon talablariga javob bermaydi. Xususan, quyidagilar bu boradagi tizimli kamchiliklar sirasiga kiradi: 

yong‘in xavfsizligi inspektorlarining o‘z funksional majburiyatlarini lozim darajada bajarmayotgani, malakasiz xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yayotgan holatlari kuzatilmoqda, ushbu lavozimlarga tegishli oliy ma’lumoti yo‘q xodimlarni qabul qilish tizimi paydo bo‘lgani, inspektorlar aholi, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari bilan to‘laqonli hamkorlik qilmayotgani bunga sabab bo‘lmoqda; 

tizimga, shu jumladan, shoshilinch xizmatlar bilan hamkorlik qilish va yong‘in o‘chirish bo‘linmalarining kuchlari va vositalarini boshqarish sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish ishlari talab darajasida yo‘lga qo‘yilmagan. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-aprelda qabul qilingan “Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashda ularning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq hamda barcha darajadagi bo‘g‘inlarning yong‘in xavfsizligini ta’minlash faoliyatini takomillashtirish maqsadida: 

1. Yong‘in xavfsizligini ta’minlash samaradorligini oshirishdagi quyidagi asosiy yo‘nalishlar ijrosini ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va uning hududiy bo‘linmalarining eng muhim vazifasi deb hisoblansin: 

birinchidan, yong‘inlar profilaktikasining ilg‘or shakl va usullarini joriy etish va ulardan samarali foydalanish orqali yong‘in xavfsizligi xizmati tizimini takomillashtirish, har bir inspektor o‘z xizmat majburiyatlarini “Yong‘in xavfsizligini ta’minlash – eng ustuvor vazifa” tamoyili asosida so‘zsiz bajarishini ta’minlash; 

ikkinchidan, Davlat yong‘in xavfsizligi xizmati (keyingi o‘rinlarda – DYoXX) bo‘linmalarining yong‘in nazorati va yong‘in profilaktikasini amalga oshirish bo‘yicha faoliyatini tashkil etishning yong‘in xavfsizligi inspektorlarining asosiy vazifa va funksiyalarini aniq belgilash va taqsimlashni nazarda tutadigan sifat jihatdan yangi tartibni o‘rnatish; 

uchinchidan, aholi bilan yaqindan ishlash, davlat organlari, tadbirkorlik subyektlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorlik qilish orqali yong‘in xavfsizligini ta’minlash tizimiga ishonchni oshirish; 

to‘rtinchidan, yong‘in o‘chirish kuchlari va vositalarini boshqarish, shuningdek, yong‘inga qarshi nazorat faoliyati sohasiga zamonaviy ilmiy-texnika yutuqlari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish; 

beshinchidan, yong‘in xavfsizligi bo‘linmalarining kadrlar salohiyatini yaxshilash, xodimlarning kasb tayyorgarligi va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, sohada xalqaro hamkorlikni kengaytirish; 

oltinchidan, DYoXX shaxsiy tarkibida yuksak xizmat intizomini ta’minlash, uni moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy-huquqiy muhofaza qilish orqali samarali xizmat qilish uchun sharoitlar yaratish. 

2. Qayd etilsinki, O‘zbekiston Respublikasining “Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari zimmasiga ularga qarashli obyekt va hududlarda yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklatilgan. 

Yuqorida ko‘rsatilgan mansabdor shaxslar har chorakda yong‘in xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha yig‘ilishlar o‘tkazishi, ular doirasida o‘ziga qarashli obyekt va hududlarning yong‘inga qarshi holatini tanqidiy tahlil qilib borishi shartligi belgilab qo‘yilsin. 

3. Belgilansinki: 

DYoXX O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tizimida yagona davlat yong‘in nazorati organi hisoblanadi; 

DYoXXning davlat yong‘in nazoratini amalga oshiruvchi mansabdor shaxslari yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilishini nazorat qilish bo‘yicha tadbirlarni o‘tkazishda o‘z majburiyatlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun shaxsan javobgardir. 

4. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining quyidagi takliflari ma’qullansin: 

tuman (shahar) va obyektlar yong‘in xavfsizligi bo‘limlari (bo‘linmalari)da davlat yong‘in nazoratini va yong‘inlar profilaktikasini amalga oshirish bo‘yicha mustaqil bo‘linmalar (guruhlar) tashkil etish va yong‘in xavfsizligi inspektorlari lavozimlarini yong‘in o‘chirish bo‘linmalari tarkibidan chiqarish to‘g‘risida; 

yong‘in xavfsizligi inspektorlarining javobgarligini oshirish maqsadida ularning har biriga xizmat hududi doirasida muayyan sektorni biriktirish to‘g‘risida; 

DYoXX yong‘in texnikasi parki va maxsus jihozlarini uzluksiz yangilash maqsadida har yili 38 ta asosiy yong‘inni o‘chirish avtomobili, strelasining uzunligi 35 metrgacha bo‘lgan 6 ta yong‘in avtonarvoni, 1000 ta yong‘inni o‘chirish yenglari komplekti, nafas olish a’zolarini himoya qiladigan 300 ta apparat va boshqa yong‘in-texnika mulkini xarid qilish to‘g‘risida; 

DYoXX texnika xizmatining hududiy bo‘linmalariga jismoniy va yuridik shaxslarning maxsus texnikasi va jihozlariga texnik xizmat ko‘rsatish, ta’mirlash va diagnostika xizmatlari ko‘rsatish huquqini berish to‘g‘risida. 

5. Quyidagilar: 

o‘ta muhim davlat ahamiyatiga molik yoki yong‘in va portlash xavfi yuqori bo‘lgan obyektlardagi yong‘in xavfsizligi boshqarmalari (bo‘limlari, bo‘linmalari) namunaviy tuzilmalari 8, 9, 10-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin. 

O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziriga: 

Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda shartnoma asosida xizmat ko‘rsatishdan tushgan mablag‘lar hisobidan ichki ishlar organlari yong‘in xavfsizligi bo‘linmalari xodimlarining qo‘shimcha shtat birliklarini kiritish; 

DYoXXning shartnoma asosida xizmat ko‘rsatishdan tushgan mablag‘lar hisobidan ta’minlanadigan bo‘linmalarning tuzilmasi va shtat birliklariga o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin. 

6. Haftaning har chorshanba kuni “Yong‘inlar profilaktikasi kuni” deb belgilansin va DYoXXga quyidagi vazifalar yuklansin: 

aholi, tashkilotlar va ta’lim muassasalari o‘rtasida yong‘in xavfsizligi chora-tadbirlariga rioya etish to‘g‘risida keng tushuntirish ishlari olib borish, yong‘inlarning oldini olish va muvaffaqiyatli bartaraf etish tadbirlariga jamoatchilikni keng jalb qilish; 

mahalla faollari bilan birgalikda uyma-uy yurib, tushuntirish ishlarini amalga oshirish, ularning yakunida yong‘inga qarshi holat bo‘yicha aniqlangan kamchiliklarni fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida muhokama qilish; 

barcha darajadagi hokimlar bilan birgalikda sodir bo‘lgan yirik va o‘ziga hos xususiyatli yong‘inlarning sabablarini, yong‘in vujudga kelishiga olib kelgan shart-sharoitlarni hamda tegishli hududlardagi obyektlarning yong‘inga qarshi holatini chuqur va tanqidiy tahlil qilishni tashkil etish, uning yakunida yong‘inning oldini olish va uni bartaraf etish uchun sharoitlar yaratishga qaratilgan “Yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish va tasdiqlash; 

o‘ta muhim davlat ahamiyatiga molik yoki yong‘in va portlash xavfi yuqori bo‘lgan obyektlarda yong‘in xavfsizligini mustahkamlash, ularning rahbarlari bilan yong‘in-taktik o‘quv va mashg‘ulotlar, tushuntirish ishlarini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish; 

ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, internet tarmog‘ida yong‘inlar, ularning sabablari hamda yong‘inlarning oldini olish va yong‘in sodir bo‘lganda qanday harakat qilish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yoritish; 

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan kelishilgan holda muayyan markaziy va viloyat telekanallarida yong‘in bilan bog‘liq voqealarni, ularning vujudga kelish sabablari va shart-sharoitlarini yoritishga bag‘ishlangan maxsus axborot ko‘rsatuvi, shuningdek, voqealarni yoritish guruhlari tomonidan tayyorlanadigan yong‘in sodir bo‘lgan joylardan ularni bartaraf etish bo‘yicha tezkor reportajlarni efirga uzatish. 

7. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar hokimliklari huzurida yong‘in xavfsizligi bo‘yicha komissiyalar tashkil etilsin va quyidagilar ularning asosiy vazifalari etib belgilansin: 

yong‘in xavfsizligini ta’minlash, yong‘in kelib chiqishi sabablari va sharoitlarini aniqlash, ularni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish; 

tasdiqlanadigan reja-jadvallarga muvofiq tizimli asosda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari raislari ishtirokida mahallalar hududida yong‘inga qarshi mashqlar o‘tkazish, bunda yong‘inni o‘chirish avtomobillari o‘tish yo‘llari va suv manbalari holatini o‘rganish; 

davlat organlari, tadbirkorlik subyektlari va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining yong‘inlar profilaktikasi sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish; 

sohada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni baholash va monitoring qilish, ularning samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish; 

qishloq joylar va olis aholi punktlarida ko‘ngilli yong‘in o‘chirish bo‘linmalarini tashkil etishga ko‘maklashish, ularni moddiy va ijtimoiy rag‘batlantirish. 

Belgilab qo‘yilsinki: 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, shahar va tumanlar hokimlarining o‘rinbosarlari tegishlicha yong‘in xavfsizligi bo‘yicha komissiyalar raislari hisoblanadi; 

komissiya tarkibiga hududiy yong‘in xavfsizligi boshqarmalari (bo‘limlari, bo‘linmalari), davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, jamoat tashkilotlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari rahbarlari kiradi; 

komissiya majlislari har chorakda kamida bir marta, shuningdek, yong‘in xavfsizligi sohasidagi vaziyatdan kelib chiqib o‘tkaziladi; 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi komissiyalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi; 

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi axborot-tahlil va boshqa materiallarni tayyorlash, umumlashtirish va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish uchun mas’ul ishchi organ hisoblanadi. 

8. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga (A.Aripov): 

bir oy muddatda Davlat yong‘in xavfsizligi xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi yong‘in xavfsizligi bo‘yicha komissiyalar to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlasin;

ikki oy muddatda DYoXXni maxsus yong‘in-texnika va tadqiqot uskunalari, aloqa vositalari va xizmat kiyimi bilan bosqichma-bosqich ta’minlash, yong‘in xavfsizligi bo‘linmalari bino va inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlashni nazarda tutadigan kompleks dasturlarni tasdiqlasin; 

ikki oy muddatda korxonalar, shu jumladan, bozor va yirik savdo majmualarining yong‘inga qarshi holati uchun mas’ul shtatda turuvchi va shtatdan tashqari mansabdor shaxslarining faoliyatini tashkil etish va moddiy rag‘batlantirish, shuningdek, ushbu obyektlarning yong‘indan himoya tizimlari va vositalarini belgilangan talablarga muvofiq holatga keltirish tizimini tanqidiy qayta ko‘rib chiqsin va samarali mexanizmini yaratsin; 

uch oy muddatda yong‘in xavfsizligi inspektorlari, shuningdek, yuksak kasb mahorati namoyish etayotgan, yong‘inlarning oldini olishga va o‘chirishga salmoqli hissa qo‘shayotgan yong‘in o‘chirish bo‘linmalarining oddiy xodimlari tarkibi va xizmatchilarini moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin; 

uch oy muddatda ko‘ngilli yong‘indan saqlash xizmati bo‘linmalari va yosh yong‘in o‘chiruvchilar drujinalarini tashkil etish va faoliyatini ta’minlash masalalarini ko‘zda tutuvchi me’yoriy-huquqiy hujjatlar ijrosini ta’minlasin; 

2017-yilning 1-sentabriga qadar Yong‘in o‘chirish kuch va vositalarini boshqarish va muvofiqlashtirish markazlari, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa markazlari faoliyatini samarali tashkil etishga qaratilgan chora-tadbirlar kompleksini tasdiqlasin. 

9. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga (A.Ramatov): 

ikki oy muddatda 11-ilovada keltirilgan ro‘yxat bo‘yicha yong‘in-texnika mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan davlat unitar korxonasini tashkil etish masalasi ko‘rib chiqilsin va tegishli takliflar kiritilsin; 

O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi (B.Zokirov) bilan birgalikda bino, inshoot va boshqa obyektlarni loyihalashtirish va qurishda zamonaviy yong‘inga qarshi himoya texnik vositalari qo‘llanishi ta’minlansin. 

10. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (U.Rozuqulov) ikki oy muddatda yong‘in xavfsizligi bo‘linmalarining avtomobillar va boshqa maxsus texnika bilan manzilli ta’minlanishi, shuningdek, yirik ishlab chiqarish korxonalari va savdo majmualari (bozorlar) tomonidan mamlakatimizda ishlab chiqarilgan yong‘in avtotexnikasi va jihozlari xarid qilinishini ko‘zda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini tasdiqlash uchun kiritsin. 

11. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga (A.Azizov): 

a) O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (X.Mirzohidov) va “O‘zbekkino” milliy agentligi (O.Musayev) bilan birgalikda har chorakda markaziy va hududiy telekanallarda: 

mavzuga doir ko‘rsatuvlar, yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilishini ta’minlamayotgan korxonalar va ularning rahbarlari tanqid qilingan reportajlar, hududiy yong‘in xavfsizligi bo‘yicha komissiyalar raislari, yong‘in xavfsizligi organlari vakillari, sohadagi qonun hujjatlari buzilishiga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarning bevosita ishtirokida dolzarb masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan tematik ko‘rsatuvlar, jumladan, “tok-shou”lar; 

aholining yong‘in sodir bo‘lganda qanday harakat qilishi hamda yong‘inlarning oldini olish masalalari to‘g‘risida ma’lumot beruvchi videolavhalar va hujjatli filmlar uzatilishini ta’minlasin; 

b) O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (M.Hazratqulov) bilan birgalikda bosma ommaviy axborot vositalarida yong‘in xavfsizligi sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, o‘tkazilgan tekshiruvlar natijalari, aniqlangan yong‘in xavfsizligi talablari buzilishi holatlarini yong‘inga yo‘l qo‘ygan shaxslarni ko‘rsatgan holda yoritilishini tashkil etsin. 

12. Belgilab qo‘yilsinki: 

DYoXX boshqaruv organlari va bo‘linmalarini moliyaviy va moddiy-texnik ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi, tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomalar asosida tashkil etiladigan bo‘linmalar bundan mustasno; 

tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomalar asosida tashkil etilgan DYoXX bo‘linmalari shu tashkilotlarning mablag‘lari hisobidan ta’minlanadi; 

DYoXX bo‘linmalari faoliyatini moliyalashtirish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda DYoXX xarajatlar smetasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi, shartnomalar asosida tashkil etilgan bo‘linmalar bundan mustasno. 

13. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (A.Azizov): 

ikki hafta muddatda DYoXX bo‘linmalarining shtat jadvali, 2017-2025-yillarda ofitserlar tarkibi lavozimlarini to‘ldirish reja-jadvallarini tasdiqlasin; 

ikki oy muddatda yong‘in xavfsizligi inspektorlariga malaka talablari va ularning kasb layoqatini baholashning reyting tizimini ishlab chiqsin va tasdiqlasin; 

ikki oy muddatda “Yong‘indagi jasorat uchun” va “Yong‘indan saqlash xizmati a’lochisi” idoraviy ko‘krak nishonlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin; 

ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar bo‘yicha takliflar kiritsin. 

