O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Mamlakatlarimiz taraqqiyotiga yo‘naltirilgan dadil qadamlar
2017-05-20 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga amaliy tashrifi davomida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan istiqbolli kelishuvlarga erishildi.
Ikki mamlakat vazirlik va idoralari o‘rtasida neft-gaz, energeteka, fan-ta’lim, ekologiya, transport-logistika, turizm va sport sohalaridagi aloqalarni izchil rivojlantirishga qaratilgan qator hujjatlar imzolandi.
Tanzila Norboyeva, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi:
- Bo‘lib o‘tgan muzokaralarda O‘zbekiston-Turkmaniston munosabatlariga doir keng ko‘lamli masalalar muhokama qilindi. Muloqotlar yakunida imzolangan hujjatlar hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga, xalqlarimiz manfaatiga xizmat qiladi.
Mamlakatlarimiz sayyohlik sohasida ulkan imkoniyatlarga ega ekani ta’kidlandi. O‘zbekistonga kelgan sayyoh Turkmaniston, Turkmanistonga borgan sayyoh O‘zbekiston orqali ketishini yo‘lga qo‘yish ikki tomon uchun ham manfaatlidir.
Ikki davlat Prezidentlarining may oyi boshida bo‘lgan telefon orqali muloqotda Turkmaniston Prezidenti davlatimiz rahbariga Kaspiy dengizi sohilidagi bolalar sog‘lomlashtirish markazlari o‘zbekistonlik bolalarni qabul qilishga tayyor ekanini bildirgan edi. Ana shu taklifga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlaridan 100 nafar bola “Dayanch” bolalar sog‘lomlashtirish markazida dam olmoqda.
“Avaza”da yoshlar uchun sayohatlar, musiqiy va sport tadbirlari, yengil atletika va suzish bo‘yicha musobaqalar, ijodiy tanlovlar, yosh bilimdonlar o‘rtasida viktorina va bellashuvlar, badiiy kechalar tashkil etilmoqda. O‘zbekistondan kelgan bolalar turkmanistonlik tengdoshlari bilan do‘stlashmoqda. Bu ham xalqlarimiz o‘rtasidagi qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Rustam Qurbonov, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi raisi:
- O‘zbekiston va Turkmaniston rahbarlarining Turkmanboshi shahridagi uchrashuvi doirasida mamlakatlarimiz o‘rtasida jismoniy tarbiya va sport sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, bu boradagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, o‘zaro tajriba almashish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.
Joriy yil sentabr oyida Ashxobodda bo‘ladigan Jang san’ati va yopiq inshootlardagi V Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilarining faol ishtirokini ta’minlash va hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma imzolandi.
Davlatimiz rahbarining Turkmanistonga tashrifi davomida mazkur sport o‘yinlariga tayyorgarlik ishlari bilan yaqindan tanishish imkoni yaratildi. Zamonaviy sport inshootlari ishtirokchilarning munosib qatnashishida muhim omil bo‘ladi. Musobaqa nizomiga ko‘ra, sport o‘yinlari 21 sport turi bo‘yicha o‘tkaziladi.
Mamlakatimizda bu musobaqaga tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilgan. Ishonamizki, sportchilarimiz mazkur musobaqada munosib ishtirok etadi va davlatimiz bayrog‘ini baland ko‘taradi.
Gurbannazar Orazguliyev, Turkmanistonning “Diyor” jurnali bosh muharriri:
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 6-7-mart kunlari Turkmanistonga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston qo‘shni mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik qilishini namoyon etdi. Shavkat Mirziyoyevning Turkmanboshi shahriga tashrifi O‘zbekiston tashqi siyosatda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlariga alohida ahamiyat qaratayotganini yana bir bor tasdiqladi.
O‘zbek va turkman xalqlarining tarixi va madaniyati mushtarak, urf-odat va an’analari o‘xshash. Ikki mamlakat madaniyat va san’at namoyandalari, sportchilari O‘zbekiston va Turkmanistonda o‘tkaziladigan konsertlar, festival va ko‘rgazmalar, sport musobaqalarida faol ishtirok etmoqda. 2016-yil sentabr oyida Turkmanistonda o‘zbek kinosi kunlari, noyabrda O‘zbekistonda Turkmaniston madaniyati kunlari o‘tkazildi.
Turkmanobodda zamonamizning buyuk siyosatchisi, ulug‘ davlat arbobi Islom Karimov haykalining o‘rnatilgani va shaharning markaziy ko‘chalaridan biriga nomi berilgani xalqlarimiz do‘stligiga yorqin misoldir. Kuni kecha Toshkentda buyuk shoir Maxtumquli haykali va shoir nomidagi ko‘cha ochilgani to‘g‘risidagi xushxabarTurkmanistonda katta shodlik bilan kutib olindi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga amaliy tashrifi va uning doirasida imzolangan hujjatlar, bo‘lib o‘tgan madaniy tadbirlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik yaxshi qo‘shnichilik va qardoshlik tamoyillari asosida izchil rivojlanib borayotganini yaqqol namoyon etdi.
Rahmonbek Usmonov, Toshkent shahar hokimi:
- Mamlakatlarimiz o‘rtasida barcha sohalar qatori hududlarning o‘zaro hamkorligi ham rivojlanib, yuksak samaralar bermoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga amaliy tashrifi davomida Toshkent va Ashxobod shaharlari o‘rtasida birodarlik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Bu Toshkent va Ashxobod shaharlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantiradi.
Savdo-iqtisodiy sohadagi hamkorlikni kengaytirishga ikki mamlakat ham alohida e’tibor bilan qaramoqda. Bu o‘zaro savdo-sotiq faollashayotgani misolida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Turkmanistonda olib borilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdik. Bu borada o‘zaro tajriba almashdik. Bu ikki tomon uchun ham foydalidir.