O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi: parlamentlararo hamkorlik mustahkamlanmoqda
2017-05-22 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi parlamentlararo hamkorligiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari, Yevropa parlamenti deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va boshqa idoralar vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari S.Otamurodov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi A.Jalilov, Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi A.Saidov va boshqalar O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlik barcha jabhalar qatori parlamentarizm sohasida ham izchil rivojlanayotganini ta’kidladi. Bunday hamkorlik ijtimoiy hayotning turli sohalarida muloqotni chuqurlashtirish, amaliy hamkorlikni rivojlantirish va tajriba almashishdan tomonlar manfaatdorligiga asoslangan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Yevropa parlamenti o‘rtasidagi aloqalar O‘zbekiston Respublikasi bilan Yevropa hamjamiyati hamda unga a’zo davlatlar o‘rtasida Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim asosida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, mazkur hujjatda parlament darajasidagi siyosiy muloqotlar Parlament hamkorligi qo‘mitasi doirasida amalga oshirilishi qayd etilgan.
Ushbu bitim kuchga kirgandan so‘ng, ya’ni 1999-yil 1-iyuldan buyon faoliyat ko‘rsatib kelayotgan “O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi” parlament hamkorligi qo‘mitasi Oliy Majlis hamda Yevroparlament hamkorligini va umuman, O‘zbekiston – Yevropa munosabatlarini faollashtirishda muhim mexanizmga aylandi. “O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi” parlament hamkorligi qo‘mitasi mamlakatimizning turli darajadagi tashabbuslarini Yevropa parlamenti va Yevropa Ittifoqida ilgari surishda muhim omil bo‘lmoqda.
Yevropa parlamenti deputatlari Parlament hamkorligi qo‘mitasi orqali O‘zbekistonda siyosiy va iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida xabardor qilinmoqda. Shuningdek, Qo‘mita O‘zbekiston parlamenti va Yevroparlament tomonidan tashkil etilayotgan turli xalqaro tadbirlarni o‘tkazishda ko‘maklashmoqda.
Davra suhbatida Oliy Majlis va Yevroparlamentning parlamentlararo munosabatlarini yanada rivojlantirish, O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish, shuningdek, taraqqiyotga ko‘maklashishda “O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi” hamkorligi masalalari muhokama qilindi.
Tadbir ishtirokchilari e’tiboriga O‘zbekistonda demokratik davlat qurish borasida amalga oshirilayotgan manzilli islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi taqdim etildi. Mamlakatimizning iqtisodiyotni yanada erkinlashtirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish sohasidagi pozitsiyalari, shuningdek, har tomonlama puxta o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida so‘zlab berildi.
Yevropa parlamenti a’zolariga O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sish sur’atlari, tuzilmasi va salohiyati, mamlakatimizda biznes yuritish uchun yaratilgan huquqiy kafolatlar, yalpi ichki mahsulotda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik ulushining ortayotgani haqida ham ma’lumot berildi.
Yevroparlament deputatlari ham, o‘z navbatida, Yevropa davlatlarida ro‘y berayotgan siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar xususida axborot berdi va o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Ular O‘zbekistonda turli sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini ijobiy baholab, Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishda O‘zbekiston alohida o‘rin tutishini ta’kidladi. O‘zbekistonni yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va unda belgilangan vazifalar, birinchi navbatda, fuqarolar manfaatlarini ta’minlash imkonini beradigan vazifalarga yuksak baho berildi.
– So‘nggi yillarda Yevroparlament va O‘zbekiston hamkorligi yanada mustahkamlanmoqda, – deydi Ruminiyaning Yevropa parlamentidagi deputati, Xalqaro savdo qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Yuliyu Vinkler. – O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi bilan atroflicha tanishdik. Shuni ta’kidlash kerakki, mazkur hujjatda belgilangan ustuvor yo‘nalishlar Yevropa Ittifoqi uchun ham g‘oyat dolzarbdir. Xususan, bu iqtisodiyotni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari tashkil qilish hisobidan aholi bandligini ta’minlash bilan bog‘liq masalalardir. Jamiyat, xalq, shu jumladan oddiy fuqarolar, turli millat vakillari bilan muloqot kabi muhim jihatlarga taalluqlidir. Harakatlar strategiyasida ushbu muhim masalalar ijrosi ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilangani Yevropa Ittifoqi tomonidan yuksak baholanmoqda. Delegatsiyamiz O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan va sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgan islohotlar bilan ham tanishdi. Mazkur islohotlar samaradorligini yuqori baholash barobarida ularning aniq natijalarga erishishga qaratilganini ham ta’kidlash zarur.
Yevropa parlamenti deputatlari Yevroparlament va Oliy Majlisning, jumladan, “O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi” parlament hamkorligi qo‘mitasi doirasidagi parlamentlararo munosabatlari samaradorligini oshirish zarurligi to‘g‘risida O‘zbekiston parlamenti a’zolarining fikrini qo‘llab-quvvatladi.
– Biz O‘zbekistonning jumladan, parlament va boshqa turli tashkilotlar faoliyatida ishtirok etish orqali Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholaymiz, – deydi Yevropa parlamentining Markaziy Osiyo mamlakatlari va Mo‘g‘uliston bilan aloqalar delegatsiyasi, Transport va turizm qo‘mitasi a’zosi Ismoil Ertug‘. – Axborot almashish bizga hamkorlik va muloqotni mintaqa darajasida mustahkamlash imkonini beradi. Bu jarayonda parlament faoliyati muhim o‘rin tutadi. Bugungi tadbirda taqdim qilingan Harakatlar strategiyasining ustuvor yo‘nalishlari O‘zbekistonda bu borada keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganidan dalolat beradi. O‘zbekiston parlamenti bilan hamkorlik biz uchun muhim va ustuvor yo‘nalish hisoblanadi.
Davra suhbatida muhokama natijalari bo‘yicha parlamentlararo hamkorlikni yanada faollashtirish, qonun ijodkorligi sohasida o‘zaro tajriba almashish, shuningdek, xalqaro tadbirlarni hamkorlikda o‘tkazish yuzasidan takliflar ishlab chiqildi.
Yevropa parlamenti delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida ham uchrashuv o‘tkazdi.