14. Moliya vazirligi (B.Xo‘jayev) Ichki ishlar vazirligi (A.Azizov) bilan birgalikda 2018-yilga mo‘ljallangan Davlat byudjeti parametrlarini ishlab chiqishda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining yig‘ma xarajatlar smetasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritgan holda DYoXXning 2018-yilgi xarajatlar smetasini tasdiqlash va ro‘yxatga olishni nazarda tutsin. 

15. Ichki ishlar vazirligi (A.Azizov) Mehnat vazirligi (A.Abduhakimov) va Moliya vazirligi (B.Xo‘jayev) bilan birgalikda ikki oy muddatda xorij tajribasini o‘rganish asosida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga DYoXX kasbiylashtirilgan qismlari xizmatchilari alohida lavozimlarining umumbelgilangan pensiya yoshini kamaytirish to‘g‘risida asoslangan takliflar kiritsin. 

16. O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmayotgan va ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha chetdan olib kelinadigan asbob-uskunalar, texnika, aloqa tizimlari va vositalari, dasturiy mahsulotlar va boshqa moddiy-texnik vositalar 2025-yilning 1-yanvariga qadar bojxona to‘lovlaridan ozod qilinsin (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlari bundan mustasno). 

17. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi O.B.Murodov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V.Mahmudov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.J.Ramatov, O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri A.A.Azizov zimmasiga yuklansin. 


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                     Sh.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2017-yil 23-may
 

* * * 


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Ichki ishlar organlarining yong‘in xavfsizligi bo‘linmalari faoliyatini tubdan takomillashtirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. 

Ushbu hujjatga muvofiq yong‘in xavfsizligini barcha darajada ta’minlashga doir faoliyatni takomillashtirish maqsadida: 

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek, joylardagi davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari zimmasiga ularga qarashli obyektlar va hududlarda yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etish bo‘yicha shaxsiy javobgarlik yuklatildi; 

yuqorida qayd etilgan mansabdor shaxslar har chorakda o‘zlariga qarashli obyekt va hududlardagi yong‘inga qarshi holatni tanqidiy tahlil qilishi zarurligi belgilandi. 

Qarorda haftaning har chorshanba kuni "Yong‘inlar profilaktikasi kuni" deb belgilandi va Davlat yong‘in xavfsizligi xizmatiga quyidagi asosiy vazifalar yuklandi: 

barcha darajadagi hokimlar bilan birgalikda yuz bergan katta yong‘inlar sabablari va ularning paydo bo‘lishiga olib kelgan sharoitlarni chuqur va tanqidiy tahlil qilish va ushbu tahlil yakunlari bo‘yicha yong‘inlarning oldini olishga qaratilgan "Yo‘l xaritalari" tasdiqlanadi; 

davlat ahamiyatiga ega alohida obyektlarda yong‘in xavfsizligini mustahkamlash, shuningdek, yong‘in-taktik o‘quv mashg‘ulotlar va ushbu obyektlar rahbarlari o‘rtasida tushuntirish ishlarini tashkil etishga doir kompleks tadbirlar o‘tkazish; 

markaziy va viloyat telekanallarida yong‘inlar bilan bog‘liq hodisalarni yoritish bo‘yicha maxsus axborot ko‘rsatuvlarini, shuningdek, yong‘in sodir bo‘lgan joylardan va ularni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida tezkor reportajlar tayyorlab efirga uzatish. 

Mazkur qarorga binoan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri, shahar va tumanlar hokimliklari huzurida yong‘in xavfsizligi bo‘yicha komissiyalar tashkil etilishini alohida ta’kidlash zarur. 

Yong‘in xavfsizligini ta’minlash, yong‘in sodir bo‘lishiga olib keladigan sabab va sharoitlarni aniqlash va bartaraf etish, yong‘inlarning oldini olish sohasida davlat organlari, tadbirkorlik subyektlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, qishloq joylarda va olis aholi punktlarida ko‘ngilli yong‘in bo‘linmalarini tashkil qilishga ko‘maklashish va ularni moddiy va ijtimoiy rag‘batlantirish komissiyalarning asosiy vazifalari hisoblanadi.

Поделиться