O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Prezidenti Turkmanistonga keldi
2017-05-20 | Siyosat
Turkmanboshi, 19-may. O‘zA maxsus muxbiri Abu Bakir O‘rozov xabar qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan 19-may kuni amaliy tashrif bilan Turkmanistonga keldi.
Turkmanboshi xalqaro aeroportida oliy martabali mehmon sharafiga O‘zbekiston va Turkmaniston davlat bayroqlari ko‘tarildi, faxriy qorovul saf tortdi.
Turkmanboshi shahrida o‘tadigan uchrashuv va muzokaralar Prezidentimizning joriy yil 6-7-mart kunlari Turkmanistonga davlat tashrifi doirasida o‘tgan oliy darajadagi muloqotning mantiqiy davomi bo‘lib, ularda mamlakatlarimiz o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikka doir dolzarb masalalar muhokama qilinadi, mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashiladi.
Ikki davlat Prezidentlarining muzokaralari yakunida turli sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan hukumatlararo, idoralararo va boshqa qator hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan. Mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasida o‘zaro manfaatli tijorat shartnoma va bitimlar imzolanishi kutilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev "Avaza" milliy sayyohlik zonasining "Kamalak" bolalar ko‘ngilochar bog‘ida o‘zbekistonlik bolalar bilan uchrashdi.
Joriy yilning may oyi boshida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bilan Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning telefon orqali muloqotida Turkmaniston Prezidenti Kaspiy sohilidagi bolalar sog‘lomlashtirish markazlari o‘zbekistonlik bolalarni qabul qilishga tayyorligini bildirgan edi.
Ushbu taklifga binoan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlaridan 100 nafar bola “Dayanch” bolalar sog‘lomlashtirish markaziga yuborildi. Shavkat Mirziyoyev bolalar bilan dam olish taassurotlari, turkmanistonlik tengdoshlari bilan do‘stlik munosabatlari to‘g‘risida suhbatlashdi, sog‘lomlashtirish markazida yaratilgan sharoitlar bilan qiziqdi. Bolalarga sovg‘alar berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga amaliy tashrifi davom etmoqda.
Manba: O'zA