O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekistonlik futzalchilar chorak finalga yo‘llanma oldi
2017-05-23 | Sport
Tailandda futzal bo‘yicha yigirma yoshgacha bo‘lgan yoshlardan iborat terma jamoalar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi guruhda birinchi o‘rinni egallab, chorak finalga yo‘llanma oldi.
"S" guruhidagi bahslarda qatnashgan futzalchilarimiz dastlabki uchrashuvda myanmalik tengdoshlarini 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Gonkong yoshlariga qarshi kechgan bahsda futzalchilarimiz 8:2 hisobida g‘alaba qozondi. Livan terma jamoasi bilan kechgan keskin va murosasiz uchrashuvda 4:4 hisobida durang o‘ynadi.
Guruhdagi so‘nggi uchrashuvni futzalchilarimiz qatarlik tengdoshlariga qarshi o‘tkazib, 7:4 hisobida zafar quchdi. Qatarliklar darvozasiga Akbar Usmonov to‘rtta, Xushnur Erkinov, Botirbek Rizayev va Ravshan Ismatullayev bittadan to‘p kiritib, terma jamoamizning g‘alabasini ta’minladi.
Terma jamoamiz a’zolari 10 ochko bilan guruh peshqadami sifatida chorak finalga yo‘l oldi. Yoshlarimiz chorak finalda Mo‘g‘uliston yoshlar terma jamoasi bilan bahslashadi. Shuningdek, Indoneziya, Tailand, Eron, Livan, Iroq va Yaponiya yoshlar terma jamoalari ham chorak finalga chiqdi.